Diqqat! Veb-sayt test rejimida ishlamoqda

Soʻragan edingiz!..

18.4.2023 1416

Iqbol PARDAYEVA, “Yoshlar ovozi” muxbiri

Bugungi kunda “Besh tashabbus olimpiadasi”da qatnashish istagini bildirgan yoshlar tomonidan olimpiadani oʻtkazish tartibi va ayrim tanlovlarning nima uchun oʻtkazilamayotganligi haqida koʻplab savol va murojaatlar kelib tushmoqda. Biz bu savollarga javob olish uchun Yoshlar ishlari agentligi Besh tashabbus loyihalarini amalga oshirish va muvofiqlashtirish boʻlimi boshligʻi Sherzod OLIMOVDAN javob oldik.

“Besh tashabbus olimpiadasi”ning oʻtkazilishidan maqsad va unga necha yosh toifasidagi yoshlar qatnasha oladi?

Javob: Besh tashabbus olimpiadasini oʻtkazishdan asosiy maqsad, eng avvalo yoshlarimizning boʻsh vaqtlarini mazmunli tashkil etish hamda iqtidorli va isteʼdodli yoshlarimizni aniqlashga maydon yaratish. Shuningdek respublikamizning barcha mahallalaridagi yoshlarimizgacha qamrab olib barcha yoshlar bugungi kunda yaratib berilayotgan  sharoitlardan birdek bahramand boʻlishiga xizmat qilish. Yosh toifasi 7 yoshdan 30 yoshgacha boʻlib, yoʻnalishlar doirasida yosh toifalariga ajratilgan.

“Besh tashabbus olimpiadasi”ga roʻyxatdan oʻtish qachongacha? Javob: Besh tashabbus olimpiadasiga roʻyxatdan oʻtish joriy yilning 23 martida boshlanib 4 aprelida yakuniga yetgandi, lekin bu yildan eʼtiboran yangi yoʻnalish yaʼni kasblar tanlovlari qoʻshilgan ushbu yoʻnalishdagi tanlovlarimizga roʻyxatdan oʻtish davom etmoqda, shuningdek paralimpiya yoʻnalishida 5 ta sport turlariga ham roʻyxatdan oʻtish 10 apreldan boshlandi va bugungi kunda davom etmoqda

 

“Besh tashabbus olimpiadasi” nechta sport turini qamrab olgan va ular qaysi bosqichda qay tartibda yakunlanadi?

Javob: 15 ta sport turi boʻlib, kurash va voleybol sport turlari ikkinchi mavsumda yaʼni sentabrdan boshlanadi qolgan turlari birinchi mavsumda boʻladi. Qaysi sport turi qaysi bosqichda boʻlishi boʻyicha mahalla yetakchisiga uchrashsa kalendar reja chiqarib beradi yoki aytadi.

 

“Besh tashabbus olimpiadasi” qanday sanʼat turlarini qamrab olgan va ular qaysi bosqichda qay tartibda yakunlanadi?

Javob: Yoshlar ovozi Boʻzatovda festival tarzida oʻtkazilishi rejalashtirilgan, bundan tashqari Yoshlar raqs festivali 5 bosqichda boʻladi birinchi mavsumda va Milliy va zamonaviy cholgʻu ijrochiligi tanlovi 5 bosqichda ikkinchi mavsumda boʻladi.

 

“Besh tashabbus olimpiadasi”ga nechta sport turidan qatnashish mumkin?

Javob: Faqat 1 ta sport turidan qatnashishi mumkin ikkinchi sport turida qatnashish mumkin emas lekin boshqa yoʻnalishlar yaʼni sanat madaniyat, IT, Kitobxonlik va kasb tanlovlaridan 4 tagacha tanlash va qatnashishi mumkin umumiy 1 ta sport bilan qoʻshganda 5 tagacha yoʻnalishda agar bir vaqtda toʻgʻri kelib qolmasa qatnashish imkoniyatiga ega

 

“Besh tashabbus olimpiadasi”da yoshlar oʻz kasblari hamda hunarlari bilan ham ishtirok etishlari mumkinmi?

Javob: 5 tashabbus olimpiadasida belgilab berilgan kasblar tanlovi doirasida yaʼni nizomi asosida toʻgʻri kelsa ishtirok etishlari mumkin, agarda toʻgʻri kelmasa keyingi mavsumlarda amaliyotga joriy qilishimiz uchun tuman-shaharlardagi yoshlar ishlari agentligiga oʻz takliflari bilan chiqib taqdim qilishlari mumkin.

 

“Besh tashabbus olimpiadasi”ga asosan mahalla yoshlari jamoaviy tarzda ishtirok etishadimi yoki yakka tartibda. Bu borada “Besh tashabbus olimpiadasi” nizomida koʻrsatilganmi?

Javob: 5 tashabbus olimpiadasi doirasidagi tanlov va sport musobaqalar yakkalik va jamoaviylik asosida boʻlib oʻtadi masalan stol tennis shashka shaxmat kurash bular yakkalik sport turlari, futbol, voleybol, stritbol va quvnoq startlar kabi sport turlari bu jamoaviy turlarga boʻlinadi va shu asosda qatnashadi. Qoʻshimcha maʼlumot 1 bosqich mahalla bosqichida ishtirok etmagan ishtirokchi 2-3-4-5 bosqichlarda ishtirok etolmaydi.

