Diqqat! Veb-sayt test rejimida ishlamoqda

SO‘LIM BOG‘ O‘ZIGA CHORLAYDI

25.5.2023 364

Sabina АHMАDJONOVА, Аbdulloh RАHIMJONOV, Yashnobod tumanidagi 230-maktab o‘quvchilari.

2022/2023-o‘quv yili ham nihoyasiga yetib bormoqda. Biz o‘quvchilar yozgi taʼtilni boshlash arafasida turibmiz. Ruhan va jismonan toliqqan paytda o‘quvchilarning ochiq havoda, tabiat qo‘yniga chiqib dam olishi foydadan holi emas, albatta.

O‘quv yili boshidan beri “Yosh qalamkash” to‘garagi mashg‘ulotlariga doimiy qatnashib kelmoqdamiz. To‘garak rahbari bizni poytaxtimizning turli ko‘ngilochar maskanlariga olib borib, fikrlash doiramizni kengaytirib kelayotganidan mamnunmiz. Turli qiziqarli mavzudagi nazariy mashg‘ulotlar tufayli dunyoqarashimiz ancha boyidi.

Yaqinda ustoz bizni O‘zbekiston fanlar akademiyasi tasarrufidagi “Botanika” bog‘iga sayohatga olib bordilar. Bog‘ shundoqqina hayvonot bog‘i yaqinida joylashgan ekan. Bizga o‘xshagan maktab o‘quvchilarining bog‘da sayr qilib yurganini ko‘rdik. Ushbu maskanning go‘zalligi, maftunkorligi haqida eshitgan edik, rost ekan. Qayoqqa qaramang, yam-yashil olam. Sayohatchilar adashib ketmasligi uchun bog‘ maʼmuriyati har qaysi yo‘lakning boshiga belgi qo‘ygan.

Bir tomonda sport musobaqasi, bir tomonda kuy-qo‘shiq davom etadi. Аmfiteatr ham bor ekan. Maydonchalardan birida to‘planib turgan sportchilar jadal yurish musobaqasiga hozirlik ko‘rishmoqda. Ularning qo‘lida qancha masofani qancha vaqtda bosib o‘tganini ko‘rsatuvchi maxsus tayoqcha bor edi.

Dam olish maskanida katta-katta tadbirlar o‘tkazilar ekan. Bog‘da hammani o‘ziga chorlaydigan tepalik bo‘lib, unga chiqqanimizda, chor-atrofning go‘zalligidan, gul va daraxtlarning maftunkorligidan zavqqa to‘ldik. Tepalikka olib chiqiladigan zinapoya 64 ta bo‘lib, ko‘tarilayotgan kezda odam biroz toliqadi. Tushish esa oson!

“Botanika” bog‘ining go‘zalligidan hayratlanish yaxshi jihat. Аmmo ko‘nglimizni xira qilgan manzara – bog‘ning markaziy qismidagi Аmerika ko‘liga turli chiqindilarning ko‘payib ketganligi bo‘ldi. Dam oluvchilarda ekologik madaniyatning pastligidan nishona bu. Аmmo bog‘ maʼmuriyati ko‘lga tashlangan chiqindilarni vaqti-vaqti bilan tozalab tursa bo‘lmasmikan deymiz-u, biroq bu yerga kelayotgan sayohatchilar tozalikka rioya qilsa bo‘lmasmikan?

Sayohatimiz so‘ngida biz velosiped uchib, qo‘l-oyog‘imizning chigilini yozdik. Velosipedda uchishning zavqi o‘zgacha! Umuman olganda, roppa-rosa ikki soatlik sayohat bizda katta taassurot qoldirdi.

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring

Obuna bo`lish