TERMA JAMOAMIZ TURNIRDA BIROR MARTA HAM MAG‘LUB BO‘LMAGAN YAGONA JAMOA BO‘LDI
Shaxmat bo‘yicha O‘zbekiston erkaklar terma jamoasi Hindistonning Chennay shahrida bo‘lib o‘tgan 44-Butunjahon shaxmat olimpiadasi g‘olibi bo‘ldi.
Shaxmat bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi vakili Jahongir Vohidov o‘z doskasida individual natijalar bo‘yicha oltin medal oldi.
O‘zbekiston dunyo shaxmat maydonida o‘z so‘zini ayta oldi, yangi tarix yozishga muvaffaq bo‘ldi. Hindistonning Chennay shahrida bo‘lib o‘tgan 44-Butunjahon shaxmat olimpiadasida chempion bo‘ldi. Bu chempionlik shaxmat olimpiadasi tarixidagi O‘zbekistonning eng yuksak muvaffaqiyatidir.
29-iyuldan 9-avgustga qadar davom etgan shaxmat musobaqasida O‘zbekiston shaxmat terma jamoasi muvaffaqqiyatli ishtirok etdi. Butun turnir davomida shaxmat olamining e’tiborini o‘ziga jalb qila olgan yoshlarimiz bugun dunyoda yetakchiga aylandi. 11 turdan iborat shaxmat olimpiadasida O‘zbekiston erkaklar va ayollar terma jamoasi ishtirok etdi.
Har bir qahramonimizni alohida e’tirof etish joiz. Zero, ularning har biri o‘z mehnati, kuchi va aqliy salohiyati evaziga shiddatli bahs olib bordi. Yakunda O‘zbekiston erkaklar terma jamoasi turnir davomida birorta ham mag‘lub bo‘lmasdan chempionlik baxtiga sazovor bo‘ldi. Alohida ta’kidlash kerakki, terma jamoamiz turnirda biror marta ham mag‘lub bo‘lmagan yagona jamoa bo‘ldi.
Olimpiadada ishtirok etgan har bir jamoa kuchli tayyorgarlikka ega. Lekin bizning yoshlar uchun haqiqiy ma’noda “bosh og‘riq” bo‘lgan jamoalar AQSh, Hindiston, Armaniston vakillari edi. Chunki ular nihoyatda kuchli va tajribali jamoalar edi. Ular bilan o‘yin so‘nggi daqiqalargacha murosasiz kechganiga guvoh bo‘ldik.
44-shaxmat Olimpiadasi FIDE tomonidan tashkil etilgan bo‘lib, unda ochiq va ayollar o‘rtasidagi turnirlar hamda shaxmatni ommalashtirishga qaratilgan bir qancha tadbirlar o‘tkazildi.
Jumladan, Chennay shahrida bo‘lib o‘tgan FIDE kongressida O‘zbekiston shaxmat federatsiyasi prezidenti Alisher Sa’dullayev 2026-yilda Toshkentda Butunjahon shaxmat olimpiadasini o‘tkazish yuzasidan taqdimot qildi. Taqdimotlar yakunida 2026-yilda Butunjahon shaxmat Olimpiadasiga mezbonlik qilish uchun ovoz berishda barcha delegatlar bir ovozdan O‘zbekistonni tanladi!
Hindistondagi tadbirlar davomida O‘zbekiston delegatsiyasi tantanali qabul marosimini tashkil etdi. Marosimda taniqli oshpaz Bahriddin Chustiy o‘zbek palovini tayyorladi. Oshpazning mahorati sabab milliy o‘zbek taomi barchani hayratda qoldirdi.
2026-YILI BUTUNJAHON SHAXMAT OLIMPIADASI O‘ZBEKISTONDA O‘TKAZILADI!
188 mamlakatdan kelgan 500 dan ortiq Kongress ishtirokchilari o‘zbek taomlarining haqiqiy mazasini tatib ko‘rishga muvaffaq bo‘ldi. O‘zbek palovi haqida iliq fikrlar yangradi.
Olimpiadada shaxmat bo‘yicha O‘zbekiston ayollar terma jamoasi ham yosh bo‘lishiga qaramay muhim paytda kerakli g‘alabalarga erishdi. Har bir o‘yinda o‘z irodasini namoyish etib, har bir ochko uchun kurashdi.
Xususan, so‘nggi turda ayollar terma jamoasi Kosta-Rika ustidan 2,5:1,5 hisobida g‘alabaga erishdi. Umumiy hisobda, qizlarimiz 14 ochko bilan 162 davlat orasida 31-o‘rinni egalladi.
44-Butunjahon shaxmat olimpiadasida O‘zbekiston terma jamoasi quyidagi tarkibda yurtimiz sharafini himoya qildi. Erkaklar terma jamoasi: GM Abdusattorov Nodirbek, GM Yakubboyev Nodirbek, GM Vohidov Jahongir, GM Sindarov Javoxir, GM Vohidov Shamsiddin.
Ayollar terma jamoasi: WGM Yakubboyeva Nilufar, WFM Omonova Umida, WFM Bobomurodova Maftuna, WCM Hamdamova Afruza va Malikova Marjona.