Diqqat! Veb-sayt test rejimida ishlamoqda

SOYABONSIZ, O‘RINDIQSIZ... BEKATLAR yo‘lovchilar qayerda avtobus kutadi?

6.9.2023 2296

Shahruza SATTOROVA, “Yoshlar ovozi” muxbiri

So‘nggi vaqtlarda jamoat transportlariga e’tibor qaratilib, poytaxt aholisi uchun birmuncha qulayliklar yaratildi. 4 sentabrdan boshlab qo‘shimcha 7 ta yangi avtobus yo‘nalishlari tashkil etildi.

Tirbandliklar soat sayin ortib borayotgan, ekologik muammolar girdobida qolayotgan shahrimiz uchun jamoat transportlarini rivojlantirish eng yaxshi yechim. Biroq bekatlar savdo hududiga aylanib borayotgani ko‘pchilik yo‘lovchilar ta’bini xira qilmoqda.

Yomg‘irlar mavsumi boshlandi. Soyabon olib chiqqan bo‘lsangiz-ku, xo‘p-xo‘p, aks holda avtobus yetib kelgunicha shalobba bo‘lishingiz hech gap emas. Bekatda turay desangiz, bekatning yarmini bir uddaburon tadbirkor egallab olgan, qolgan yarmi esa do‘kon peshtaxtalariga sig‘may qolgan mahsulotlar uchun ombor vazifasini bajaryapti.

Amaldagi me’yorlarga ko‘ra, bekat uchun ajratilgan maydonning kamida 70 foizi yo‘lovchilarga xizmat ko‘ratishi kerak, qolgan 30 foiziga boshqa xizmat ko‘rsatish yoki xususiy subyektlar qurilishiga ruxsat beriladi. Yozning jaziramasida ham, qishning qahratonida ham bir xil manzara. Buning ustiga Toshkentda avtobuslar orasidagi interval juda uzoq – yo‘lovchi keying avtobusni uzoq kutishga majbur.

Yana bir muammo – maydonchasi kaftdekkina keladigan qarovsiz bekatlar. Shiyponchasi to‘rtta temir ustundan, orqa va yon tomonlari po‘lat panjara yoki qalin shishadan iborat. Tomi tunuka yoki plastik material bilan qop­langan. O‘tirg‘ichi juda tor va atigi bitta. Unga to‘rt kishi arang sig‘adi. Yana boshqalarida soyaboni boru, o‘rindig‘i yo‘q. Tabiiyki, bu bekatlar tom ma’noda yo‘lovchilar joniga oro kirolmaydi. Ularni qor-yomg‘irdan ham, qish chillasi-yu saraton oftobidan ham asray olmaydi.

Bekat deganda yo‘lovchilar xayolida yuqoridagi kabi manzaralar shakllanadi. Jamoat transportidan foydalanishda bekatlar muhim ahamiyat kasb etadi. Ammo respublika miqyosida bekatlarning aksariyati talab darajasida emas. Buni o‘rganishlar ham tasdiqlaydi.

Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish agentligi 850 dan ortiq jamoat transporti bekatlarining holati bo‘yicha o‘rganishlar o‘tkazdi. Unda keltirilishicha, bekatlarning 91 foizida avtobuslarning yo‘nalish marshrutlari sxemasi va jamoat transportining harakatlanish jadvali mavjud emas, 62,9 foizi esa chiqindi qutilari bilan ta’minlanmagan.

Tegishli me’yoriy hujjatlarga ko‘ra, avtomobil yo‘llari toifasiga qarab, avtobus bekatlarida chiqish maydonchasi, tushish maydonchasi, kutish joyi, o‘tish chiziqlari, avtobuslar to‘xtashi uchun yo‘lning maxsus kengaytirilgan qismi, ajratuvchi chiziq, trotuar va piyodalar yurish yo‘lakchalari, piyodalar o‘tish joyi, avtopavilon, o‘rindiqlar, chiqindi uchun qutilar va yoritish uskunalari bo‘lishi kerak.

Shuningdek, aksariyat avtobus bekatlari daromad olish shoxobchalariga aylantirilgan. Bekatlarning hajmi kichikligi va ularning maydonlarini do‘konlar, fast-fud, kafelar egallagani sababli iste’molchilar avtobuslarni asosan, quyosh yoki yomg‘ir ostida kutishiga to‘g‘ri kelmoqda. Zamonaviy avtobus bekatlarining yana bir muhim muammolaridan biri – nogironlar aravachasi uchun panduslarning mavjud emasligi ekani ma’lum qilingan.

O‘RGANISHLARGA KO‘RA:

  • 91 foiz bekatda avtobuslarning yo‘nalish marshrutlari sxemasi mavjud emas;
  • 62,9 foiz bekat chiqindi qutilari bilan ta’minlanmagan;
  • 37,2 foiz bekatda kutish zali mavjud emas;
  • 36,5 foiz bekatda yo‘lovchilar uchun o‘rindiqlar yetarli emas;
  • 31,6 foiz bekatda yo‘lovchilar o‘rindig‘i umuman yo‘q;
  • 28,9 foiz bekatda kutish xonalari belgilangan sanitariya-gigiyena talablariga javob bermasligini ko‘rsatgan.

Ko‘rib turganingizdek, raqamlar ham muddaomizni tasdiqlab turibdi. Har gal jamoat transporti muammosi ko‘tarilar, yangi avtobus yo‘nalishlari qo‘yilar ekan, bekatlar muammosini ham yoddan chiqarmasligimiz zarur. Vaholanki, shundoq ham 2176 ta avtobus bekatining 400 dan ortig‘ida konstruksiyalar umuman mavjud emas.

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring

Obuna bo`lish