Diqqat! Veb-sayt test rejimida ishlamoqda

Sun’iy intellekt ishimizni olib qo‘yadimi?

17.10.2024 1175

Shahobiddin LUQMON, “Yoshlar ovozi” muxbiri

XXI asr – texnologik inqiloblar davri. Sun’iy intellekt (SI) bu inqilobning markazida turibdi, hayotimizning deyarli har bir jabhasiga kirib borayotgan innovatsiyalarning timsoliga aylangan. U faqat ish jarayonlarini avtomatlashtiribgina qolmay, bizni o‘zimizga savol berishga undamoqda: Sun’iy intellekt ishimizni olib qo‘yadimi?

Bu savol ko‘pchilikni o‘ylantiradi. Ushbu maqolada SIning imkoniyatlari, uning ish o‘rinlariga ta’siri, xavflar va yaratgan yangi ijtimoiy dinamikalarni tahlil qilamiz. SI insoniyat kasbiy hayotiga qanday kirib borayotgani, undan maksimal foydalanish uchun qanday yangi ko‘nikmalarni rivojlantirishimiz kerakligini ham ko‘rib chiqamiz. O‘zgaruvchan inson kapitali bozorida o‘z o‘rnimizni saqlab qolish uchun biz qaysi yo‘nalishlarda yoki qanday harakat qilishimiz kerak? Inson va texnologiya o‘rtasidagi yangi muvozanat va munosabat qanday shakllanishi lozim?

SI yaqin bir necha yilda ommalashgan bo‘lsa-da, uning tarixi o‘n yilliklarni o‘z ichiga oladi. Sun’iy intellektga ilk qadamlar o‘tgan asrning 50-yillarida qo‘yilgan edi. Ishlab chiqarish konveyeridagi inson omilini kamaytirgan avtomatlashgan texnologiya-robotlar sun’iy intellekning bir ko‘rinishi, aslida. Masalan, biror bir tizimning ichki nazorat qiluvchi dasturi, komyuterlardagi shaxmat, shashka o‘yinlari ham SI asosida ishlaydi. Bugunga qadar ham sun’iy intellekt hayotimizning bir qismiga aylangan edi. Ammo oxirgi yillarda internetdagi katta ma’lumotlar bazasidan foydalanish, kompyuterlarning yangi avlodi, samaradorlikni oshirish uchun sohaga davlat va xususiy sektor investitsiyalarining kirishi kabi qator omillar sabab SIning rivojlanish dinamikasi keskin yuqoriladi va kirib borayotgan sohalari ham oshdi. Tabiiy ravishda savollar tug‘ildi, vahima ko‘tarildi. O‘tgan asrning 80-yillarida sanoatning avtomatlashtirilishi ham shunday muhokamalarga sabab bo‘lgan...

SIning inqilobiy ta’siri

SI ta’sir qiladigan sohalar soni ortib boryapti. Bu ta’sir ayrimlarida qisman, boshqalarida inqilobiy ko‘rinishda bo‘ladi. Quyida SI sabab katta o‘zgarishlarga duch keladigan ba’zi sohalarni keltiramiz.

Operatorlik. Aksariyat mijozlarga xizmat ko‘rsatish endi jonli qo‘ng‘iroq orqali bo‘lmaydi, balki avtomatlashtirilgan tizimlar yordamida olib boriladi. Mijozlarning so‘rovlari va muammolari ko‘pincha takroriy xarakterga ega bo‘ladi, shuning uchun sun’iy intellekt tez-tez beriladigan savollarga avtomatik javoblarni taqdim eta oladi.

Qabulxona xodimlari. Dunyo bo‘ylab ko‘plab kompaniyalar o‘z qabulxonasida robotlardan foydalanmoqda. Hatto qo‘ng‘iroqlar ham sun’iy intellekt yordamida boshqarilyapti. Misol uchun, “AimeReception” dasturi mehmonlar va mijozlar bilan muloqot qilishda ko‘rish, tinglash va tushunish imkoniyatiga ega.

Buxgalteriya. Kompaniyalar buxgalteriya amaliyotini avtomatlashtirish va sun’iy intellektdan foydalanishga o‘tmoqda. Sun’iy intellektga asoslangan buxgalteriya xizmatlari samarali bo‘ladi, shuningdek, moslashuvchanlik va xavfsizlikni oshiradi. SI algoritmlari ma’lumotlarni to‘g‘ri yig‘adi, saqlaydi va tahlil qiladi.

