Diqqat! Veb-sayt test rejimida ishlamoqda

Quvurda suv muzlab qoldimi?

23.12.2023 897

“Uzsuvta’minot” ma’lumotlaridan foydalanildi

Biz havo harorati keskin sovib ketgan vaqtda quvurlarda suv muzlab qolmasligi uchun ko‘pincha suvni muntazam (behuda) oqizib qo‘yishga odatlanganmiz. Ammo muammoga bundan boshqa yechim ham bor!

Suv quvuri nega muzlaydi?

Bunga quyidagilar sabab bo‘lishi mumkin:

  • quvur belgilangan chuqurlik (70 smdan 1 metrgacha)da ko‘milmagan bo‘lsa;
  • quvur issiqlik izolyatsiyasi bilan o‘ralmagan yoki unga zarar yetgan bo‘lsa.

Ko‘pincha sovuq havo quvurlarning metall va plastmassa elementlariga, bo‘g‘imlariga, shuningdek, quvurning yuza qismiga ta’sir o‘tkazadi.

Qanday aniqlash mumkin?

Bunday tabiiy hodisa ko‘lamini oddiy ko‘z bilan ko‘rish yoki maxsus jihozlarsiz aniqlash mumkin:

  • quvurni ohista taqillating – muz bor joyda tovush jaranglab chiqmaydi;
  • ko‘pincha suv quvurlar bir-biriga ulangan joylarda muzlaydi. Shuning uchun avvalo shunday tarmoqlarni aniqlab oling va muz mavjudligini tekshiring;
  • quvur yuzasida bo‘lgan joylarda kuchli yelvizak bor-yo‘qligini tekshiring. Sovuq shamol bir necha soat ichida sust oqimni muzlatib qo‘yishi mumkin.

Quvurdagi muzni uy sharoitida eritish

  • Iliq suvdan foydalaning. Bu usul suvning turg‘unlik zonasi aniq belgilangan va u kichik bo‘lgan hollarda tanlanadi. Quvurning ochiq muzlagan joyini latta yoki biror mato bilan o‘rab, ustiga iliq, issiq suv quying va suv haroratini sekin-asta oshirib boring. Kranni oching – bu muzning erishini tezlashtiradi. Namlangan lattalar esa issiqlikni bir muddat ushlab turadi, plastmassa yoki metall quvurlar ichidagi muzni eritishga imkon beradi.
  • Iliq havo oqimini yaratadigan har qanday qurilma (masalan, fen)dan foydalanish mumkin. Bu usul quvurlarda muzlagan kichik maydonlarni isitish uchun xizmat qiladi;
  • Agar chanoq (rakovina) yoki unitaz yaqinidagi quvur muzlagan bo‘lsa, unga qaynatilgan tuz qorishmasini (10 litr suv uchun 1 kg tuz) quying.

 Bu usullar quvurlarda suv muzlab qolishining yengil darajasiga mo‘ljallangan. Talafotli holatlarda faqat mutaxassis xizmatidan foydalanish tavsiya etiladi.

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring

Obuna bo`lish