Diqqat! Veb-sayt test rejimida ishlamoqda

Uy-joy uchun subsidiya olishda aholini qanday muammolar qiynamoqda?

6.8.2024 480

Yoshlar ovozi

Fuqarolarga subsidiya ajratish jamiyatda ijtimoiy adolatni ta’minlash va iqtisodiy barqarorlikni saqlashda muhim ahamiyatga ega. Bu chora daromadlardagi tengsizlikni kamaytirishga, odamlarning asosiy ehtiyojlarini qondirishga va ularning turshmush darajasini yaxshilashga yordam beradi. 

“Yuksalish” harakati aholining uy-joy subsidiyalarini maqsadli va samarali sarflash borasidagi fikrini o‘rgandi. Monitoring doirasida poytaxt va viloyatlar aholisi o'zini qiynayotgan muammolar haqida gapirdi.

Joriy yilda 27 ming fuqaroga subsidiya berish rejalashtirilgan

2024-yilda 27 ming fuqarolarga subsidiya berish bo‘yicha maqsadli ko‘rsatkichlar belgilangan (20 000 nafar fuqaroga yangi uy-joy sotib olish va 7 000 nafar fuqaroga uy-joyini rekonstruktsiya qilish va ta’mirlash uchun). 2024-yilning 1-iyul kuniga qadar 3 415 nafar fuqaroga (12,1%) 112,3 mlrd so‘m miqdorida subsidiya to‘langan.

2024-yilning 1-iyun kunidan boshlab “Mahalla yettiligi” tavsiyasi asosida va Iqtisodiyot va moliya vazirligi mablag’lari hisobidan kambag’allikdan chiqarish dasturiga kiritilgan va uy-joy sharoitini yaxshilashga muhtoj bo‘lgan shaxslarga ipoteka kreditlari ajratish amaliyoti joriy etildi.

Hamon dolzarb muammolar

2023-yilda “Yuksalish” harakati tomonidan ipoteka kreditlari asosida aholini uy-joy bilan ta’minlash jarayonini jamoatchilik monitoringi asosida o‘tkazilgan  natijalaringa ko‘ra, so‘rovnoma ishtirokchilari ko‘p yillik qiyinchiliklardan so‘ng o‘z uy-joylariga ega bo‘lganini bildirishdi. Shu bilan birga, ba’zi ko‘rsatkichlarga erishishda to‘sqinlik qiluvchi bir qator omillar ham aniqlandi. Shuningdek, subsidiyalarni to‘lash va ulardan foydalanish bilan bog’liq muammolar 2024-yilda ham dolzarb bo‘lib kelmoqda.

O‘zbekistonda aholining uy-joyga bo‘lgan ehtiyojini qondirish va muhtoj qatlamlarga maqsadli yordam ko‘rsatish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biridir. Bu sohada uy-joy sharoitini yaxshilash muhtoj oilalarga davlat byudjetidan uy-joy qiymatining 10% miqdorida subsidiya beriladi va ipoteka kreditlari bo‘yicha foiz stavkasining 10 foiz bandining oshgan qismini qoplash uchun subsidiya ajratiladi.

Xususan, 2023-yilda 30 ming nafar fuqaroga subsidiya berish bo‘yicha stavkalar belgilangan (24 958 nafar fuqaroga yangi uy-joy sotib olish uchun, ular ichida 5 042 nafar fuqaro 2022 yildan o‘tib kelgan) jami 1 655,9 mlrd so‘m miqdorida belgilangan. 2023-yilning olti oyi davomida subsidiya olish uchun 251 907 ta ariza tushdi (2022-yilga nisbatan 2,5 barobar ko‘p), shulardan 28 283 tasiga ijobiy xulosa berildi (2022-yilda ijobiy xulosalar soni 29 000 ta).

Ma’lumot uchun: 2021-yil 9-dekabrdagi PF-33-sonli Prezident farmoniga ko‘ra, Qoraqalpog’iston Respublikasi va viloyatlarda bitta qarz oluvchiga ajratiladigan ipoteka kreditining maksimal miqdori 327,3 mln so‘mni, Toshkent shahrida esa 416,5 mln so‘mni tashkil etadi. Dastlabki to‘lovning bir qismini (10%) qoplash uchun subsidiyaning belgilangan miqdori 32,0 mln so‘mni, qolgan 15,0 mln so‘m (5%)ni esa qarz oluvchi o‘zi to‘lashi lozim.

 

Subsidiya miqdori uy olishga yetarlimi?

2023-yilda xonadonlarning o‘rtacha narxlarini o‘rganish natijasida quyidagilar aniqlandi:

  • Viloyat markazlari va yirik shaharlarda (korobka holatdagi) xonadonning bir kvadrat metri taxminan 6-10 million so‘mni tashkil etadi.
  • Tumanlarda - 4,5-6 million so‘m atrofida.
  • Toshkentda - 12 million so‘mdan yuqori.