Sotuv-marketing. Reklama va chakana savdo faoliyatida sotuvchilarni yollashning eski ko‘rinishi yo‘qolib bormoqda. Reklama veb va ijtimoiy media platformalariga o‘tgan. Ijtimoiy tarmoqlardagi marketing imkoniyatlari reklama beruvchilarga turli auditoriyalar uchun maxsus kontent yaratishga imkon beradi. Onlayn savdo platformalarida buyurtma berish, savollarga javob berish ham SI integratsiyalari orqali bo‘ladi.

Tadqiqot va tahlil. Ma’lumotlarni tahlil qilish va tadqiqot sohalarida allaqachon sun’iy intellektdan foydalanilmoqda. Zamonaviy kompyuterlar ma’lumotlarni samarali saralash, ekstrapolyatsiya va tahlil qilish imkonini beradi. Sun’iy intellekt rivojlanishda davom etar ekan, ma’lumotlarni tahlil qilish va tadqiqotda insonlarning roli kamayishi mumkin.

Sug‘urta anderraytingi. Sug‘urta arizalarining haqqoniyligini baholashda asosiy vazifa mavjud ma’lumotlarni tahlil qilish va uni formulalar yoki tuzilmalar to‘plamida qo‘llashdir. Avtomatlashtirish bilan vazifalarni osongina bajarish mumkin. SI murakkabroq vazifalarni bajarishga moslashsa, anderrayterlarga talabni kamaytirishi mumkin.

85 million ish o‘rni yo‘qoladi

Mutaxassislar fikriga ko‘ra, SI va avtomatlashtirishning mehnat bozoriga ta’siri sezilarli bo‘ladi. Jahon Iqtisodiy Forumi ma’lumotlarida sun’iy intellekt sabab 85 million ish o‘rni yo‘qoladi deyilgan. Ammo shu bilan birga, SI inqilobi tufayli 97 million yangi ish o‘rni yaratilishi ham aytilmoqda. “McKinsey” konsalting kompaniyasi mutaxassislari mehnat faoliyatining 45 foizi shu tarzda avtomatlashtirilishi mumkinligini aytgan. Sun’iy intellekt bozori 2023-yildagi 150,2 milliard dollardan 2030-yilga kelib 1 345,2 milliard dollargacha ko‘tariladi.

SI global ish o‘rinlarining 40 foiziga va iqtisodiyotga ta’sir qilishi mumkin. Bu ko‘plab kasbiy, sohaviy jarayonlarni avtomatlashtirish orqali mehnat bozorini sezilarli darajada o‘zgartiradi, ammo shu bilan yangi tendensiyalar kirib kelib, yangi ish o‘rinlarini yaratadi. Sog‘liqni saqlash, ta’lim, moliyaviy operatsion tizimlar, harbiy soha, kiberxavfsizlik, transport, reklama sohalarida SI ta’siri sezilarli darajada bo‘lishi tahlil qilinmoqda.

Sun’iy intellekt kelajakda ma’lumotlarni tahlil qilish orqali qaror qabul qilishni takomillashtirib, samaradorlik va iqtisodiy o‘sishning dvigateli bo‘ladi degan qarashlar ham bor. U yangi mahsulotlar, xizmatlar, bozorlar va tarmoqlarni yaratib, yangi daromad oqimlariga yo‘l ochishi mumkin. Tadqiqotlar shuni ko‘rsatadiki, 2030-yilga kelib sun’iy intellekt dunyo yalpi ichki mahsulotini 14 foizga oshiradi.

Kiber xavflar

SIning deyarli har bir sohaga kirib kelishini to‘xtatib bo‘lmaydi va bu kerak ham emas. Shunday ekan, endi u bilan yashashni, ishlashni o‘rganishimiz zarur. Tahlilchilarning fikriga ko‘ra, sohalar, kompaniyalar va ta’lim muassasalari oldiga qo‘yiladigan eng katta masala kadrlarni qayta tayyorlash va ta’lim, amaliyot jarayonlarini yangilashdan iborat bo‘ladi.

