Diqqat! Veb-sayt test rejimida ishlamoqda

SOLIQ YUKINI KAMAYTIRISHDA SOLIQ IMTIYOZLARINING AHAMIYATI

1.6.2022 776

Bekzod MIRZAYEV

Bozor mexanizmini rivojlantirishda eng samarali vositalardan biri soliq yukini kamaytirishga yo‘naltirilgan soliq imtiyozlari tizimi bo‘lib, buning uchun soliqqa tortish mexanizmini takomillashtirish, unga ta’sir etadigan salbiy ichki va tashqi omillarni minimallashtirish lozimdir.
Mamlakatimizda sanoat korxonalarini modernizatsiyalash, texnik va texnologik jihatdan qayta jihozlashga katta e’tibor qaratilmoqda. Bundan asosiy maqsad tizimni raqobatbardosh va eksportga yo‘naltirilgan mahsulot ishlab chiqarish imkonini beradigan yangi texnologiyalar bilan ta’minlashdir.
Buning natijasida ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarga ichki va tashqi bozorda talab ortib boradi. Bunda esa soliq imtiyozlarining iqtisodiy ahamiyati kattadir. Mamlakatimizda tadbirkorlikni rivojlantiruvchi omillardan biri biznesda soliq yukini kamaytirish hisoblanadi. Bozor iqtisodiyoti sharoiti hamda yuqori xavf-xatarlar mavjud bo‘lganda investitsiya va innovatsion rivojlanishning eng kuchli vositalaridan biri soliq imtiyozlari tizimini yaratishdir.
Odatda investitsiya jozibadorligini oshirishda soliq imtiyozlari faol ishtirok etadigan vositadir, uni joriy qilishning ham o‘z ahamiyati bor. Soliq imtiyozi tadbirkorlik subyektlarining o‘z ishlab chiqarish bazasini rivojlantirishda, yangi texnologiyalarni joriy etishda, daromadlarni investitsiyalashni rag‘batlantirishda samarali vosita bo‘lib, bunday harakat kelgusida byudjetda soliq bazasi va daromad solig‘i tushumlarining oshishiga olib keladi.
Ta’kidlash lozimki, mamlakatimizda 2017-2021- yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha tasdiqlangan Harakatlar strategiyasining “Iqtisodiyotni yanada rivojlantirish va liberallashtirish” deb
nomlangan uchinchi yo‘nalishida soliq yukini kamaytirish va soliqqa tortish tizimini soddalashtirish siyosatini davom ettirish qayd etilgan va soliq imtiyozlarini qo‘llash chora-tadbirlari bunda alohida ahamiyatga ega.
Mazkur chora-tadbirlarning ijrosi o‘laroq tadbirkorlikning ko‘plab sohalarida soliq imtiyozlarini belgilanishi kabi islohotlar amalga oshirilmoqda va bunga ko‘plab amaliy misollarni aytib o‘tish mumkin.
Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yildagi qaroriga asosan, 2022-yil 1-apreldan 2025-yil 1-yanvarga qadar tadbirkorlik subyektlari tomonidan chakana savdo va umumiy ovqatlanish, mehmonxona xizmatlari, avtotransportda yo‘lovchi va yuk tashish, transport vositalarini ta’mirlash va ularga texnik xizmat ko‘rsatish,
kompyuter xizmatlari, maishiy texnikani ta’mirlash, agro va veterinariya xizmatlarini ko‘rsatuvchi va ko‘ngilochar maskanlarda xizmatlar ko‘rsatish faoliyat turlarini amalga oshirishdan olgan daromadlari joriy hisobot davri yakunlari bo‘yicha jami daromadning kamida 60 foizini tashkil qilsa, ijtimoiy soliq stavkasi 1 foiz etib belgilandi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 1-maydagi “Baliqchilik tarmog‘ini boshqarish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga asosan, yuridik shaxslar 2023-yil 1-yanvargacha bo‘lgan muddatda lichinka, baliq chavoqlari va tovar baliq yetishtirishdan, baliqchilik mahsulotlarini tayyorlash va qayta ishlashdan olingan daromadlar bo‘yicha aylanmadan olinadigan soliqni to‘lashdan ozod etildi.
2022-yil 1-fevraldan 2025-yil 1-yanvarga qadar baliqchilikni intensivlashtirish uchun zarur bo‘lgan asbob-uskunalar va texnologiyalar hamda qayta ishlash uskunalarini ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ygan, biroq daromadining80 foizidan ortig‘ini ushbu uskunalarni ishlab chiqarishdan oladigan subyektlar uchun foyda solig‘i yuridik shaxslardan olinadigan yer solig‘i, yuridik shaxslarning mol-mulkiga solinadigan soliq va suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq stavkalari 50 foizga kamaytirildi, baliq yetishtiruvchi xonadon egalariga yer solig‘i va molmulk solig‘i stavkasi 50 foiz miqdorida belgilandi.
