Diqqat! Veb-sayt test rejimida ishlamoqda

Shavkat Mirziyoyev va Italiya Prezidenti “Koʻksaroy”da muzokara oʻtkazdi

10.11.2023 225

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Italiya Respublikasi Prezidenti Serjo Mattarella “Koʻksaroy” qarorgohida ikki tomonlama muzokara oʻtkazdi, deb yozmoqda davlat rahbari matbuot xizmati.

Uchrashuv avvalida davlatimiz rahbari oliy martabali mehmonni samimiy qutlab, Italiya Prezidentining ushbu tashrifi ikki tomonlama munosabatlar rivojida muhim voqea ekanini taʼkidladi.

Serjo Mattarella Oʻzbekiston yetakchisiga taklif hamda Italiya delegatsiyasiga koʻrsatilayotgan mehmondoʻstlik uchun dildan minnatdorlik bildirdi.

Italiya Prezidenti Yangi Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan ortga qaytmas islohotlarni qatʼiy qoʻllab-quvvatlashini alohida taʼkidladi hamda mamlakatimizning Markaziy Osiyoda barqarorlikni taʼminlash va integratsiyalashuvni kuchaytirish borasidagi saʼy-harakatlarini yuksak baholadi.

Ikki tomonlama strategik sheriklikni va ustuvor yoʻnalishlardagi koʻp qirrali munosabatlarni yanada kengaytirish masalalari muhokama qilindi.

Oʻzbekiston Prezidenti joriy yil iyun oyida Italiyaga amalga oshirgan rasmiy tashrifi davomida erishilgan kelishuvlarni amalga oshirishga alohida eʼtibor qaratildi.

Davlat rahbarlari parlamentlar va tashqi siyosiy idoralar oʻrtasidagi faol muloqotlarni davom ettirish muhim ekanini aytdilar.

Kelgusi yilda tashqi siyosiy idoralar rahbarlari darajasidagi Strategik muloqotning birinchi yigʻilishini oʻtkazishga kelishib olindi.

“Markaziy Osiyo — Italiya” muloqoti doirasida ham faol aloqalar davom ettiriladi.

Iqtisodiy hamkorlik sohasida oʻtgan yili oʻzaro tovar ayirboshlash 30 foizga oshdi. Qoʻshma loyihalar portfeli 9 milliard yevroni tashkil etdi.

Savdo munosabatlarini yanada rivojlantirish maqsadida Savdoga koʻmaklashish kompleks dasturini ishlab chiqish taklif qilindi.

Italiyaning yetakchi kompaniyalari bilan metallurgiya, energetika, elektrotexnika, qishloq xoʻjaligi va boshqa tarmoqlarda muvaffaqiyatli kooperatsiya qilinayotgani qayd etildi.

Tomonlar Toshkent shahrida sanoat kooperatsiyasini chuqurlashtirishga xizmat qiladigan “Konfindustriya Oʻzbekiston” sanoatchilar uyushmasi ochilganini olqishladilar.

Hukumatlararo guruh doirasida mahalliylashtirishning yangi yoʻnalishlari va loyihalari boʻyicha takliflar tayyorlashga kelishib olindi.

Italiya Oʻzbekistonning Jahon savdo tashkilotiga tez fursatda kirishini hamda Yevropa Ittifoqi bilan kengaytirilgan sheriklik toʻgʻrisidagi bitimning qabul qilishini qoʻllab-quvvatlashga tayyorligi bildirildi.

Ikki mamlakat hududlari oʻrtasidagi toʻgʻridan-toʻgʻri aloqalarni ragʻbatlantirish muhimligi qayd etildi. Shu munosabat bilan Oʻzbekiston va Italiya hududlari forumini taʼsis etish va uning ilk uchrashuvini kelgusi yili Samarqandda oʻtkazish taklif qilindi.

Oʻzbekistonda italyan tilini oʻrganishga qiziqish oʻsib borayotgani mamnuniyat bilan taʼkidlandi. Maktablarimizda italyan tili oʻqituvchilarini tayyorlash va maktablarimizda uni oʻqitishni bosqichma-bosqich joriy qilish muhimligi haqida yakdil fikr bildirildi.

Shuningdek, Italiyada qoʻshma tasviriy sanʼat koʻrgazmalarini oʻtkazish rejalari muhokama qilindi.

Xalqlarimiz bir-birining boy va betakror madaniy-tarixiy merosi bilan tanishishi uchun mamlakatlarimizda Oʻzbekiston va Italiya madaniyat, kino va turizm kunlari oʻtkaziladi.

Samarqand arxeologiya instituti hamda Bolonya va Neapol universitetlarining qoʻshma guruhi tomonidan olib borilayotgan arxeologiya izlanishlari yuksak baholandi.

Davlat rahbarlari akademik almashinuvlarni kengaytirish hamda qoʻshma Taʼlim forumini oʻtkazish zarurligini alohida taʼkidladilar.

Xalqaro va mintaqaviy ahamiyatga molik dolzarb masalalar, xavfsizlikka umumiy tahdid va xatarlarga qarshi kurashishdagi hamkorlikni davom ettirish yuzasidan ham fikr almashildi.

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring

Obuna bo`lish