Xabaringiz bor, O‘zbekistonning uchta viloyatida ichimlik suvi narxlari birdaniga ikki barobarga oshirilmoqda. Jumladan, Qashqadaryoda aholi uchun 1 metr kub ichimlik suvining narxi amaldagi 1 000 so‘mdan 2 ming so‘mga, Surxondaryoda 1 ming 150 so‘mdan 2 140 so‘mga, Toshkent viloyatida 950 so‘mdan 1 ming 700 so‘mga qimmatlashmoqda.
Amaldagi tariflarga ko‘ra, eng arzon ichimlik suvi Toshkent shahrida (1 metr kub suv uchun 400 so‘m), eng qimmati esa Navoiy viloyatida (1 metr kub suv uchun 3 ming so‘m) edi.
Ushbu xabarlar ortidan aholi orasida turli savollar paydo bo‘ldi, ijtimoiy tarmoqlarda ham suv narxining oshirilishi ko‘plab muhokamalarga sabab bo‘lmoqda. Shu boisdan “O‘zsuvta’minot” AJ matbuot kotibi Akmal Murodovdan suv narxi nega birdan oshirildi, boshqa hududlarda ham o‘zgarish bo‘ladimi, narxlarning oshirilishi suv bilan ta’minlanganlik darajasi yaxshilanishiga ham ta’sir ko‘rsatadimi kabi savollarimizga javob oldik.
“Narxlarning oshishi mahalliy deputatlarning so‘rovlari, hokimliklar va mas’ul tashkilotlar bilan birgalikdagi qarorlariga bog‘liq bo‘ladi. Ammo narxlar boshqa hududlarda ham baribir asta-sekin o‘zgaradi.
Shu paytgacha aholi ichimlik suv uchun arzimagan pul to‘lab kelayotgan ekan, nega bu shundayligicha davom etavermadi, narxlar oldinroq emas, aynan endi oshyapti degan savol tug‘ilishi mumkin.
Birinchidan, yildan-yilga aholi sonining ko‘payib borishi va buning natijasida ichimlik suvga ehtiyojning ortishi, ikkinchidan, ichimlik suv zaxirasining kamayib borayotgani. Biz ichimlik suv oladigan qo‘shni mamlakatlarda ham zaxiralar kamaymoqda. Uchinchidan, aynan ichimlik suvni xalqqa yetkazib berish, qayta ishlash masalalari ham tariflarimizga ta’sir ko‘rsatdi.
Buxoroga yoki Navoiyga suv yetkazib berishimiz uchun Samarqanddan olib borishimiz kerak. Qancha elektr energiyasi va boshqa resurslar ketadi. Masalan, suv uchun iste’molchidan 100 so‘m olsak, shuning 30-40 so‘mini elektr energiyasiga to‘laymiz. Chunki uzoq hududlarga suv yetkazib berish uchun kuchli bosimda ishlay oladigan nasoslar kerak bo‘ladi.
Bundan tashqari, avariya-tiklash brigadalari bor. Suv ta’minotidagi quvurlar o‘tgan asrning 50-60 yillarida qurilgan. Yillar davomida ular eskirdi va bugun ta’mirlanishga muhtoj. Shuningdek, aholining qariyb 75 foizi ichimlik suv bilan ta’minlangan bo‘lsa, 25 foiz aholiga hali suv yetib bormagan. Narxlarning oshishi o‘sha hududlarga ham ichimlik suv yetib borishini tezlashtiradi.
O‘zbekistonda ichimlik suv bilan bog‘liq vaziyat haqida xalqaro tashkilotlarning ham xulosalari ijobiy emas. Mamlakatda ichimlik suvi tugayapti. Qurg‘oqchilik, isrofgarchilik va boshqa bir qator sabablar tufayli yaqin kelajakda avlodlar suvsiz qolishi mumkin”.
“O‘zsuvta’minot” aksiyadorlik jamiyati boshqarma boshlig‘i Bekzod Shoimov ham shu masalaga izoh berar ekan, Toshkent shahriga ichimlik suvi Bo‘zsuv kanali orqali, Andijon viloyatiga esa Kampirovot suv omboridan yer sathining farqi hisobiga o‘zi oqar tarzida yetkazib berilishini aytdi.
“Shu bois mazkur hududlarda suv narxi arzon. Poytaxtda 1 litr suv 40 tiyinni, Andijonda esa 75 tiyinni tashkil etdi.
Navoiy viloyatida ichimlik suvi iste’molchilarga suv ta’minotining 70 foizdan ortig‘i Samarqand viloyatidagi suv inshootidan ichimlik suv quvurlari orqali yetkazib beriladi. Buning natijasida elektr energiya kamida 2 barobar ko‘p sarf etiladi”, — dedi “O‘zsuvta’minot” mas’ul xodimi.
“O‘zsuvta’minot” AJ mas’ullari axborotiga ko‘ra, viloyatlarda aholining markazlashgan ichimlik suvi bilan ta’minlanish darajasini oshirish rejalashtirilgan. Buning uchun ichimlik suvi va kanalizatsiya tarmoqlari, suv hamda kanalizasiya inshootlari barpo etilishi zarur.
Bundan tashqari, ish haqi, elektr-energiya, soliq to‘lovlari, xorijiy kreditlar to‘lovi amalga oshirilgan bo‘lib, joriy va kapital ta’mirlash, tizimni modernizatsiya qilish ishlarida ham sarf-xarajatlar talab etiladi. Shundan kelib chiqib, ichimlik suvi ta’minoti va oqova suv xizmatlari uchun yangi tariflar tasdiqlanmoqda.
Markaziy Osiyo – Qozog‘istonda aholi har kub ichimlik suv uchun 73–304 tenge (1 905-7 934 so‘m); Tojikistonda 1-8 somoni (1 somoni = 1 061 so‘m); Qirg‘izistonda 6,84 som (904 so‘m); Turkmanistonda belgilangan limitdan tashqari suvga 0,5 manat (1 662 so‘m) to‘laydi.
Yevropa davlatlari aholisi ichimlik suvi uchun dunyodagi eng yuqori narxda to‘lov qiladi. Ro‘yxatda birinchi o‘rinni Norvegiya egallagan. Mamlakat fuqarolari 1 kub metr ichimlik suvi uchun 5,51 yevro to‘laydi. Keyingi o‘rinlarda Germaniya (4,67 yevro), Daniya (4,37 yevro), Niderlandiya (3,99 yevro) keltirilgan.