Ipakchilik va qorako‘lchilik sohasidagi soliq imtiyozlari qatorida ipak qurti urug‘i, tut ko‘chatlari va pilla yetishtirish, pillani qayta ishlash va tayyor mahsulotlar ishlab chiqarish bilan shug‘ullanuvchi yuridik shaxslar mol-mulk va yer solig‘idan ozod etildi.
Mamlakatimiz hududlaridagi tadbirkorlik muhitini rivojlantirish uchun tegishli hudud imkoniyatlari inobatga olingan holda tadbirkorlarga maxsus soliq imtiyozlarini qo‘llash chora-tadbirlari ham amalga oshirilib kelinmoqda.
Soliq kodeksida nogironligi bo‘lgan shaxslar va ular tomonidan ta’sis etilgan yuridik shaxslar uchun soliq imtiyozlari belgilandi. Xususan, Soliq kodeksi 243-moddasiga asosan, ishlovchilari umumiy sonining kamida 50 foizi nogironligi bo‘lgan shaxslardan iborat bo‘lgan hamda nogironligi bo‘lgan shaxslar mehnatiga haq to‘lash fondi umumiy mehnatga
haq to‘lash fondining kamida 50 foizini tashkil etadigan, yagona ishtirokchisi nogironligi bo‘lgan shaxslarning jamoat birlashmalari hisoblangan yuridik shaxslar tomonidan realizatsiya qilinadigan tovarlar va xizmatlarni realizatsiya qilish bo‘yicha aylanma qo‘shilgan qiymat solig‘i to‘lashdan ozod etilad Soliq kodeksining 337-moddasiga asosan, yagona ishtirokchilari nogironligi bo‘lgan shaxslarning jamoat birlashmalari bo‘lgan va umumiy xodimlar sonida nogironligi bo‘lgan shaxslar kamida 50 foizni tashkil etadigan va nogironligi bo‘lgan shaxslarning mehnatiga haq to‘lash jamg‘armasi mehnatga haq to‘lash umumiy fondining kamida 50 foizini tashkil etadigan soliq to‘lovchilar foyda
solig‘i to‘lashdan ozod etiladi. Soliq kodeksining 380-moddasiga asosan, bolalikdan nogironligi bo‘lgan shaxslar, shuningdek, I va II guruh nogironligi bo‘lgan shaxslar jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i bo‘yicha qisman soliq solishdan ozod etiladi.
Soliq kodeksining 414-moddasiga ko‘ra, yagona ishtirokchilari nogironligi bo‘lgan shaxslarning jamoat birlashmalari va xodimlarining umumiy sonida nogironligi bo‘lgan shaxslar kamida 50 foizni tashkil etadigan hamda nogironligi bo‘lgan
shaxslarning mehnatiga haq to‘lash fondi mehnatga haq to‘lash umumiy fondining kamida 50 foizini tashkil etadigan yuridik shaxslar mol-mulk solig‘i to‘lashdan ozod etiladi.
Soliq kodeksining 467-moddasiga asosan, yagona ishtirokchisi nogironligi bo‘lgan shaxslarning jamoat birlashmalari, “Nuroniy” jamg‘armasi va “O‘zbekiston Chernobilchilari” assotsiatsiyasi bo‘lgan va umumiy sonida nogironlar, urush
va 1941-1945-yillar mehnat fronti veteranlari 50 foizdan kam bo‘lmagan, nogironlar, urush hamda 1941-1945-yillar mehnat fronti veteranlarining mehnatiga haq to‘lash fondi umumiy mehnatga haq to‘lash fondining 50 foizidan kam bo‘lmagan soliq to‘lovchilar uchun aylanmadan olinadigan soliq stavkasi “0” foiz etib belgilangan.
Shu bilan birga, nogironlarni ishga yollagan tadbirkorlar soliq yukini kamaytirish maqsadida ish beruvchi tadbirkorlik subyektlariga ular tomonidan nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun to‘langan ijtimoiy soliq summasi davlat byudjetidan to‘liq qaytarib berilishi joriy etildi. To‘g‘ri tashkil etilgan soliq imtiyozlaridan ishlab chiqarishni texnik, texnologik jihatdan yangilash uchun sarf etish mahsulot tannarxiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri ta’sir ko‘rsatib, bozorda raqobatbardosh mahsulotlarni chiqarish imkonini beradi hamda eksportni qo‘llab-quvvatlovchi vosita hisoblanadi.

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring

Obuna bo`lish