Diqqat! Veb-sayt test rejimida ishlamoqda

Belbog'siz pahlavonlar

11.1.2024 537

Sardor SA’DULLAYEV

Akam biqinimdan turtadi: “Bor, belbog‘ingni olib kel. Belbog‘siz pahlavonlar kurashga tushmaydi”. Shoshganimcha, uyga yuguraman. Xayolimda tengqurlarimdan bir nechasining kuragini yerga tekkizaman, ayrimlariga kuchim yetmasligini bilsam-da buni tan olgim kelmaydi.

“Oyi, belbog‘im qayerda, kurashga tushmoqchiman”! Harxasha qilganimcha oyimga belbog‘imni toptirib, maydonga intilaman. Men kurash tushmoqchiman, men mard bo‘lmoqchiman. Mardlik. U nima o‘zi?!

Vataningga xizmat qilish, yo‘lda og‘ir yuk ko‘tarib ketayotgan kishiga yordam berish, ota-onang rozliligini olish, sendan umidvor bo‘lganlarga eshigingni yopmaslik, lafzingda tura bilishing – bu mardlik. Uning tarifi uzun, uning yakuni yo‘q. Biroq uning boshlang‘ich nuqtasi bor. U oiladan boshlanadi. Afsuski, bugun oilaning ilk bosqichlaridanoq, ya’ni nikohda biz ta’riflagan mardlikka putur yetayotganday.

O‘zbek yig‘ganiga to‘y qiladi, yaxshi kunini hamma bilan baham ko‘rishni, dasturxon yozib, xalqqa osh tarqatishni yaxshi ko‘radi. Biroq bugungi to‘ylarimizdagi ayrim holatlar dilni xira qiladi. Shulardan biri yigitlarning g‘ururi darz ketishiga sabab bo‘luvchi odat – kelin tarafga haddan ziyod og‘irlik tashlab qo‘yish (qimmat mebellar, kuyovga bosh-oyoq kiyim, uyni to‘ldirish, bezatish va hokazo). Ayrim hududlarda to‘ydan keyin 40 kun kuyov tarafga ovqat tashish marosimlari borligi dardimizni yanada og‘irlashtiradi.

Nahotki 40 kun (1 kunda 2 mahaldan, jami 80 marotaba) mobaynida kelin tarafdan olib kelinayotgan ovqat kuyovning nafsoniyatiga tegmasa? To‘g‘ri, bu odatlarni tark etgan mard yigitlarimiz talaygina. Biroq bu ishlarni uyat sanamaydigan yigitlar-chi?! Bir qizni tug‘ilganidan to to‘yiga qadar tarbiya bergan, barcha kamchiliklarini to‘ldirgan ota-ona qizining to‘yida muammolar girdobidan holi ravishda shodumon bo‘lishga haqli emasmi?!

“Sarpo-suruq, mebel-sandiq, tog‘ora-tovoq kabi mayda masalalarda yigit taraf mard bo‘lib oxirigacha turib berishi kerak. Mayli latta-putta, parda-yostiq masalalari o‘z yo‘lida qiz tarafning xohish-istagiga ko‘ra bo‘lsin. Lekin yosh oilaga lozim shkaf, toshoyna, sandiq va javon, qo‘yingki bir oila uchun zarur bo‘lgan jihozlarni nega kelin olib kelishi kerak?! Mening fikrimcha, to‘ydagi keraksiz xarajatar, mashshoq-otarchilarga sochib yuborilayotgan pullar ikki yoshning keyingi hayot yo‘liga sarmoya sifatida kiritilsa, keyin yigit pul topgani, qarz to‘lagani shimolga ish izlab jo‘namasligining oldini olish uchun kerak bo‘lgan vazifalar, ikki taraf ishtirokida maslahatlashib bajarilsa,  maqsadga muvofiq”, deydi Abdurahmon Ergashev.

