Diqqat! Veb-sayt test rejimida ishlamoqda

Vatanni qoʻriqlash sharafli burch

19.6.2024 104

Sobir TOG‘AYEV, Qashqadaryo viloyati Koson tumanidagi 38-maktab direktorining ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari

Mamlakatimizda kamol topayotgan yoshlarni Vatanga daxldorlik, ma’naviy-axloqiy, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhida ulg‘aytirish, erkin fikrlaydigan, mustahkam bilimli, jamiyatda munosib mavqeni egallash qobiliyatiga ega, mustaqil qaror qabul qilishga qodir, mamalakatimiz xalqi va  oilasi farovonligi orzusida bo‘lgan yoshlarni tarbiyalash maqsadida 2022-yilining 2-mart kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining  PQ-150-sonli “Vatan tayanchi” bolalar va o‘smirlar harbiy-vatanparvarlik harakati faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida”gi qarori qabul qilingan edi.

Ushbu qarorga muvofiq, bizning Koson tumanidagi 38-umumta’lim maktabida ham chaqiruvga qadar boshlang‘ich tayyorgarlik fani o‘qituvchisi rahbarligida tarkibi 20 nafar 10-11-sinf o‘quvchilaridan iborat bo‘lgan “Vatan tayanchi” otryadi tuzildi.

Maktabimiz tumandagi eng ilg‘or ta’lim maskanlaridan biridir. O‘quvchilarimiz tashkil etiladigan “Besh tashabbus” olimpiadasi, sport musobaqalarida nafaqat tuman,  balki viloyatda ham yuqori natijalarni egallab kelmoqda. Bitiruvchilarimiz orasida  oliy ta’lim muassasalarida tahsil olib, turli sohalardagi faoliyati bilan jamiyatimiz rivojiga hissa qo‘shib kelayotganlar ko‘pchilikni tashkil etadi. Ular safida Davlat Hasanov ham bor. U ayni paytda Mudofaa vazirligi tizimida faoliyat olib bormoqda. 

Davlat Hasanov maktabda tahsil olib yurgan paytdanoq irodalilik, chaqqonlik, jasurlik kabi fazilatlari bilan tengdoshlaridan ajralib turardi. Sportning voleybol va boks turlari bilan shug‘ullanib,  doimiy ravishda o’zini chinqtirib borar edi. 2016-yilda maktabni bitirgach o‘z yigitlik burchini ado etib, Toshkent harbiy okrugi 07984-harbiy qismida muddatli harbiy xizmatni o’tadi.

Davlat Hasanov o‘zining keng dunyoqarashi, yuksak ruhiy va ma’naviy-axloqiy fazilatlarga ega ekanligi va Qurolli Kuchlar nizomida belgilangan vazifalarni sidqidildan ado etib kelayotgani  uchun  harbiy qism boshliqlarining ishonchini qozonib, shartnoma asosida faoliyatini davom ettirib kelmoqda.

O‘tgan yillar mobaynida Davlat Hasanov bir qator yutuqlarni qo‘lga kiritdi. Jumladan, Mudofaa vazirligining III darajali, II darajali, I darajali ko‘krak nishoni, “O‘zbekiston Respublikasi Qurolli kuchlariga 30 yil” va “O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligiga 30 yil” esdalik nishonlari bilan taqdirlandi. 2021-yilda MDH davlatlari o‘rtasida tashkil etilgan “Xalqaro armiya o‘yinlari” musobaqasida o‘q otish bo‘yicha 96 ball bilan rekord natija qayd etdi.  2022-yilda  o‘tkazilgan  “Xalqaro armiya o‘yinlari” musobaqasi doirasidagi   harbiy oshpazlar musobaqasida mamlakatimiz jamoasida  u ham qatnashib, birinchi o‘rinni egalladi.

Ayni paytda D.Hasanov Markaziy harbiy okrug 13060-harbiy qismida moddiy texnik ta’minoti guruhi komandiri, xo‘jalik seksiyasida komandir-oshpaz vazifasida faoliyat yuritib kelmoqda.

Maktabimiz foyesida Davlat Hasanov faoliyati va erishgan yutuqlari aks etgan devoriy lavha o‘rnatilgan. Davlat ta’til paytlari qishlog‘imizga kelganda, uni maktabga taklif qilib, o’quvchilar bilan suhbat tashkil qilamiz. Bu esa vatanimizning ertangi ishonchi, tayanchi bo‘lgan yoshlarni milliy vatanparvarlik ruhida tarbiyalashda muhim omillardan biri bo‘lib xizmat qiladi.

–Qurolli Kuchlar safida faoliyat yuritishni yuksak sharaf deb bilaman. Chunki ona O’zbekistonimizning osmoni musaffo bo‘lishi, xalqimiz osoyishtaligida mening ham hissam borligi bilan faxrlanaman, –deydi D.Hasanov

Darhaqiqat, yurt himoyasi nafaqat Qurolli Kuchlar safida xizmat qilayotgan yurtdoshlarimiz, balki barchmizning burchimizdir. Chunki yurtimiz mustaqilligiga osonlikcha erishmadik. Istiqlol minglab yurt fidoyilarining kurashlari evaziga qo‘lga kiritilgan. Qolaversa, bu duogo‘y onalarimiz baxtiyorligi, bolajonlarimiz ko‘zidagi quvonch ne’mati, tinchlik hosilasidir.

Yangi O‘zbekistonimiz kundan kunga rivojlanib bormoqda. Davlatimiz rahbari, O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari Oliy bosh qo‘mondoni Shavkat Mirziyoyevning bevosita tashabbusi asosida barcha sohalarda bo’lgani singari mudofaa tizimida ham keng ko‘lamli islohotlar olib borilmoqda. Keyingi yillarda Qurolli Kuchlarni zamonaviy qurol-yarog‘, harbiy texnika bilan ta’minlash, harbiy qism va poligonlardagi infratuzilma, askar va ofitserlarning sharoitlarini yaxshilash borasida yuqori natijalarga erishildi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yilning 31-yanvardagi PF-16-sonli “O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarini qurollantirish va mudofaa sanoati sohasida davlat boshqaruvini takomillashtirish bo‘yicha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni ham mamlakatimiz mudofaa salohiyatini yanada oshirishda muhim asos bo‘lmoqda.

Muhtaram yurtboshimiz ta’kidlaganlaridek: “Xalqimizning xavfsizligi, tinchligi va osoyishtaligini saqlash bugun ham, kelajakda ham eng ustuvor vazifamiz bo‘lib qoladi. Chunki faqatgina tinchlik-osoyishtalik mamlakatimizning har tomonlama rivojlanishining asosiy kafolatidir”.  

Xulosa qilib aytganda, yoshlarni ona Vatanga muhabbat va sadoqat ruhida tarbiyalashni maktabdan boshlashimiz, ularni Shiroq, To‘maris, Spitamen, Jaloliddin Manguberdi, Amir Temur kabi buyuk ajdodlariga munosib etib tarbiyalashimiz darkor. Bu borada ta’lim maskanlarining сhaqiriqqacha yoshlarni boshlang‘ich tayyorgarlik fani o‘qituvchilari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha direktor o‘rinbosarlarining ayniqsa, mas’uliyati zalvorlidir.

 

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring

Obuna bo`lish