Diqqat! Veb-sayt test rejimida ishlamoqda

SIROJIDDIN SAYYID SHE’RLARI BELORUS TILIDA

8.7.2023 5451

Rustam Musurmon, Xalqaro adabiy aloqalar va badiiy tarjima bo‘limi boshlig‘i

Belorussiyaning ijodkor ziyolilarining “Litaratur i mastastva” (“Adabiyot va san’at”) nomli gazetasida O‘zbekiston xalq shoiri Sirojiddin Sayyidning bir turkum she’rlari belorus tilida chop etildi. O‘zbek shoirining Vatan, o‘zbek xalqining urf-odatlari, madaniyati, milliy va umuminsoniy qadriyatlar badiiy mahorat bilan tarannum etilgan turli shakl va janrdagi o‘n uchta she’riy asarini belorus kitobxonlari o‘z tilida o‘qish imkoniyatiga ega bo‘ldi. Ushbu she’rlarni belorus tiliga o‘girishda mutarjim Andrey Syalovskiy O‘zbekiston xalq shoiri Aleksandr Faynberg tomonidan rus tiliga amalga oshirilgan tarjimalardan ijodiy foydalangan. Gazetadagi ushbu turkum she’rlarga Belorus Yozuvchilar uyushmasi raisi Ales Karlyukevich so‘z boshi yozgan.
– Sirojiddin Sayyid – faylasuf shoir, – deb yozadi Ales Karlyukevich. – Aslida qay bir chinakam shoir faylasuf bo‘lmaydi? Badiiy izlanishlar jarayonida odatda ijodkor kelajakni oldindan ko‘ra biladigan bashoratchiga aylanadi. Shoir hozirgi hayotimizdan ancha olis zamonlarda sodir bo‘ladigan voqealarni tasavvur etadi va tasvirlaydi. Men O‘zbekistonda, Markaziy Osiyo respublikalarida, shuningdek dunyoning boshqa chekka o‘lkalarida o‘z ijodi va xalqaro adabiy aloqalarni rivojlantirish borasidagi faoliyati bilan tanilgan shoir, tarjimon va publisist Sirojiddin Sayyid bilan bir necha bor uchrashib, suhbatlashganman. Biz 2018 yili Belorussiyada bo‘lib o‘tgan Belorus yozuvi kunlari tadbirlarida ko‘rishganmiz. U belorus va xorijiy adiblarning “Badiiy adabiyot odamlarining bordi-keldisini bog‘laydigan yo‘l sifatida” mavzusidagi xalqaro davra suhbatida qatnashdi. Ushbu adabiyot bayrami tantanalari Ivanovada bo‘lib o‘tgan edi. O‘shanda Sirojiddin Sayyid O‘zbekistondan Belorussiyaga Yakub Kolas she’rlarining o‘zbek tiliga qilingan yangi tarjimalar kitobini tuhfa qilib olib kelgandi.
Belorussiya gazetasida o‘zbek shoiri she’rlarining chop etilishi xalqaro adabiy aloqalarning rivojlanayotganidan bir namunali misoldir.

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring

Obuna bo`lish