Ijtimoiy va iqtisodiy hayotimizga sun’iy aql jadallik bilan kirib keldi va kundalik turmushimizda faol ishtirok etmoqda. Misol uchun, Google eng ko‘p izlangan buyruqlarni eslab qolish va tavsiya qilish imkoniga ega. Shu kabi ulkan ma’lumotlarni yig‘ayotgan korporatsiyalar ularni qayta tahlil qilish orqali siyosiy, ijtimoiy va iqtisodiy jarayonlarga faol aralashmoqda. Ma’lumotlar bazasi ustidan nazorat o‘rnatish ko‘plab hukumatlarning asosiy maqsadiga aylanib ulgurdi.
Sun’iy aql nima?
Sun’iy intellekt (AI) deganda insonning mantiqiy va ijodiy funksiyalarini bajaruvchi intellektual sun’iy tizim tushuniladi. Bu atama o‘rganish va muammolarni hal qilish kabi inson aqli bilan bog‘liq xususiyatlarni namoyish etadigan har qanday texnologiyaga nisbatan ham qo‘llanishi mumkin. Sun’iy intellektning ideal xususiyati – bu aniq maqsadga erishish uchun eng yaxshi imkoniyatga ega bo‘lgan harakatlarni baholay olish va amalga oshirish qobiliyatidir.
AI dunyosi deyarli cheksiz, u o‘sib borayotgan muhandislik va kompyuter imkoniyatlari hisobiga katta qudratiga ega bo‘lib bormoqda. Turli tor funksiyalar, vazifalar va faoliyatlar allaqachon inson qobiliyati va undan yuqori darajada amalga oshirilishi mumkin, ba’zan esa insonga bo‘lgan ehtiyojni kamaytiradi.
Tadqiqotlarga ko‘ra, keyingi o‘n besh yil ichida AI texnologiyalari jamiyatda juda katta ta’sir kuchiga ega bo‘ladi va global inqilob darajasidagi o‘zgarishlarni amalga oshiradi. Bu ikki xil ta’sir segmentlari orqali xarakterlangan:
birinchidan, AI texnologiyalari kompaniyalar va bandlikka jiddiy ta’sir ko‘rsatadi, bir-biriga chambarchas bog‘langan kompaniyalar va katta ma’lumotlarga asoslangan qarorlar qabul qiluvchi tashkilotlar guruhlari paydo bo‘ladi, bu esa ular o‘rtasida global raqobatning kuchayishiga olib keladi.
Ikkinchidan, odamlar AI tufayli cheksiz imtiyozlardan foydalanishi mumkin bo‘ladi.
Yangi “gigantlar”
1648-yilda Vestfaliya shartnomasi bilan poydevori qo‘yilgan zamonaviy milliy davlatlar hukmronlik qilgan xalqaro tizimda kun sayin o‘z ta’siri va qudratini oshirib borayotgan yangi bir kuch paydo bo‘ldi. Bu yangi kuch – texnologik yutuqlar natijasida katta aylanmalarni boshqaruvchi global texnologik kompaniyalardir.
10 yil oldin dunyodagi eng qimmat kompaniyalar ro‘yxatiga atigi ikkita texnologik kompaniya kirgan bo‘lsa, 2022-yilgi Top-10 talik ro‘yxatdan bu toifadagi to‘qqizta kompaniya o‘rin olgan. Bugungi kunda ushbu kompaniyalarning tovar aylanmasi va daromadi xalqaro tizimdagi qator davlatlarning iqtisodiy salohiyatidan ham oshib ketdi.
Biror insonning ro‘yxatdan o‘tgan joyi haqidagi ma’lumot va Google qidiruv tarixi birlashganda uning sog‘lig‘i, xarid qobiliyati va siyosiy imtiyozlari haqidagi batafsil axborotlar to‘plamiga ega bo‘lish mumkin. Bu ijtimoiy monitoring va kuzatishning eng katta ma’lumotlar bazasiga ega bo‘lish deganidir. Bunday nazorat esa endi avvalgidek mehnat talab qilmaydi, chunki ommaviy profillash infratuzilmalari ham algoritmga asoslangan.
Siyosiy jarayonlarga ta’siri
Zamonaviy davrda siyosiy nomzodlar saylovchilarning ishonchini qozonishda va ularning qo‘llab-quvvatloviga erishish uchun cheklangan miqdordagi vositalarga ega. Ammo keyingi davrda sun’iy intellekt yordamida bu vositalar misli ko‘rilmagan darajada oshishi kutiladi.
