2025-2026-o‘quv yilidan oliy ta’limning muayyan yo‘nalishlariga til sertifikatisiz imtihon topshirib bo‘lmasligi haqidagi xabarlar tarqalmoqda. Tabiiyki, IELTSga talabgorlar soni yanada ortadi. Xorijiy sertifikatlar olish uchun o‘z ustida ishlash, tilni chuqur o‘rganish talab etiladi. Ammo ter to‘kib o‘qishni yoqtirmaydigan, lekin maqsadlariga erishish uchun bu til sertifikati juda zarur bo‘lganlar qanday yo‘lni tanlayotgani ko‘pchilikka ma’lum. Talab bor joyda taklif bo‘lishini inobatga olgan holda sertifikatlarni soxtalashtirish orqali daromad qiluvchilar ham paydo bo‘la boshladi.
Xo‘sh, bu “xizmat”larning narxi qancha? “Uddaburon”larga qanday chora ko‘rilmoqda? Bu kabi sertifikatlarning haqiqiyligini qanday bilish mumkin?
“Buni hech kim payqamaydi”
Yaqinda ijtimoiy tarmoqlarda ketma-ket tarqalgan ikki xabar e’tiborimni tortdi. “Milliy til sertifikati”ni olib berish evaziga 2 000 dollar olgan va “TOEFL iBT” nomli “C1” sertifikatini olish imtihonidan o‘tkazib berish evaziga 1 800 dollar olgan fuqarolar ashyoviy dalillar bilan ushlangan. Bu qo‘lga tushganlari, xolos. Xabarni o‘qiganimdan so‘ng bir necha oy avval telegramdagi ingliz tili kanali fikr bildirish qismidagi murojaatlar yodimga tushdi.“IELTS 5,5 kerak, olib bera oladiganlar bormi, narxi qancha?”, “CEFR B2 kerak edi, kimda ishonchli tanishi bor? Qancha so‘rasa ham beraman”. Bu savollarga esa “shaxsiyga yozib yuboring” degan javoblar yozilgan edi.
Yaqinda bir dugonam CEFR imtihonini topshirdi. Telegramda shunga oid bir guruhga qo‘shilganini va u yerda yuqoridagiga o‘xshash “savdo” ketayotganini aytib qoldi. Batafsilroq bilishga qiziqdim. Aytishicha, imtihonga kirib chiqqan-u, ko‘ngildagidek natija ololmaganlarga o‘zlari xohlagan balli sertifikat qilib berishni taklif qilishayotgan ekan. Buning ustiga ishonch bilan buni hech kim payqamasligini va kimdir tekshirib ko‘rsa ham xuddi aslidagi bilan bir xil ma’lumot chiqishini va’da qilishgan.
Xo‘sh, ular buni qanday uddalashmoqchi? O‘zi sertifikatning haqiqiyligini bilish uchun qanday usul bilan tekshirish kerak?
Haqiqiyligini tekshirish
IELTS sertifikati haqiqiyligini tekshirish uchun iels.ucles.org.uk saytidan ro‘yxatdan o‘tish kerak. Keyin sertifikatning pastki o‘ng tomonida berilgan raqam va harflardan iborat shtrix kod yuboriladi va nomzodning haqiqiy ko‘rsatkichlari namoyon bo‘ladi. Ro‘yxatdan o‘tish faqat yuridik shaxs tomonidan (tashkilot yoki ta’lim muassasasi nomi bilan) amalga oshiriladi. Ayrim test tizimlari IELTS – Britaniya Kengashi, FCE – Cambridge assesment tashkiloti, TOEFL IBT – Educational Testing Service tashkiloti, TestDAF – TestDAF instituti, Goethe Zertifikat – Gyote institutlari bilan DTM o‘rtasida hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan. Sertifikatlarni tekshirish bo‘yicha tomonlarning kelishuvi mavjud. Jismoniy shaxlar esa bu imkoniyatdan foydalana olishmaydi.
IELTS instruktor Bekzod Mirahmedov intervyularidan birida “Haqiqiysini soxtasidan ajratish qiyin. Lekin siz e’tibor beradigan jihat – muhr, imzo va nomzodning maxsus kodi bo‘lishi kerak. Ularning rangiga alohida ahamiyat berishni unutmang”, deya qayd etgan.
Milliy sertifikatlarni esa test tizimlarining rasmiy veb saytida tekshirish imkoniyati mavjud. Buning uchun QR kod skaner qilinadi va rasmiy saytga o‘tiladi. Saytda sertifikat soxta yoki haqiqiyligini tekshirib ko‘rish mumkin. Soxtalashtirish bilan shug‘ullanayotgan “uddaburonlar” esa o‘zlari yaratgan soxta QR kod uchun xuddi haqiqiy saytga o‘xshash sayt yaratib, uni aynan shu bilan bog‘lab qo‘ygan. Endi shu joyida savol paydo bo‘ladi. Nima uchun bu imkoniyatdan oddiy odamlar foydalana olmaydi?
Ma’lumotlarga ko‘ra, O‘zbekistonda atigi 15 ta yuridik shaxs IELTS sertifikati haqiqiyligini tekshirish huquqiga ega. Ular orasida O‘zbekistonda akkreditatsiyadan o‘tgan oliy ta’lim muassasalari (Turin, Inha, Singapur, Vestminster universitetlari), Samarqand davlat chet tillari instituti bor. Respublikadagi boshqa hech qaysi OTM bunday ro‘yxatdan o‘tmagan.
Universitetlar o‘z yo‘liga. Hozir nima ko‘p ingliz tilidan dars o‘tadigan repititorlar ko‘p. Maktabda o‘qiydigan farzandini repititorga olib borgan ota-onalar endigina maktabni bitirgan o‘qituvchining sertifikati haqiqiy yoki soxtaligini qanday aniqlaydi? Bu haqda hech qanday ma’lumot yo‘qligiga qaraganda, bilish ilojsiz degan fikr keladi. Balki buni tekshirishning boshqacha, qulayroq, hamma foydalana oladigan usullari ishlab chiqilsa, soxtalashtirish ham ilojsiz bo‘lib qolardi.
Soxtaligi aniqlansa...
Talabalikka tavsiya etilgan abituriyent til sertifikatini OTMga topshirganida soxtaligi aniqlansa, bu shaxs talabalar safidan chetlashtiriladi va 3 yilgacha OTMga imtihon topshirish huquqidan mahrum bo‘lishi mumkim. DTM bergan ma’lumotga ko‘ra, til sertifikati soxtaligi aniqlansa, bu sertifikat huquqni muhofaza qiluvchi organlarga yuboriladi va soxtalashtirish uchun tegishli chora ko‘riladi.
Agar soxta sertifikat qilib berganlikda qo‘lga olinsa, mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik), 28, 211-moddasi (pora berish) bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilishi mumkin.