“Menga erkak kishi doimo ayoldan ustun turadi deb oʻrgatishgan. Lekin, afsuski, toʻylarda ayrim yigitlarimiz kelin tarafdan beriladigan mebel, kiyim va shu kabilarni bemalol qabul qilishadi. Yangi oila qurish arafasida turgan yigit bu oilani boshidan mustahkam qurishi uning hamma harakati-yu xarajatlarini o‘z zimmasiga olishi kerak emasmi? A, labbay? Oilada erkak ustun bo‘lishi kerak deb iddao qilayotgan ayrim yigitlar kelinning sarposida nima keldi, nimadan quruq qolganini hisob-kitob qiladiganlar bo‘lib chiqyapti (kuzatuvlarimga ko‘ra). Qani o‘sha g‘urur, oriyat, ustunlik? Bu jamiyatimiz uchun salbiy holat deb hisoblayman. Mening “oq otli shahzodam” yigitlik gʻururiga ega boʻlishini istayman”, deydi Donoxon Ro‘zimboyeva.

“Oldinlari bobolarimiz uylanayotganida, momolarimiz tarafdan hech narsa talab qilishmagani haqida eshitganman. Roziligi olingan va hech qanday ovoragarchiliklarsiz kelin olib kelingan.  Bugun ko‘p hollarda buning teskarisiga guvoh bo‘lyapmiz. Afsuski, kelin tarafdan mayda-chuyda narsasigacha oldirayotgan kuyovlar uchrayapti. Bobolarimizday yo‘l tutmoqchi bo‘lgan zakiy tengdoshlarimga kattalar tarafidan qarshilik ko‘rsatilgan vaziyatga ko‘zim tushsa, dilim xira bo‘ladi. Ochig‘ini aytsam, qaynotasining olib bergan kiyimlarida gerdayib yurish yigit g‘ururi uchun haqoratdir”, deydi Ro‘ziqul Omonqulov.

  “Kelinni kelganda ko‘r, sepini yoyganda ko‘r”, “Sepsiz kelin – epsiz kelin” kabi maqollarga qo‘shilmayman. Qancha oilani bilaman, birgina shu sep, mebel orqasidan yillardir gap talashib keladi. Ota-ona gulday qiz o‘stirib, butun borlig‘ini beryapti. Qaysidir manbada kelin taraf kuyovning uyini juhozlashi haqida o‘qimaganman. Yigit uylansa, qo‘lidan kelgancha sharoit qilsin. Juftlik uyiga zarur anjomlarni to‘ydan keyin birgalikda mehnat qilib olishi eng to‘g‘ri yo‘l. Bu holat ham qadrli, ham xotirali bo‘ladi”, deydi Nigora Asqaraliyeva.

Xulosa qilib aytadigan bo‘lsak, oilada yigitga nisbatan hurmat bo‘lishi uchun, bu hurmatni hali shakllanib ulgurmasidanoq sindirmaslik darkor. Pashshadan fil yasash niyatimiz yo‘q. Lekin ko‘rinishidan oddiyday tuyiladigan har qanday narsa yoki vaziyat xavfli bo‘lishi mumkin. Bugun biz bo‘lajak kuyovlar qaynotamizga kiyim-kechak oldirayotgan bir paytda, otasining qiynalayotganini ko‘rgan kelinning ichidan nimalar o‘tayogan bo‘lishi mumkin?!

Aksincha, bunday bo‘lmag‘ur narsalarni rad etib, qaynotasining “yuk”ini yengil qilgan kuyovlar kelin va uning oila a’zolari orasida katta hurmatga sazovor bo‘ladi. Kelin shunday mard yigit bilan turmush qurayotganidan quvonadi. Ikki tarafning bir-biridan roziligi baxtli hayotga poydevor bo‘lishi, shubhasiz…

Yugurganimcha maydonga yetib kelaman. Akamga belbog‘imni olib kelganimni aytaman. Kurashga tushishimdan oldin akam tag‘in takrorlaydi: “Unutma, belbog‘siz pahlavonlar kurashga tushmaydi”.

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring

Obuna bo`lish