Yangi o‘quv yili boshlanishiga sanoqli kunlar qoldi. Talabalik baxtiga erishgan minglab yoshlar oliy o‘quv yurtiga oshiqadi. Bu davr quvonchliligi bilan bir qatorda stressli hamdir. Negaki, milliondan oshiq talaba turar joy masalasi haqida bosh qotirishga majbur.
So‘nggi yillarda respublikada yoshlarning oliy ta’limga qamrovi oshib borishi bilan bir qatorda, yotoqxonalarga ehtiyoj ham ortib boryapti. Hozir 112 ta OTMda jami 338 ta talabalar turar joylari mavjud bo‘lib, ularning sig‘imi 127 792 o‘rinni tashkil etmoqda. Talabalar soni esa o‘tgan o‘quv yilida 1 million 330 ming nafarga yetgan. Bu raqamlardan xulosa qilish mumkinki, milliondan oshiq talabaning ijara uylarida yashashiga to‘g‘ri keladi.
Xo‘sh, joriy yilda yotoqxonalarga joylashish tartibi qanday bo‘ladi? Bu yil ham ijara haqining bir qismi to‘lab beriladimi? Umuman, OTMlar talabalarni kutib olishga tayyormi? Bu kabi savollarga AOKAda o‘tkazilgan brifingda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi axborot xizmati rahbari Nazokat Abduqunduzova javob berdi.
Yotoqxonaga joylashishda kimlar ustuvorlikka ega?
Talabalarning sifatli ta’lim olishi uchun muhim omillardan biri ularni turar joy bilan ta’minlash masalasidir. 2024/2025-o‘quv yili uchun davlat oliy ta’lim muassasalarining barcha kurs talabalari yotoqxonalarga onlayn ariza yuborish imkoniyatidan foydalanishi mumkin. Bunda talabalar turar joyiga joylashish uchun ariza berish my.gov.uz portali orqali 1-avgustdan boshlab o‘quv yili yakuniga qadar davom etadi.
Quyidagi toifadagi talabalar talabalar turar joylariga ustuvorlik asosida qabul qilinadi:
- “Mehribonlik uyi” tarbiyalanuvchilari, yetim va ota-ona qaramog‘idan mahrum talabalar;
- “Ijtimoiy himoya yagona reyestri”, “Temir daftar” va “Ayollar daftari”ga kiritilgan oilalarning farzandlari hamda “Yoshlar daftari”da turadigan talabalar;
- I va II guruh nogironi bo‘lgan talabalar;
- Bir oiladan bakalavriat bosqichi kunduzgi ta’lim shaklida ikki yoki undan ortiq to‘lov-shartnoma asosida o‘qiyotgan oilalar farzandlari;
- Xalqaro fan olimpiadalari, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi o‘tkazadigan respublika fan olimpiadalarida g‘oliblikni qo‘lga kiritgan talabalar;
- “Yil talabasi” va “Talabalar teatr studiyalari” ko‘rik-tanlovlarining respublika bosqichi g‘olibi bo‘lgan talabalar;
- Oliy ta’lim muassasalari talabalari o‘rtasida o‘tkazilgan “Zakovat” intellektual o‘yinining respublika bosqichida g‘oliblikni qo‘lga kiritgan talabalar;
- Talabalar turar joyida talabalar kengashi raisi, qavat sardori bo‘lgan talabalar.
Umumiy ro‘yxatdagi talabalar uchun talabalar turar joyida ortib qolgan o‘rinlar quyidagicha taqsimlanadi:
- 1-kurs talabalari uchun 55–65 foizgacha;
- 2-kurs talabalari uchun 15–20 foizgacha;
- 3-kurs va undan yuqori kurs talabalari uchun 20–25 foizgacha ajratiladi.
Bunda kurslarga ajratilgan, biroq to‘lmay qolgan o‘rinlar avvalo quyi kurs talabalari orasida, so‘ng kurslarning ortib borishi tartibiga qat’iy amal qilgan holda yuqori kurs talabalari orasida qayta taqsimlanadi. Oliy ta’lim muassasasi tomonidan talabalar turar joyidagi o‘rinlar soni umumiy ro‘yxat bo‘yicha fakultetlar kesimida taqsimlanishi mumkin.
Ijara to‘lovlarining bir qismi qoplab beriladi
Yotoqxona bilan qamrab olinmagan va ijara huquqi asosida yashaydigan davlat oliy ta’lim muassasalari talabalarining 60 foiziga oylik ijara to‘lovining bir qismi Davlat byudjetidan qoplab beriladi.
Bitta turar joyda ikki va undan ortiq talaba ijara huquqi asosida yashagan holatlarda, ularning barchasi ijara shartnomasida qayd etilgan bo‘lishi shart. Bunda talabgorlarga oylik ijara to‘lovining bir qismi ijara shartnomasining summasidan qat’i nazar, Toshkent shahrida bazaviy hisoblash miqdorining bir baravari, qolgan hududlarda bazaviy hisoblash miqdorining yarim baravari miqdorida to‘lanadi.
Dolzarb qirq kunlik
Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi talabalarni munosib kutib olish, o‘quv yilining dastlabki kunlarida talabalarni turar joy bilan tezkor ta’minlash bo‘yicha yuzaga keladigan jiddiy muammolarni o‘z vaqtida bartaraf etish maqsadida joriy yilning 1-avgustidan 10-sentabrigacha bo‘lgan muddatni “dolzarb qirq kunlik” deb e’lon qildi.
15-avgustdan barcha OTMning asosiy binolari hamda talabalar turar joylariga kirish qismlariga kamida 4 ta joyda “Talabalar turar joylariga joylashtirish uchun yordam ko‘rsatish markazlari (infokiosklar)” tashkil etiladi.
Ijara xonadonlari bazasini shakllantirish, talabalar guruh tyutorlari orqali ijara xonadonlariga joylashishiga ko‘maklashish, oliy ta’lim muassasasi rasmiy veb-sayti orqali yangi topilgan ijara uylari ro‘yxati hamda ijara uylari haqidagi ma’lumotlar e’lon qilish yo‘lga qo‘yiladi.