Diqqat! Veb-sayt test rejimida ishlamoqda

Yetakchining oʻzi shaxsiy namuna

26.7.2024 2468

Muhammadshukur MUHAMMADJONOV, “Yoshlar ovozi” muxbiri

Farg‘onalik Hayitboy Hasanov Yoshlar kuni arafasida “Kelajak bunyodkori” medali bilan taqdirlandi.

Hayitboy Hasanov –So‘x tumani “Sarikanda” mahallasi yoshlar yetakchisi. Asosan tojik va o‘zbek millatiga mansub aholi yashaydigan hudud yoshlarini nazorat qilish biroz qiyinchilik tug‘diradi. Eksklav hudud So‘x tumanida yoshlarni ijtimoiy-ma’naviy qo‘llab-quvvatlash, ularning o‘qishi uchun qulay sharoit yaratish maqsadida keng imkoniyatlar berilmoqda. Sarikandalik yoshlar esa berilgan imkoniyatlardan unumli foydalanib, o‘z iqtidorini namoyon etmoqda. Hayitboy 2022-yilda O‘zbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasi o‘tkazgan “Yilning eng yaxshi yetakchisi” ko‘rik-tanlovida 3-o‘rinni egallab, 20 million so‘m pul mukofoti bilan taqdirlangan.

 

“Sarikanda” mahallasi balansi:

  • Aholi: 3 685 nafar;
  • Xonadonlar: 701 ta;
  • Yoshlar: 977 nafar;
  • Ayol-qizlar: 441 nafar;
  • “Yashil” toifa: 557 nafar;
  • “Sariq” toifa: 420 nafar;
  • “Qizil” toifa: 26 nafar;
  • Mahalla drayveri: dehqonchilik va chorvachilik.

 

“Sarikanda” tajribasi

Hayitboy Hasanov bolalikda jurnalistikaga qiziqqan. Yoshlar yetakchisi sifatida ish boshlaguncha bloger, turli OAVlarda jurnalist sifatida faoliyat yuritgan. Maktab kompyuter savodxonligi bo‘yicha bolalarga qo‘shimcha dars bergan. Hozir zamonaviy kasblardan SMM va mobilografiyani o‘rganmoqda.

U bilan suhbatlashganimizda mahallada yoshlar yetakchisi sifatida ish boshlagan ilk kunlarini esladi:

– Yoshlar yetakchisi sifatida ish boshlagan kunlarda har bir xonadonga kirib, “vizitkalar” tarqatib chiqqanman, – deb eslaydi Hayitboy Hasanov. – Ijtimoiy tarmoqda mahalla kanali va guruhini ochib, yoshlarni yig‘ganman. Chunki u paytda lavozim yangi tashkil etilgan, hech kim tushunchaga ega emas edi. Qisqa muddatda ushbu harakat ommalashdi. So‘x tumanini nazorat qilish va o‘rganish olib borayotgan Mudofaa vaziri mening mahallamga kelgan. Men yo‘lga qo‘ygan tizim vazirga ma’qul kelib, respublikadagi barcha mahalla yoshlar yetakchilariga “Sarikanda” tajribasini yo‘lga qo‘yish topshirig‘i berilgan. Yangi lavozimda yangi ish boshlagan bir chekka qishloq yoshi uchun bu katta muvaffaqiyat edi. Bu o‘zimga ishonch va motivatsiya bo‘lgan. Mahallamiz eksklav hududda joylashgani uchun ayrim imkoniyatlar cheklangan. Shunga qaramay, yoshlarining sharoitlarini yaxshilash, ular hech kimdan kam emasligini anglatishni maqsad qilib olganman.

 

“Obod va xavfsiz mahalla”

Faoliyatining boshlanishida olingan motivatsiya Hayitboyni katta loyihalarga undadi. Yetakchi yoshlarning ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish, og‘ir turmush sharoitida yashab kelayotgan yoshlar hayotini o‘zgartirish maqsadida qator ishlarni amalga oshirmoqda.

 Hayitboy mahalladagi yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish hamda ular o‘rtasida jinoyatchilik va huquqbuzarlikning oldini olish maqsadida profilaktika inspektori bilan hamkorlikda muntazam profilaktik tadbirlar, tungi reydlar o‘tkazmoqda. “Obod va xavfsiz mahalla” tamoyili va harakatlar rejasi joriy qilinmoqda.

Mahallada sport to‘garagi faoliyatini yo‘lga qo‘yilgan. Maktab sport zali yoshlar uchun futbol, basketbol, gimnastika, kurash, boks bilan shug‘ullanish imkoniyatlarini taqdim etyapti.

Yoshlarda armiyamiz qudratiga ishonch, faxr va iftixor tuyg‘ularini shakllantirish, harbiy vatanparvarlik ruhida tarbiyalash maqsadida “Harbiy qismda bir kun” loyihasi yo‘lga qo‘yilib, har oy 20 nafarga yaqin ishsiz va uyushmagan yoshlar qamrab olinmoqda.

