Diqqat! Veb-sayt test rejimida ishlamoqda

SPORT JINOYATCHILIK ILDIZINI QIRQMOQDA

14.3.2023 527

Iqbol PARDAYEVA, “Yoshlar ovozi” muxbiri

Yoshlarni ommaviy sportga jalb qilib, sogʻlom turmush tarzi tomon yetaklayotgan “Besh tashabbus olimpiadasi” koʻplab mahalla yoshlariga ajoyib tuhfalar ham hadya etmoqda. 2022-yil davomida ikki marta oʻtkazilgan mazkur olimpiadada gʻoliblikni qoʻlga kiritgan jamoalar egallagan oʻrinlardan kelib chiqib, 3 toifadagi sport maydonchalaridan biriga ega boʻldi.

Yoshlar siyosati va sport vazirligi masʼul tashkilotlar bilan hamkorlikda gʻolib ishtirokchilar mahallalarida universal sport maydonchalari, “Workout” va “Streetball” maydonlarini oʻzida jamlagan bolalar sport maydonchasini qurib, foydalanishga topshirmoqda. Birgina ikkinchi mavsumning oʻzida vazirlik tomonidan 279 ta mahallada yangi sport maydonchalari qurib beriladigan boʻldi. Xorazm viloyati Urganch shahridagi “Gulshan” mahallasi yoshlari ham “Besh tashabbus” tuhfasiga ega boʻldi.

Mahmudjon JABBOROV, Urganch shahridagi “Gulshan” mahallasi yoshlar yetakchisi:

Mahallamizdagi har bir yoshning istagi, qiziqishi, qobiliyati, dardi va muammolarini imkon darajasida toʻgʻri yoʻnaltira oldik. “Besh tashabbus olimpiadasi”ning dastlabki mavsumidayoq mahallamiz yoshlari yuksak salohiyatini namoyish etdi. Jamoamiz “Streetball” yoʻnalishi (16-21 yosh toifasi)da faxrli ikkinchi oʻrinni olib, pul mukofoti bilan taqdirlandi. Shuningdek, hududimizdan “Streetball” maydonchasi qurib berildi. Hozir yoshlarning sportga qiziqishi yanada ortdi. Maydoncha ularning eng sevimli maskanlaridan biriga aylandi.

Urganch tumanidagi “Choʻlobod” mahallasi yoshlari ham olimpiadaning birinchi bosqichida muvaffaqiyatli ishtirok etib, universal sport maydonchasiga ega boʻldi. Mahalla yoshlar yetakchisi Tohirjon Qodirovning soʻziga koʻra, bu maydoncha nafaqat yoshlarning boʻsh vaqtini mazmunli oʻtkazishda, balki ular orasida jinoyatchilikning oldini olishda ham qoʻl kelmoqda.

Tohirjon QODIROV, Urganch tumanidagi “Choʻlobod” mahallasi yoshlar yetakchisi:

Mahallamiz, asosan, koʻp qavatli uylardan tashkil topgani bois mahalla yoshlarining boʻsh vaqtini mazmunli tashkil etish maqsadida muntazam sport musobaqalari oʻtkazamiz. “Besh tashabbus olimpiadasi”ga ham barcha yoshlarni jalb etib, qiziqishlaridan kelib chiqib tayyorgarlik koʻrdik. Ayniqsa, shashka va “Zakovat” intellektual oʻyinlarida yoshlarimiz yaxshi natijalarni qoʻlga kiritdi. Respublika bosqichida shashkachi yoshlarimiz 16-21 yosh toifasida 1-oʻrinni qoʻlga kiritib, universal sport maydoni qurib berilishi uchun sertifikatga ega boʻldi. Oradan qisqa vaqt oʻtib, mahallamiz hududida zamonaviy sport maydonchasi qad rostladi.

Viloyatning Yangibozor tumanidagi “Tozadoʻrman” mahallasi yoshlaridan biri Bobur Aminov olimpiadaning ikkinchi bosqichida “Street workout” musobaqasining final bosqichida 3-oʻrinni qoʻlga kiritdi. Natijada uning mahallasida ham universal sport maydonchasi quriladigan boʻldi. Mahalladagi yoshlar yetakchisining soʻziga koʻra, sport maydonchasi uchun hududdan joy ajratilgan. Uning qurilish ishlari yaqin kunlarda boshlanishi rejalashtirilmoqda.

Hamid JUMANIYOZOV, Yangibozor tumanidagi “Tozadoʻrman” mahallasi yoshlar yetakchisi:

Bobur Aminovning gʻalabasi sabab mahallamizda zamonaviy sport maydonchasi quriladigan bo‘ldi. Uni koʻpchilik duo qilib, rahmat aytdi. Biroq u maydonchaning qurilishi paysalga solinayotganidan xafa boʻlmoqda. Shu bois bir nechta tashkilotlarga murojaat ham qildik. Ammo hech bir tashkilotdan qurilish qachon boshlanishi haqida aniq javob olmadik. Buning oqibatida yoshlarning “Besh tashabbus olimpiadasi”ga qiziqishi susayib ketishidan xavotirdaman. Yaqin kunlarda bu maydonchaning qurilishi boshlanishidan umidvormiz.

Taʼkidlash oʻrinliki, “Besh tashabbus olimpiadasi”ning ikkita mavsumi natijalariga koʻra, respublikamizning jami 623 ta mahallasida zamonaviy sport maydonchalari qurib berilishi koʻzda tutilgan. Shu kunga qadar 225 ta mahallada vaʼda qilingan maydonchalar foydalanishga topshirildi. Yana 398 ta mahallada sport maydonchalarini qurish ishlari boshlab yuborilgan.

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring

Obuna bo`lish