Mamlakatimizda oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashda asosiy e’tibor iste’molchilar huquqini himoya qilishga qaratilgan. Shunga qaramay, ko‘pchilik oziq-ovqat mahsulotlarining noto‘g‘ri sharoitda saqlanishi yoki yaroqlilik muddati o‘tib ketishi kabi voqealarga tez-tez duch kelyapti.
Yoz jaziramasi esa sotuvchilarning iste’molchi oldidagi mas’uliyatini ikki hissa oshiradi. Negaki, issiqda mahsulotlar tez aynib qoladi, chiroqning tez-tez o‘chishi esa bu jarayonni yanada tezlashtiradi. So‘nggi paytlarda katta bozorlar yaqinidagi ko‘chma yarmarkalarda, aholi gavjum chorrahalar va yo‘l bekatlari yonida, kichik do‘konlar rastalarida ishlab chiqarilgan sanasi va yaroqlilik muddati ko‘rsatilmagan oziq-ovqat mahsulotlar soni ortib bormoqda. Gazli va gazsiz ichimliklar, turli sharbatlar, shuningdek, yarmakalarning ko‘plab mahsulotlari xaridor diqqatini tortish uchun ochiq havoda, kun tig‘ida qatorlashtirib qo‘yiladi.
Oftob tig‘i mahsulot sifatiga ta’sir ko‘rsatmay qo‘ymaydi, albatta. Masalan, plastik idishlardagi suvlar bir muddatda qizib qoladi. Do‘kon ichida muzlatgichda saqlanayotgan mahsulotni oldik ham deylik. Ammo kun bo‘yi quyosh tig‘ida turgan ichimliklar muzxonaga qo‘yilishi va xaridorga sotilishi biroz tashvishli. Binobarin, ularning tarkibi allaqachon o‘zgarib, sog‘liqqa zarar yetkazishga tayyor.
TEKSHIRUVLARDA VAZIYAT QANDAY?
Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish agentligining o‘rganishlari natijasiga ko‘ra, mahsulotning yaroqlilik muddati o‘tishi, noto‘g‘ri sharoitda saqlanishi kabi qoida buzarliklarning:
- 31 foizi — qandolatchilik mahsulotlarida;
- 17 foizi — sut mahsulotlari;
- 13 foizi — kolbasa mahsulotlari;
- 3 foizi — makaron mahsulotlari;
- 3 foizi — qadoqlangan o‘simlik yog‘i mahsulotlarida kuzatilgan.
Ko‘rinib turibdiki, qoida buzish holatlarining 70 foizga yaqini kundalik iste’mol qiladigan mahsulotlarimizga to‘g‘ri kelmoqda.
O‘tgan yili Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish agentligining hududiy tuzilmalari tomonidan respublikadagi 9 mingga yaqin do‘kon, kioska, laryok va pavilonlar kabi boshqa savdo obyektlarida o‘rganish ishlari olib borilganda ham bu holatlar juda ko‘p uchragan.
1033 ta, ya’ni 12 foiz holatda Vazirlar Mahkamasining 2003-yil 13-fevraldagi 75-sonli qarorida belgilangan chakana savdo qoidalari talablari buzilgan. Shundan 764 ta holatda oziq-ovqat mahsulotlarini quyosh tig‘ida saqlash faktlari aniqlangan.
QONUNDA QANDAY CHORALAR KO‘RILADI?
Do‘kon eshiklari oldida taxlanib, quyoshda qizib yotgan turli ichimliklar, yog‘ mahsulotlarini ko‘rganda nahotki do‘kon mudirlari, sotuvchilar plastik idishlar qiziganda o‘zidan zaharli moddalar chiqarishini, bu moddalar asab, yurak qon-tomir tizimi, allergik kasalliklar, hattoki saratonni keltirib chiqaruvchi omil bo‘lishi mumkinligini bilishmasa, degan o‘yga borasan kishi.
Qonunchiligimizda yaroqlilik muddati o‘tgan tovarlarni sotganlik uchun maksimal jarima bazaviy hisoblash miqdorining 10 baravariga teng. Aniqroq aytadigan bo‘lsak, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 178-moddasiga muvofiq, iste’molchilarga bila turib noto‘g‘ri ma’lumotlar taqdim etganlik, shu jumladan, tovar iste’moliga oid xususiyatlar yoki sifati xususida chalg‘itish tufayli iste’molchilarga zarar yetkazish – huquqbuzarlik ashyolarini musodara qilib, fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining 3 baravaridan 7 baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa 7 baravaridan 10 baravarigacha jarima solishga sabab bo‘lishi belgilangan.
Oziq-ovqat tovarlarini vitrinada quyosh nurlari va yog‘ingarchiliklarning to‘g‘ridan to‘g‘ri ta’siriga uchraydigan holatda saqlashga va joylashtirish ham Vazirlar Mahkamasining 2003-yil 13-fevraldagi 75-sonli qaroriga ko‘ra, chakana savdo qoidalari talablariga zid hisoblanib, javobgarlikka sabab bo‘ladi.
QONUN BOR, LEKIN IJROSI-CHI?
Yurtimizda bunday jinoyatlar uchun javobgarlik jiddiy emas, tekshiruv tadbirlari ham yetarli darajada amalga oshirilmaydi. Insonlarning salomatligini xavf ostiga qo‘yayotgan “tadbirkor” ham arzimagan jarima bilan qutulib qolaveradi. Do‘konlarning oldida quyosh tig‘ida uyib qo‘yilgan turli ichimliklar, istalgan peshtaxtalarda yaroqlilik muddati o‘tgan mahsulotlarni uchratishimiz esa so‘zimizning isbotidir.