Bundan tashqari, yana bir qancha xavf va hal qilinishi kerak bo‘lgan masalalar mavjud. Masalan, mavjud tizim platformalarining integratsiyalashuvi, agar integratsiyalash cho‘zilib boraversa, SIning samaradorligi ham shunchalik kam bo‘ladi. Chunki sun’iy intellekt aynan integratsiyalangan bazalar orqali ishlaydi, ya’ni uning aqli – ma’lumotlar. Yana bir masala SI sabab xodimlarning ishdan bo‘shatilishini tartibga solish bo‘ladi. Kompaniya, tashkilotlar bosqichma-bosqich va xodimlarini bir necha oy yoki yil oldin ogohlantirish bilan ish o‘rinlarini qisqartirish, kerak bo‘lsa, yangi ish topishda ko‘maklashishi zarur.

Xavfsizlikni ta’minlash ham dolzarb masala hisoblanadi. Ma’lumotlar bazasining buzilishi, himoyalanmagan keng integratsiyalashuv, kiberhujumlar mustaqil tahlil asosida qaror qabul qiluvchi SI tizimlariga katta xavf tug‘dirishi mumkin, ya’ni noto‘g‘ri qaror va ma’lumotlar beradi. Shu sabab SI tizimlari uchun texnik xizmat ko‘rsatish sohasini rivojlantirish zarurati bor.

“Transworld Data” kompaniyasining direktori Meri E. Shaklettning fikricha, SIni joriy etishda eksperimental bo‘lishni to‘xtatish kerak. Ya’ni aksariyat SI tizimlari hali ham sinov bosqichida, ammo hozir SI ishlab chiqarish sohasiga o‘tishdan oldin to‘g‘ri metodologiyalar, texnologiyalarni joylashtirish va xodimlar malakasini oshirish vaqti keldi. Bu – muqarrar jarayon. Bunga tayyor bo‘lish uchun IT operatsiyalari, usullari va ko‘nikmalarni qayta ko‘rib chiqish va qayta joylashtirishni boshlash kerak.

Ish kamayadi, bo‘sh vaqt ko‘payadi

SI ko‘p afzalliklarni taklif qiladi, ammo undagi hissiy mas’uliyatsizlik axloq va jamiyat uchun jiddiy xavflarni keltirib chiqaradi. SI tizimlari avtonom qaror qabul qiluvchi rolida bo‘ladi. Ammo qaror qabul qilish mas’uliyatini sun’iy intellektga topshirish diskriminatsiyani, iqtisodiy tengsizlikni va mas’uliyatsizlikni kuchaytirishi mumkin. Lekin adolat, javobgarlik va kamsitilmaslikni targ‘ib qiluvchi ilmiy va axloqiy me’yorlarni kirita olish bu muammolarni hal qilishga yordam beradi degan qarashlar bor. Tegishli ehtiyot choralari va boshqaruvsiz sun’iy intellekt adolat me’yorlarini buzib, jamiyatdagi mavjud noto‘g‘ri qarashlar, tengsizliklarni avtomatlashtirish va kuchaytirish orqali jamoatchilik manfaatlarini buzishi mumkin.

Xodimlar ish o‘rnini yo‘qotmaslik uchun nima qilish kerak? Bu jarayonda faqat kadrlarni qayta tayyorlash, o‘z ustida ishlash bilan ish bitmaydi. Yana ijtimoiy mas’uliyat, javobgarlik masalasi o‘rtaga chiqadi. Insoniyat tarixidagi ixtirolar odamlarnining og‘irini yengil qilish uchun qaratilgan. SI ham shular qatorida. Shu sabab kompaniya egalari, davlatlarning mas’ul tashkilotlari ham bu imkoniyatni kishilarning ishini osonlashtirish uchun deb qabul qilishi kerak. Odamlar bir vaqtlar dam olishsiz ishlagan, taraqqiyot natijasida sekin-sekin ish soatlari qisqardi, bir yo ikki kun dam olish kuni beriladigan bo‘ldi. Yevropada allaqachon 4 kunlik ish tartibiga o‘tish boshlangan. Odamlarda dam olish, sayohat qilish, masofadan ishlash, ijod, yangilik qilishga vaqt qolyapti. Asrlar davomida shuncha yangilik odamlarning hayotini yaxshilash uchun xizmat qilib, endi SI ularni ishidan ayirib, tang ahvolga solsa, bu insoniyat taraqqiyotining izdan chiqqanini ko‘rsatadi. Shuning uchun ham faqat moddiy manfaatni ko‘zlamasdan, bunga yengillik beruvchi navbatdagi yangilik sifatida qarash zarur, nazarimizda.

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring

Obuna bo`lish