 

72 nafar yosh bepul o‘qimoqda

Sarikanda iqtidorlarga boy. Mahalla yoshlari qo‘lga kiritayotgan natijalar buning yorqin namunasi. Mahallada “Besh tashabbus olimpiadasi” yuqori saviyada tashkil etib kelinmoqda. Hayitboy Hasanov tumandagi musobaqalarda ham bosh tashkilotchi va tashabbuskorlardan. Tumanning “Top 5” yetakchilari ro‘yxatini boshqarib turadi.

2023-yilda mini futbol bo‘yicha DXX kubogi va “Kasblar tanlovi”da mahalla yoshlari yuqori natijani qayd etdi. Olimpiadaning joriy mavsumida mini futbol musobaqasi hamda “Yosh musavvir” tanlovi viloyat bosqichiga tayyorgarlik ko‘rilmoqda.

Hayitboy Hasanov tashabbusi bilan mahalla yoshlari uchun mahalla binosida kompyuter savodxonligi, ingliz tili, musavvirlik, matematika va media savodxonligi bo‘yicha bepul to‘garak tashkil etilgan. To‘garak mashg‘ulotlari uchun oliy ta’lim muassasalarida ta’lim olayotgan sarikandalik 72 nafar yosh jalb etilgan.

 

51 nafar yoshga ko‘mak berildi

“Yoshlar daftari”ga kiritilgan 51 nafar yoshning muammolarini hal etish maqsadida manzilli ko‘mak ko‘rsatildi:

– 14 nafar yoshga 10 yilga ijara asosida yer maydonlari ajratildi;

– 3 nafari haydovchilik kursida o‘qitildi;

– 5 nafariga asbob-uskuna va mehnat qurollari xaridi uchun subsidiya ajratildi;

– 12 nafar talabaning kontrakti to‘lab berildi;

– 1 nafariga zamonaviy kasblarda o‘qish uchun 6 oylik o‘quv kurs puli qoplandi;

– 2 nafar yoshning safarbarlik chaqiruvi rezervi badal puli to‘lab berildi;

– 2 nafar yoshga fuqarolik pasporti olib berildi;

– 2 nafar yoshning davolanish xarajatlari qoplab berildi;

– 10 nafar yoshning turli yo‘nalishlarda bandligi ta’minlandi.

 

“Xorijdagi mahalladoshlar”

Bugungi kunda xorijda yashab, ma’lum yo‘nalishlarda natijalarga erishayotgan yoshlar safi ortib bormoqda. Yetakchi tashabbusi bilan bunday yoshlar tengdoshlariga o‘z hayot tajribalarini o‘rgatishi uchun “Xorijdagi mahalladoshlar” loyihasi orqali suhbatlar tashkil etilmoqda.

Mahalladagi “og‘ir” toifadagi yoshlar mas’ullarga biriktirilgan bo‘lib, ular bilan o‘rganish ishlari olib borildi. Aniqlangan muammolarga yechim berilib, hayotda o‘z o‘rnini topishiga ko‘maklashilmoqda.

Bibisoliha Safarboyeva – 22 yoshda, II guruh nogironi. U Farg‘ona viloyati prokuroriga biriktirilgan. O‘rganishlar davomida Bibisolihaning tikuvchilikka qiziqishi borligi va tikish ishlarini mustaqil qila olishi aniqlandi. Bandligini ta’minlash maqsadida tikuv mashinasi olib berildi. Shuningdek, 150 kg bug‘doy berilib, tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi.

Jasurbek Janobiddinov – 22 yoshda. Farg‘ona viloyati hokimiga biriktirilgan. Bandligini ta’minlash maqsadida harbiy xizmatga borib kelganligini hisobga olib, FVB So‘x tumani bo‘limi 16-yong‘in-qutqaruv qismi qutqaruvchisi sifatida ishga joylashtirildi.

Durdona Xudoynazarova – 19 yoshda. O‘rganishlar natijasida uni tikuvchilik yo‘nalishida qo‘shni ayolga shogird tushgani, tikuv mashinasiga ehtiyoji borligi aniqlandi. Hokim yordamchisi bilan hamkorlikda subsidiya asosida tikuv mashinasi olib berildi.

 

Muvaffaqiyatlarim kaliti otam va onam

Hayitboy Hasanov yoshlar o‘rtasida kitobxonlikni targ‘ib qilish uchun “Bir oyda bir kitob” loyihasini ishlab chiqqan. Yetakchining o‘zi bu borada shaxsiy namuna ko‘rsatmoqda. Mahalla yoshlarining ilm olishida yanada qulaylik yaratish maqsadida “Ibrat Academy” va “Mutolaa” loyihalarining targ‘ibotini olib bordi.

– Yetakchilik faoliyatimni boshlaganimda menga qarshi fikr bildirgan, uddalay olishimga ishonmaganlar topilgan, – deydi Hayitboy Hasanov. – Biroq intilishdan to‘xtamadim. Ota-onamning “hech qanday gaplarga parvo qilma, biz senga ishonamiz” degani menga kuch bergan. To‘g‘ri yo‘lda ekanligimni, halol va pok, vijdonan mehnat qilsam, albatta, bu natija berishiga ishonardim. Hozir xalqimning, mahallamning e’tirofiga erishmoqdaman. Boshlanishida menga ishonch bildirmaganlar bugun mendan yordam so‘rab keladi, o‘rganadi.

 

 

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring

Obuna bo`lish