Diqqat! Veb-sayt test rejimida ishlamoqda

TALABALAR KO‘CHADA QOLMAYDI

20.1.2023 80

Abdulaziz AHMEDOV, “Yoshlar ovozi” muxbiri

18-yanvar. Talabalar shaharchasi. 10-15 nafar yoshlar yotoqxonalarga kelib joylashgan. Yana har 1-2 soatda 3-4 kishi o‘z tyutorlari bilan kirib kelishyapti. Ust-boshlari qalin, bir-biriga qunishib o‘tirgan talabalar boshqalar ham kelishini, yotoqxona to‘lib, odam tafti bilan xonalar isishini kutishmoqda.

Ijtimoiy tarmoqlarda talabalarni yotoqxonaga kirgizishmayotgani, qo‘lidagi yuklari bilan ko‘chaga chiqarib yuborilayotgani haqida xabarlar tarqalgan edi. Tahririyatimizga ham ‘pchilik bu masalada shikoyatlar kelib tushdi. Vaziyatga aniqlik kiritish maqsadida poytaxtimizning Talabalar shaharchasida joylashgan 1-2-3-4-5-yotoqxonalarda bo‘lib, holatni, fikrlarni o‘rgandik.

Barcha talabalar turarjoylarida talaba-yoshlar turibdi. Ta’til 23-yanvargacha uzaytirilishiga qaramay, yoshlar poytaxtga ertaroq kelishyapti. Ularga imkon boricha qulaylik yaratilib, xonalarga joylashtiryapmiz. Hech kim quvib chiqarilgani yo‘q. To‘g‘ri, xonalar sovuq, lekin bu bizga bog‘liq emas-da. Qizlarni 1-yotoqxonaga joylashtirganmiz, chunki u yerda isitish tizimi nisbatan yaxshi. Qolgan yotoqxonalarda esa yigitlar turibdi, – deydi 4-sonli Talabalar turarjoyi tarbiyachisi Yulduz Baratova.

Mas’ullarning aytishicha, hozir hamma joyda sovuq, poytaxtning o‘zida gaz, chiroq va isitish tizimi muammo bo‘layotgani hech kimga sir emas. Talabalar avval ogohlantirilyapti, ichkari sovuqligi aytilib, keyin xonalarga joylashtirilyapti. Aksariyat hollarda talabalar qarindoshlarining uyiga o‘z xohishlari bilan chiqib ketishyapti. Tarbiyachi va tyutorlar ularga vaziyatni imkon qadar to‘g‘ri tushuntiryapti, baribir ko‘pchilik bilet olib qo‘ygani, poytaxtda ishlashi yoki til kurslariga borishi sababli TTJga kelishyapti. Ularga biriktirilgan shaxslar g‘amxo‘rlik qilishmoqda. Yoshlarning fikri bilan ham qiziqdik.

– Sessiya yaqin, vazifalarim, qayta topshirishim kerak bo‘lgan darslarim bor edi. Uyda kutubxona yo‘q, viloyatda kerakli kitoblarni topish muammo. Yana uyimiz ham sovuq, yotoqxona ham. Yaxshi tomoni, bu yerda o‘qib, tayyorlanishim uchun menga hech kim xalaqit bermaydi, – deydi O‘zbekiston Milliy universiteti talabasi Islombek Isomiddinov.

Ha, anomal sovuq ko‘pchilikning tinchini buzdi, halovatini o‘g‘riladi. O‘ylaymizki, bundan qishki mavsumga “qo‘l uchida” tayyorgarlik ko‘rgan ko‘pgina mutasaddilar tegishli xulosa chiqarishdi. Shukr, havo harorati ko‘tarilib, asta-sekin kunlar isiy boshladi. Hademay hammasi iziga tushib, o‘tgan ishdan xulosa chiqarilib, vaziyat qayta takrorlanmasligidan umidvormiz...

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring

Obuna bo`lish