Tahririyatimizga yoshlardan turli huquqiy masalalarda savollar kelib tushmoqda. Ularga mutaxassislar ko‘magida javoblar berib borilmoqda.
Jumladan jizzaxlik Muhayyo Ergasheva shunday savol yo‘llagan:
“O‘tgan yili bakalavr diplomini olganimdan so‘ng sinov muddati asosida bir muassasaga ishga joylashdim. Sinov muddati davomida hech qanday maosh to‘lanmadi. Bu muddat tugagach, ishga qabul qilinmaganimni aytishdi. Keyin boshqa ish topdim va yana sinov muddati belgilandi. O‘zi ishga qabul qilinishda beriladigan sinov muddati barcha uchun tatbiq etiladimi? Bu davrda ish haqi to‘lanadimi?”
Savolga Toshkent davlat yuridik universiteti talabasi Zebo SHAMSIYEVA javob beradi:
– Mehnat kodeksining 130-moddasida dastlabki sinov muddati uch oydan, tashkilotlarning rahbarlari va ularning o‘rinbosarlari, bosh buxgalterlar hamda tashkilotlar alohida bo‘linmalarining rahbarlari uchun esa olti oydan oshmasligi kerak. Ya’ni ish beruvchi dastlabki sinov muddatini (tashkilot rahbarlari va ularning o‘rinbosarlarini hisobga olmaganda) 3 oydan oshmagan holda belgilashi mumkin. Lekin mehnat kodeksining 129-moddasida davlat grantlari asosida o‘qigan va oliy ta’lim tashkilotini tamomlagan kundan e’tiboran uch oy ichida yo‘llanma asosida mutaxassisligi bo‘yicha ishga kirayotgan bitiruvchi-talabalarga dastlabki sinov muddati tatbiq etilmagan holda ishga qabul qilinishi belgilangan. Davlat granti asosida tahsil olmagan va uch oy ichida tegishli yo‘llanmani qo‘lga kiritmagan yoxud uch oydan so‘ng ishga kirayotgan shaxs dastlabki sinov muddati bilan ishga qabul qilinadi.
Dastlabki sinov davrida xodimga haq to‘lanishi lozim. Mehnat kodeksining 131-moddasida: “Dastlabki sinov davrida xodimga nisbatan mehnat to‘g‘risidagi qonunchilikning va mehnat haqidagi boshqa huquqiy hujjatlarning amal qilishi to‘liq tatbiq etiladi”, deb belgilangan. Demak, sinov muddatini o‘tayotgan xodimga ish haqi to‘lanishi lozim.