Shu o‘rinda, subsidiya hisobidan uy-joy sotib oluvchilarda tanlov imkoniyati cheklangan, chunki narxlar ko‘pincha belgilangan, subsidiya qiymati mavjud. Bundan tashqari, subsidiya oluvchilar uchun qurilish tashkilotlari tomonidan uy-joy tan-narxini sun’iy ravishda oshirib ko‘rsatish holatlari kuzatilgan.

Аholi tomonidan qanday muammolar qayd etilgan?

Masalan, Namangan viloyati Norin tumanida yashovchi to‘rt farzand otasi T.B. 2022 yilda subsidiya olgan. Unga past qavatlardagi arzonroq xonadonlarni naqd pulga, qimmatroq xonadonlarni esa subsidiyaga taklif qilishgan. U taklif etilgan narxlarni to‘lay olmasligi sababli ipotekadan voz kechgan.

Urgаnch shahrida yashovchi uch farzandning onasi, beva M.D. o‘qituvchi bo‘lib ishlaydi va 2023-yilda subsidiya olgan, biroq quruvchilar undan bir kvadrat metr uchun naqd 4 million so‘m o‘rniga subsidiya hisobidan 5 million so‘m so‘raganligi sababli subsidiyadan foydalana olmagan

Samarqand viloyati, Oqdaryo tumanida yashovchi D.А. subsidiya haqida faqatgina monitoring davomida bilgan, bu esa uning o‘z vaqtida subsidiyadan foydalanishiga imkon bermagan.

Аndijon viloyatida yashovchi А.D. aytishicha, unga mos keladigan uy-joy yoki quruvchilardan kerakli hujjatlar yo‘qligi sababli u kadastr hujjatini o‘z vaqtida olmagan, bu esa subsidiya muddati tugashiga olib kelgan.

Qashqadaryo viloyati Yakkabog‘ tumanida yashovchi K.G. subsidiya uchun mos keladigan hujjatlari bor yangi xonadon topa olmagan.

Subsidiya to‘g‘risidagi xabarnomaning qisqa muddati

2023-yilda subsidiya to‘g‘risidagi xabarnomaning amal qilish muddati to‘rt oyni tashkil etadi. Qurilayotgan uylarning aksariyatida kadastr hujjatlarining yo‘qligi fuqarolarga uy tanlash va hujjatlarni o‘z vaqtida tayyorlashga to‘sqinlik qiladi.

Aholi subsidiyadan nima uchun voz kechyapti?

Ba’zi fuqarolar uy-joy uchun dastlabki to‘lovni amalga oshira olmaganligi sababli subsidiyadan voz kechishadi.

Subsidiya hisobidan uy-joy bilan ta’minlashga ta’sir etuvchi asosiy omillar:

  • Yangi uy-joylarning narxi qimmatligi;
  • Subsidiyaga beriladigan uy-joylarning yetishmasligi;
  • Obyektlarni topshirish bo‘yicha aniq rejalar va muddatlarning yo‘qligi;
  • Tenderlarni o‘tkazish va moliyalashtirishda kechikkuvlar, bu esa ta’mirlashda uzilishlarni keltirib chiqaradi.

Bu bo‘yicha poytaxt aholisi nima deydi?

Toshkent shahrida yashovchi G.M. 2024 yilda uy-joy qidirayotganini, lekin shaharda narxlar juda yuqori ekanligini ta’kidladi. Shu bilan birga, kadastr hujjatlari bor tayyor uylar juda qimmatga tushishi, qurilishi tugallanmagan xonadonlar esa subsidiya uchun mos kelmasligini aytib o‘tdi.

I.V. ham uy-joy qidirayotgani, lekin subsidiya olish uchun murojaat qilganda, dastlab mavjud bo‘lgan bir xonali xonadonlar birdaniga sotilgan yoki 200-300 million so‘m miqdorida qo‘shimcha to‘lov talab qilinayotgani aniqlandi.

G.B. – davlat subsidiyalari aslida o‘z qiymatini yo‘qotganini, quruvchilar uy narxini subsidiya miqdoriga oshirib, uy-joyni xarid qilish imkoni mavjud bo‘lmay qolganini aytishmoqda.

Shu bilan birga, ko‘pchilik oylik daromadlari subsidiyani hisobga olgan holda uy-joy xarajatlarini qoplashga yetarli emasligini ta’kidlashdi.

Nima qilish kerak?

Yuqoridagi muammolarni oldini olish hamda aholi kayfiyatiga salbiy ta’sir ko‘rsatuvchi omillarni bartaraf etish uchun quyidagilarni taklif etiladi:

  1. Uy-joy ipotekasini subsidiyalashni ikkilamchi bozor uchun ham ruxsat berish;
  2. Subsidiyadan foydalanish muddatini uzaytirish;
  3. Toshkent shahri va markaziy shaharlarda ipoteka kreditining eng ko‘p miqdoriga oshirish;
  4. Qurilayotgan uy-joylarning pastki qavatlarini mahalliy hokimliklar buyurtmasi asosida subsidiya oluvchilar uchun rezervlash.

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring

Obuna bo`lish