Bir xabar o‘qidim. Bu xabarga ko‘ra yurtdoshlarimiz bir haftada, diqqat qiling, bir hafta ichida (!) o‘z avtomobillariga chiroyli raqamlar olish uchun 17 milliard 843 million 900 ming so‘m sarflagan. Bu mablag‘ning 95 foizi jismoniy shaxslarga to‘g‘ri keladi. 17 milliard 843 million 900 ming so‘m!!! Shu haftada eng qimmat avtoraqamning bahosi 206 million so‘m bo‘libdi.
Men bu xabarning yolg‘on xabar bo‘lishini juda istadim. Unchalik tilim kelmasa-da «feyk» bo‘lsin dedim. Unchalik yoqtirmasam-da, shu daqiqalarda «feyk» so‘zini xush ko‘rdim. Lekin «bu yolg‘on xabar» degan xushxabar kelmadi.
Ey mening, eldoshlarim, aziz yurtdoshlarim!
Eliboylarim, boy bobolarim!
Shuncha pulni maktab uchun desa sarflarmidingiz? Shuncha pulni kitob uchun desa sarflarmidingiz? Millat ma’rifati uchun shuncha pul berarmidingiz? Qandaydir kasallikdan azob chekib yotgan bolalar uchun bir haftada shuncha pul yig‘armidingiz?
Nechuk hashamatga munchalar o‘chmiz? To‘ylardagi isrofgarchilik ustiga endi raqamvozlik qo‘shildi. Soxta obro‘ nimaga kerak? Navbati kelgan raqamni olib ketaversak qadrimiz tushib ketarmidi?
Men Eshqobil Shukur degan bir odam 333 raqamli mashinada yurdim nima-yu, 359 raqamli mashinada yurdim nima? Nima o‘zgaradi? Men 333 raqamli mashinada boshqa odamga aylanib qolarmidim? Mening avtomobilimdagi raqam 777 bo‘lgani bilan, o‘zim 0 bo‘lsam, nima foyda? 777ni 0 ga ko‘paytirsangiz barobar 0, baribir 0.
Avvalo, o‘zimiz oltin raqamli bo‘laylik, ma’rifatimiz oltin raqamli bo‘lsin.