Diqqat! Veb-sayt test rejimida ishlamoqda

SITORANI XOTIRLAB...

10.5.2023 865

Muxbirimiz

Qisqa bo‘lsa-da, mazmunli hayot kechirib, ismini qalblarimizga muhrlagan insonlar hech qachon unutilmaydi. Sitora Salomova ham shunday yoshlardan biri edi.

Bolaligidan sportga mehr qo‘ygan Sitora “Barkamol avlod” bolalar markazida ustozi Erkin Toshqulov rahbarligida karate bilan shug‘ullana boshladi. U maktabda a’lo baholarga o‘qishi bilan birga, tengdoshlari orasida namunali xulqi, jamoat ishlarida faolligi bilan ajralib turardi. Ustozlar ko‘magi va nasihati, o‘z ustida tinimsiz ishlagani bois shahar birinchiliklari, keyinchalik viloyat va respublika miqyosidagi musobaqalarda faxrli o‘rinlarni egalladi. Xalqaro turnirlar g‘olibiga aylandi. “Qizil belbog‘” 4-KYU darajasini ham qo‘lga kiritdi.

— Qizimning orzusi jahon chempioni bo‘lib, mamlakatimiz bayrog‘ini yuksaklarga ko‘tarish edi. Uning bu orzusini amalga oshirish maqsadida eshigimizni qoqib kelgan sovchilarga ham rad javobi berganmiz. Uning o‘zi: “Jahon chempioni bo‘lay, keyin turmushga chiqaman”, derdi. Ammo orzulariga erishay deganda bizni armonlarga tashlab ketdi. Jigarbandim 2019-yili 29 yoshida vafot etdi, – deydi Sitoraning otasi Raim Salomov.

Qahramonimizning otasi qalbidagi armonlari, og‘riqlariga sal bo‘lsa-da, malham topish – qizining xotirasini abadiylashtrish uchun bundan ikki yil burun Yoshlar ishlari agentligining Surxondaryo viloyati boshqarmasiga murojaat qiladi. Agentlik ko‘magi bilan  viloyatda har yili sport bo‘yicha Sitora Salomova xotira turniri o‘tkazib kelinmoqda. U o‘qigan 13-maktabda muzey ham tashkil etildi.

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring

Obuna bo`lish