Muallif: Den Braun.
Janr: detektiv, triller, ilmiy-sarguzasht.
Asosiy qahramonlar: professor Robert Lengdon, futurolog va milliarder Edmond Kirsh, Guggenxaym muzeyi direktori Ambra Vidal.
Voqealar rivoji keskin va qiziqarli, ilk sahifalardanoq o‘ziga bog‘lab oladigan, bilimlaringizni boyitadigan kitob o‘qish istagidamisiz? Javobingiz “ha” bo‘lsa, hech ikkilanmay amerikalik yozuvchi Den Braunning “Ibtido” asarini o‘qib chiqishni rejalashtiravering. Chunki loyihamizning bu galgi sonida birga o‘qish uchun ushbu kitobni tanladik.
2017-yilning 3-oktabrida “Doubleday” nashriyotida chop etilgan roman 2018-yilda “The New York times bestsellerlari” reytingida 23 haftagacha birinchi o‘rinni hech kimga bermagan. Natijada “2018-yilning eng ko‘p sotilgan va o‘qilgan badiiy sarguzasht asari” deb tan olingan. Dastlabki 2 million nusxasi qisqa vaqt ichida sotilgan va 42 ta tilga tarjima qilingan asarni 2020-yili tarjimon Orifa G‘ulomova o‘zbek tiliga o‘girdi.
Ikki boqiy savol
Roman voqealari, asosan, Barselonada, qisman BAA (Sharja) va Vengriya (Budapesht)da bo‘lib o‘tadi. Asardagi bosh qahramon Garvard universitetining semiotika bo‘yicha professori Robert Lengdon shogirdi, zamonining dahosi deb tan olingan Edmond Kirsh tomonidan Bilbao shahrida joylashgan ultra-zamonaviy Guggenxaym muzeyida bo‘lib o‘tadigan muhim anjumanda ishtirok etish uchun taklif etiladi. Ammo voqealar shu qadar keskin tus oladiki, anjumanda butun dunyoga namoyish etilishi kerak bo‘lgan taqdimot kutilmagan va dahshatli sabablar bilan barbod bo‘ladi.
Qirq yoshli milliarder, futurolog, yuqori texnologiyali ixtirolari va dadil bashoratlari bilan dunyoga mashhur Edmond Kirshga qilingan dahshatli suiqasd uni insoniyat tarixidagi ikkita asosiy va boqiy – “Biz qayerdan keldik?” va “Qayerga ketyapmiz?” savollariga topgan javoblarini butun dunyoga eʼlon qilishdan to‘xtatib qoladi. Bu javoblar qanday edi? Ularning eʼlon qilinishidan qo‘rqib, olimning joniga qasd qilganlar kim edi? Taqdimotni butun dunyoga yetkazishni iloji topiladimi? Buni asrimiz insonlari qanday qarshilashadi? Shu kabi savollarga javob topish istagi sizni 700 betlik kitobni juda oson va tez o‘qib chiqishingizga yetarlicha sabab bo‘la oladi.
Qahramonlar haqida
Asarda bilimli insonlar har qanday vaziyatdagi muammolarga yechim topa olishi, ilm qutqaruvchi kuch ekani qahramonlar misolida isbotini topadi. Edmond Kirsh timsolida esa zamonaviy dunyoning hamma imkoniyatlaridan oqilona foydalanib, olamshumul kashfiyotlarga qo‘l urgan dasturchini ko‘rish mumkin. Ammo inson qalbida alamzadalik, atrofdagilarga nisbatan nafrat tuyg‘usi yashar ekan, salbiy oqibatlardan qochib bo‘lmasligiga guvoh bo‘lamiz.
O‘z fikriga ega, keng dunyoqarashli ayol obrazini gavdalantirgan Ambra Vidal esa opa-singillarimiz uchun ko‘p jihatdan o‘rnak bo‘lishga arzigulik inson. Bundan tashqari, Ispaniya qirolligi oilasi va Ispan diniy jamiyati tevaragida bo‘lib o‘tadigan voqealar davomida Ispan shahzodasi, diniy rahnamolar, qirollik saroyining muhim vakillari, sobiq harbiylar kabi obrazlarga ham duch kelamiz.
Shu o‘rinda, barcha voqealarda faol ishtirok etuvchi sunʼiy intellekt – Uinston obrazi asar davomida insonga xos bo‘lmagan “aql salohiyati”ni namoyon etadi: u qomusiy bilim egasi, sanʼat va madaniyat bilimdoni, musiqa chaladi, asar ham yaratadi. Dasturlar orqali xohlagan tizimini boshqara oladi. “Kompyuter sabrining chegarasi yo‘q. Masalan, biror vazifani bajarishda million marta omadsizlikka uchrasam ham umuman qizishmayman. Ishtiyoqim aslo so‘nmaydi”, deydi o‘zi haqida.
Sizda kitobni o‘qib chiqish va loyihamizda ishtirok etish istagi paydo bo‘ldimi? Bu juda oson! Joriy yil 30-iyulga qadar yoshlar-ovozi@mail.ru manziliga yuqoridagi savollar javobini yo‘llang. Eng birinchi va to‘g‘ri javob yo‘llagan ishtirokchimiz, “Birga o‘qiymiz”ning navbatdagi g‘olibi deb topiladi.
SAVOLLAR:
- Romanda keltirilgan tarixiy inshoot nomlarini sanang.
- Edmond Krish ixtirosi bo‘lgan sun’iy intellektni kimning sharafiga nomlaydi?
- Siz romanda qanday yakun kutgan edingiz? O‘z fikr-mulohazalaringizni bo‘lishish sizga g‘alaba sari ustunlik berishi mumkin.
- Kirsh umri davomida kimlarni eng ko‘p tanqid ostiga olgan va nima uchun?
- Taqdimotdan oldin dahoga suiqasd uyushtirgan shaxsning o‘tmishi haqida nimalarni bilasiz?
“Kompyuter sabrining chegarasi yo‘q. Masalan, biror vazifani bajarishda million marta omadsizlikka uchrasam ham umuman qizishmayman. Ishtiyoqim aslo so‘nmaydi”
G‘olib
RAMZIDDIN – ENG TEZKOR KITOBXON
Loyihamizning avvalgi sonida Klaus Shvabning “To‘rtinchi sanoat inqilobi” kitobini birga o‘qigan edik. Loyiha doirasida eʼlon qilingan savollarga kutilganidan ko‘proq ishtirokchi javob yo‘llagani bizni quvontirdi. Ayniqsa, birinchilardan bo‘lib javob yo‘llagan ishtirokchimiz – O‘zDJTUning uchinchi bosqich talabasi – Ramzidin Abdulhoshimov hamma savollarga to‘g‘ri va to‘liq javob berdi va g‘oliblikni qo‘lga kiritdi.
Maʼlumot uchun, g‘olibimiz 2004-yil Namangan viloyatida tavallud topgan, hozir bir nechta xorijiy tillarni puxta o‘rganish bilan band. Ramziddinga omad tilab, faol ishtiroki uchun Xumora Nazarova, Sardor Nig‘matov, Mohira Fozilova, Zulayho Ilyosova va boshqa pochta manzillaridan javob yo‘llagan qatnashchilarimizga rahmat aytamiz! Zavqli va foydali mutolaa hamrohingiz bo‘lsin!