Diqqat! Veb-sayt test rejimida ishlamoqda

Talabalar qaytmoqda, ijara bozorida vaziyat qanday?

9.8.2024 582

Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti mutaxassislari 2024-yilning iyul oyida Toshkent shahrida uy-joylar uchun ijara narxlarini tahlil qildi. Narxlar oʻzgardimi?

Iyul oyida Toshkent shahrida o‘rtacha taʼmirlangan xonadonlar uchun ijara narxlari pasayishda davom etgan bo‘lsa, to‘liq taʼmirlangan xonadonlar uchun ijara narxlarining biroz oshishi kuzatildi.

Xususan, poytaxtda o‘rtacha taʼmirlangan xonadonlar uchun ijara narxlari iyun oyidagiga nisbatan o‘rtacha 0,7 foizga pasaygan bo‘lsa, to‘liq taʼmirlangan xonadonlar uchun o‘rtacha 0,3 foizga oshgan.

O‘rtacha taʼmirlangan uy-joy ijarasi

2024-yilning iyul oyida o‘rtacha taʼmirlangan 1 xonali uylar uchun ijara narxlari iyun oyidagiga nisbatan (0,2 foiz) oshgan bo‘lsa, 2-4 xonali uylarning ijara narxlari pasaydi.

Xususan, o‘rtacha taʼmirlangan 2 xonali uylar uchun 0,4 foizga, 3 xonali uylar uchun 1,1 foizga, 4 xonali uylar uchun esa 1,6 foizga.

Qaysi tumanlarda arzonroq?

O‘rtacha taʼmirlangan xonadonlar uchun nisbatan arzon ijara narxlari Sergeli (1 xonali — 273 AQSH dollari, 2 xonali – 335 AQSH dollari, 3 xonali – 379 AQSH dollari, 4 xonali — 420 AQSH dollari), Olmazor (1 xonali – 288 AQSH dollari, 2 xonali – 343 AQSH dollari, 3 xonali – 417 AQSH dollari, 4 xonali – 451 AQSH dollari) tumanlarida taklif etilgan.

Eng qimmat ijara narxlari Yakkasaroy (1 xonali – 348 AQSH dollari, 2 xonali – 438 AQSH dollari, 3 xonali – 574 AQSH dollari, 4 xonali – 604 AQSH dollari) va Mirobod (1 xonali – 334 AQSH dollari, 2 xonali – 433 AQSH dollari, 3 xonali – 557 AQSH dollari, 4 xonali – 713 AQSH dollari) tumanlarida kuzatildi.

To‘liq taʼmirlangan uy-joylar ijarasi

2024-yilning iyul oyida to‘liq taʼmirlangan 1 xonali uy-joylar uchun taklif etilgan o‘rtacha ijara narxlari iyun oyidagiga nisbatan pasaygan bo‘lsada, 2 xonali, 3 xonali hamda 4 xonali uy-joylar uchun taklif etilgan o‘rtacha ijara narxlarining oshishi kuzatildi.

Mazkur davrda 1 xonali uy-joylar ijarasi 1,5 foizga arzonlashgan, biroq 2 xonali uy-joylar ijarasi o‘rtacha 0,9 foizga, 3 xonali uy-joylar ijarasi 1,2 foizga, 4 xonali uy-joylar ijarasi 0,6 foizga qimmatlashgan.

Tumanlar kesimida

To‘liq taʼmirlangan uy-joylarning eng arzon ijara narxlari Sergeli (1 xonali – 341 AQSH dollari, 2 xonali – 400 AQSH dollari, 3 xonali – 506 AQSH dollari, 4 xonali – 591 AQSH dollari) va Uchtepa (1 xonali – 359 AQSH dollari, 2 xonali – 438 AQSH dollari, 3 xonali – 552 AQSH dollari, 4 xonali – 671 AQSH dollari) tumanlarida, eng qimmat ijara narxlari esa Mirobod (1 xonali – 447 AQSH dollari, 2 xonali – 736 AQSH dollari, 3 xonali – 1042 AQSH dollari, 4 xonali – 1300 AQSH dollari) va Yakkasaroy (1 xonali – 443 AQSH dollari, 2 xonali – 658 AQSH dollari, 3 xonali – 388 AQSH dollari, 4 xonali – 1170 AQSH dollari) tumanlarida kuzatildi.

Narxlar qanday aniqlandi?

Ijara narxlari “olx.uz” platformasidan veb skreping (web scraping) orqali olingan ochiq maʼlumotlar asosida tahlil qilindi. Bunda 2024-yilning iyun oyi uchun 49,4 mingta va iyul oyi uchun 52,6 mingta maʼlumotdan foydalanildi. Ikkala davr uchun ham tahlil narxlar chegarasining yuqori va pastki 6 foizlik kvantillari chiqarib tashlangandan keyin amalga oshirildi.

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring

Obuna bo`lish