Soliq kodeksining 378-moddasi 16-bandiga binoan, O‘zbekistonning professional va oliy taʼlim tashkilotlarida taʼlim olish (o‘zining yoki 26 yoshga to‘lmagan farzandlarining yoxud erining (xotinining) taʼlim olishi) uchun yo‘naltiriladigan soliq solinishi lozim bo‘lgan ish haqi va boshqa daromadlariga soliq solinmaydi.
Demak, quyidagi 3 toifaning kontrakti uchun to‘langan mablag‘lardan daromad solig‘i ushlanmaydi:
fuqaro o‘zining kontraktiga o‘tkazsa;
ota-onalar farzandining kontraktiga o‘tkazsa (necha yosh bo'lishidan qat'i nazar);
er yoki xotin 26 yoshga to‘lmagan turmush o‘rtog‘ining kontraktiga o‘tkazsa.
Bu imtiyoz qaysi taʼlim muassasalariga qo‘llanadi:
1) professional taʼlim (kasb-hunar maktablari, kollejlar va texnikumlar) o‘quvchilariga;
2) oliy taʼlim talabalariga.
Soliq chegirmasi to‘lov quyidagilar hisobidan amalga oshirilganda taqdim etiladi:
✅ o‘z mablag‘lari;
✅ jismoniy shaxsga tijorat banklari tomonidan berilgan taʼlim kreditlari;
✅ yuridik shaxslar tomonidan jismoniy shaxslarga qaytarish sharti bilan berilgan mablag‘lari (ssudalar).
To‘lov ish haqidan emas, mustaqil amalga oshirilganda yillik daromad to‘g‘risidagi deklaratsiyani topshirgan holda soliq chegirmasidan foydalanish mumkin.
Izoh: yuqoridagi 3 ta toifadan boshqalarning, masalan, aka-ukasi, opa-singlisi, kuyovi yoki kelini yoxud boshqa shaxslarning kontrakti uchun to‘lov qilinsa, hech qanday imtiyoz qo‘llanmaydi.
Tuzatish: to'lov-kontrakt to'laganda 12% daromad solig'i qaytarib berilishida 2023-yil 1-avgustdan boshlab farzandi uchun yosh chegarasi olib tashlangan ekan. Bu 2023-yil 8-maydagi Prezident farmoni asosida belgiangan. Lekin hali Soliq kodeksiga o'zgarish kiritilmagan. Shunday bo'lsa-da, Prezident farmoni asosida imtiyoz qo'llanaveradi.
Ya'ni endilikda ota-onalar farzandining yoshidan qat’i nazar ularning ta'lim olishi uchun yo‘naltirgan summadan to‘langan daromad solig‘ini qaytarib olishi mumkin.
26 yosh cheklovi turmush o'rtog'i uchun saqlanib qolgan.