 

“Besh tashabbus olimpiadasi”ga ishtirok etish maqsadida terma jamoa shakllantirish uchun turli mahalla yoshlari birikib ishtirok etsa ham boʻladimi?

Javob: Jamoalar faqat bitta mahalla yoshlaridan iborat boʻlish kerakligi nizom bilan qatʼiy belgilangan, agarda qaysidir bosqichda ikki va undan ortiq mahalla yoshlaridan iborat jamoa ekanligi maʼlum boʻlib qolsa oʻsha jamoa, oʻsha zahoti olimpiadadan chetlashtiriladi, agar chempion boʻlgan boʻlsa ham chempionligi oʻchirilib, 2 oʻrinni olgan jamoa chempion deb eʼlon qilinadi.

 

“Besh tashabbus olimpiadasi”ga turli joylarda tahsil olayotgan talabalar qay tartibda ishtirok etishi mumkin va ularga qanday imkoniyatlar berilgan?

Javob: Oʻzlari doimiy roʻyxatdan oʻtgan mahallasidan ishtirok etadi, agar bu oʻqish vaqtiga toʻgʻri kelsa oʻqishiga 5 tashabbus olimpiadasiga qatnashish uchun borishi toʻgʻrisida yozma murojaat qiladi va javob olib borib qatnashishi mumkin, bundan tashqari oliy taʼlim va kollej litseylarimiz uchun ham alohida 5 tashabbus olimpiadasi tashkil qilganmiz bular 2 mavsumda start oladi.

 

“Besh tashabbus olimpiadasi”ga imkoniyati cheklangan yoshlar ham ishtirok etishi mumkinmi va ularga qanday imtiyozlar bor?

Javob: Imkoniyati cheklangan yaʼni nogironligi boʻlgan yoshlar oʻrtasida paralimpiya yoʻnalishida alohida 5 tashabbus olimpiadasi tashkil qilganmiz. Bular Para shaxmat, shashka, stol-tennis, yengil atletika va kibersportdan iborat, maʼlumot uchun bu yoʻnalishlarga 10 apreldan beshtashabbus.uz sayti orqali roʻyxatdan oʻtishga start berdik. Paralimpiya 3 bosqichda tuman-shahar, hududiy va respublika bosqichlarida boʻladi.

 

“Besh tashabbus olimpiadasi”da doirasida nima uchun “Yoshlar ovozi” festivali oʻtkazilishi toʻxtatildi?

Javob: Yoshlar ovozi festivali doirasidagi yoʻnalishlardagi eng iqtidorli va isteʼdodli yoshlarimizni Boʻzatovga chorlab bitta katta festival qilish rejalashtirilmoqda. Bu haqda yana qoʻshimcha va batafsil maʼlumot beramiz.

 

“Besh tashabbus olimpiadasi”dasida nima sababdan shaxmat sport turi oʻtkazilmayapti? Aslida bu sport turi roʻyxatdan oʻtkazilganligi barchamizga maʼlum.

Javob: Shaxmat boʻyicha roʻyxatdan oʻtish boʻlib oʻtdi faqat hozircha 7-30 yoshdagilarni. Hozirda shaxmatni alohida brend loyiha qilish maqsadida 7-70 yoshgacha qilib beshtashabbus.uz saytidan roʻyxatdan oʻtishni tez kunlarda ochamiz va Navoiy viloyatida Toʻdakoʻl manzilida havaskor va professionalga boʻlingan holda erkak va ayollarga ajratilgan holda tashkillashtirmoqdamiz albatta bu 5 bosqichda boʻlib oʻtadi va respublika finali Toʻdakoʻlda oʻtishi rejalashtirilmoqda

 

2023-yil birinchi mavsumida “Besh tashabbus olimpiadasi”ga qanday yangiliklar kiritilmoqda?

Javob: Ilk marotaba kasblar tanlovlarini 5 ta yoʻnalishini qoʻshdik va oʻtgan mavsumlarda nizoli vaziyatlarni keltirib chiqargan holatlarga barham berish maqsadida nizomlarga oʻzgartirishlar kiritdik yaʼni misol uchun avvalgi mavsumda vaqtincha roʻyxatga oʻtgan yosh ham mahalladan ishtirok etgandi va bu koʻplab mahalladagi bitta yoʻnalishdagi faol yoshlarni bitta mahallaga vaqtincha roʻyxatga oʻtib sunʼiy kuchli jamoa shakllantirishga olib kelib noroziliklarga sabab boʻlgandi bu mavsumda esa faqatgina doimiy roʻyxatda turgan mahallasidan ishtirok etish kerakligi belgilab qoʻyildi.

 

“Besh tashabbus olimpiadasi”dan kutilgan natijalar qanday hamda kelgusidagi rejalar?

Javob: Yoshlarimizni avvalo boʻsh vaqtlarini mazmunli tashkil etish, yoshlar siyosati sohasidagi islohotlarni har bir mahalladagi yoshlarga yetib borishiga erishish va asosiysi ommaviylikdan proporsionallikka yoshlarimizni tayyorlashga xizmat qilish.

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring

Obuna bo`lish