Texnologiyalarning algoritmik baholashi Parlamentda qaysi qonun loyihalari qabul qilinishi, saylovchilarni jalb qilish va muhim siyosiy masalalar haqida ko‘proq xabardor bo‘lishga yordam bera boshlaydi. Bu esa jiddiy muammolarni keltirib chiqaradi, chunki AI saylovchilarni individual manipulyatsiya qilish uchun ishlatilishi mumkin.
Masalan, 2017-yilda Buyuk Britaniyadagi saylovlarda ijtimoiy tarmoqlarda noto‘g‘ri ma’lumotlar va soxta xabarlarni tarqatish uchun siyosiy botlardan foydalanilgan. Botlar – bu ommaviy qo‘llab-quvvatlash illyuziyasini yaratish uchun bir tomonlama siyosiy xabarlarni agressiv ravishda tarqatish uchun dasturlashtirilgan avtonom tizimlar vazifasini o‘tagan. Shu jihatlarga urg‘u qaratgan ba’zi ekspertlar sun’iy intellektni “demokratiyani bug‘ib qo‘yuvchi” vosita sifatida ko‘rmoqda.
AI demokratiyaga zarar yetkazadi va avtoritarizmni kuchaytiradi, degan qarashlar ko‘paygan bo‘lsa-da, bu ko‘proq nisbiy, bir tomonlama tushunchadir. AI insoniyat taraqqiyotidagi har qanday muayyan rejim turiga qarshi yoki unga xos mafkuraviy qarama-qarshiliklarni ifodalamaydigan neytral pozitsiyani ifodalovchi muhim faktor vazifasini bajarishi kerak.
AI “yopiq texnologiya” sifatida inson va mashinaning o‘zaro ta’sirida katta noxolislikni keltirib chiqaradi va ishtirok etishdan ko‘ra, markazlashtirilgan boshqaruv tuzilmalarini mustahkamlaydi, degan qarashlar mavjud. O‘z navbatida, sun’iy ong “elektron demokratiya” qaror topishida asosiy omil sifatida ham ko‘riladi.
Mutaxassislar bir paytlar internet boshqaruvini “demokratik” va “avtoritar” domenlarga ajratgan. Bugungi kunda esa dunyo “texno-demokratiya” va “texno avtokratiyalar” o‘rtasida bo‘linishni o‘z boshidan kechirmoqda. Shu nuqtayi nazardan AIga asoslangan texnologiyalarning taraqqiyoti sabab dunyo demokratik va avtoritar xususiyatlarni o‘zida mujassam etgan milliy yoki mintaqaviy doiralarga bo‘linib bormoqda. Shu jihatdan, kelajakda sun’iy aqldan faol foydalanish demokratik davlatlarni yanada demokratlashtirishi, avtoritar davlatlarni esa yanada avtoritarlashtirishi ehtimoli mavjud.
Iqtisodiy taraqqiyot
“Accenture” konsalting kompaniyasi 12 ta rivojlangan mamlakatda o‘tkazgan tadqiqotlar shuni ko‘rsatadiki, 2035-yilga kelib sun’iy ong yillik global iqtisodiy o‘sish sur’atlarini ikki baravar oshirishi mumkin. Bu o‘sish uchta muhim jihat bilan xarakterlangan.
Birinchidan, innovatsion texnologiyalar mehnat unumdorligining (40 foizgacha) o‘sishiga olib keladi va ishchi kuchi bilan bog‘liq vaqtni yanada samarali boshqarish imkonini beradi.
Ikkinchidan, AI yangi virtual ishchi kuchini yaratadi: bu “aqlli avtomatlashtirish” deya nomlanib, muammolarni hal qilish va o‘z-o‘zini boshqarish funksiyalariga ega bo‘ladi.
Uchinchidan, iqtisodiyot turli tarmoqlarga ta’sir ko‘rsatadigan va yangi daromad manbalarini yaratadigan innovatsiyalarning tarqalishidan ham foyda ko‘radi.
McKinsey Global instituti prognozlariga ko‘ra, sun’iy intellekt 2030-yilga borib taxminan 13 trillion AQSh dollari miqdoridagi qo‘shimcha iqtisodiy mahsulot ishlab chiqarishi mumkin. Bu global YIMni har yili taxminan 1,2 foizga oshiradi.
Sun’iy intellektga asoslangan zamonaviy dunyoning eng xavfli jihati shundaki, u “gʻolib hamma narsani oladi” tamoyiliga asoslangan. Bu esa ijtimoiy keskinlik va xalqaro nizolarni yanada kuchaytiruvchi omil bo‘lib qoladi.