SHASHKA
Sirdaryo viloyatining Shirin shahrida “Besh tashabbus olimpiadasi” doirasidagi shashka musobaqasining respublika bosqichi bo‘lib o‘tdi.
Respublikamizning 14 ta hududidan faqat g‘oliblikni maqsad qilib kelgan shashkachilar Guliston temir yo‘l vokzalida tantanali kutib olindi. Ochilish marosimi va qurʼa tashlashdan so‘ng yoshlar 3 yosh toifasi (16-21, 22-26, 27-30) bo‘yicha bellashdi.
Uch kun davom etgan bahslar sportchi yoshlar uchun ajoyib lahzalarga boy bo‘ldi. Ular uchun madaniy tadbirlar ham tashkil etildi. Shuningdek, ishtirokchilar “Yashil makon” loyihasi doirasida “Do‘stlik bog‘i”ni barpo etdi.
Musobaqa yakunida Munirabonu Muraliyeva, Nasiba Astanaqulova, Tojixol G‘oziyeva (Sirdaryo viloyati), Rustamjon Mirzakbarov (Namangan viloyati), Suxrobbek Yarashov (Qashqadaryo viloyati), Dostonjon Tursunov (Samarqand viloyati) o‘z yosh toifasi bo‘yicha birinchi o‘rinni egalladi. Taqdirlash marosimida Sportni rivojlantirish vaziri Adham Ikramov, viloyat hokimi vazifasini bajaruvchi Akmaljon Mahmudaliyev va bir qator rasmiylar ishtirok etdi.
VOLEYBOL
“Besh tashabbus olimpiadasi” voleybol bahslarining final bosqichiga Farg‘ona va Buxoro viloyatlari mezbonlik qildi. Yigitlar o‘rtasidagi bellashuvlar Farg‘ona shahridagi “Samo” sport saroyi va Farg‘ona davlat universiteti sport majmuasida o‘tkazildi. Qizlar jamoalari Buxoro Olimpiya zaxiralari sport kolleji hamda “Yoshlik” sport majmuasida bellashdi. Har ikkala bahslar 16-21, 22-26 yosh toifasida 280 nafar ishtirokchidan iborat bo‘ldi.
O‘yinlar qiziqarli, keskin va murosasiz bahslarga boy bo‘ldi. Natijalarga ko‘ra, 16-21 yosh toifasida 1-o‘rin Andijon viloyati Marhamat tumanidagi “Do‘stlik” mahallasi yigitlariga va Qoraqalpog‘iston Respublikasi Qorao‘zak tumanidagi “Do‘stlik” mahallasi qizlariga, 22-26 yosh toifasida 1-o‘rin Farg‘ona viloyati Farg‘ona tumanidagi “Do‘stlik” mahallasi yigitlar jamoasiga hamda Qo‘shtepa tumanidagi “Do‘rmon” mahallasi qizlariga nasib etdi.
Ishtirokchilar Farg‘ona va Buxoro viloyatining diqqatga sazovor joylarini tomosha qilish imkoniga ham ega bo‘ldi.
SHAXMAT
“Besh tashabbus olimpiadasi”ning ikkinchi mavsumida shaxmat musobaqasining mahalla bosqichlarida ishtirok etish uchun respublika bo‘yicha jami 322 845 nafar yosh ro‘yxatdan o‘tdi. Shundan 292 267 nafari musobaqaning ilk bosqichida ishtirok etgan.
Joriy yilning sentabr–noyabr oylarida o‘tkazilgan mahalla – sektor – tuman (shahar) hamda viloyat bosqichlarida saralangan 84 nafar yosh Jizzax viloyati mezbonligida tashkil etilgan shaxmat musobaqasining respublika final bosqichiga yetib keldi. Qizlar va yigitlar 16-21, 22- 26, 27-30 yosh toifasida o‘zaro bellashdi.
Musobaqada Shohjahon Murodaliyev (Andijon viloyati), Shahrizoda Muxsinova (Farg‘ona viloyati), Hasan Qorjovov, Bobomurod O‘tayev va Dilafruz Jo‘rayeva (Surxondaryo viloyati), Sarvinoz Yusupova (Jizzax viloyati) tengdoshlari o‘rtasida birinchi o‘rinni egalladi. G‘oliblarga qimmatbaho sovg‘a va diplomlar topshirildi.