Diqqat! Veb-sayt test rejimida ishlamoqda

TA’LIM KREDITI QANDAY BERILADI?

13.1.2023 161

Shahruza SATTOROVA, “Yoshlar ovozi” muxbiri

2022/2023-o‘quv yilida talabalikka qabul qilingan 190 375 nafar yoshlarning 150 413 nafari to‘lov-kontrakt asosida o‘qimoqda. Bu davlat granti asosida o‘qishga kirganlarga qaraganda qariyb to‘rt barobar ko‘pdir. Ammo hamma ham shartnoma pullarini to‘lay olmaydi. Bunday vaziyatda ta’lim kreditlari muammoga yechim bo‘lmoqda.

Ta’lim krediti olish tartibi haqida tahririyatimizga bir qator murojaatlar kelib tushmoqda. Ularning asosiy mazmuni “Bir oilada ikki yoki uch nafar talaba bo‘lsa, ularga kredit berish tartibi qanday?” qabilida.

Ta’lim kreditlari odatda to‘lov-kontrakt shartnomasida ko‘rsatilgan bir yillik to‘lov summasiga teng miqdorda, Markaziy bankning qayta moliyalash stavkasiga teng foizlarda ajratiladi. Ta’lim kreditlarining ikki xil turi mavjud bo‘lib, biri imtiyozli, ta’minot summalarisiz bo‘lsa, ikkinchisi oddiy, ma’lum foizli ta’minot stavkalari asosida ajratiladi. Markaziy bankning asosiy stavkasi pasaytirilgan taqdirda, ta’lim krediti bo‘yicha foiz stavkasi mutanosib ravishda pasayadi, oshirilgan taqdirda esa ta’lim krediti bo‘yicha foiz stavkasi o‘zgarishsiz qoladi.

Agar oilada farzandlar orasida ikki yoki uch nafar talaba bo‘lsa, ularga kredit qay tartibda beriladi? Bu savol yuzasidan O‘zbekiston banklari assosiatsiyasi axborot xizmati rahbari Hadya ABDULLAYEVA quyidagilarni ma’lum qildi:

“O‘tgan 2022-yildan boshlab talabalarga Markaziy bankning qayta moliyalashtirish stavkasida ta’lim kreditlari berila boshladi. Hozir respublikadagi 12 ta tijorat banklari orqali O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi “Ta’lim kreditini moliyalashtirish jamg‘armasi” hisobidan ajratilgan mablag‘lardan ta’lim kreditlari berilmoqda. Mazkur ta’lim kreditining afzalligi talaba uni o‘qishni tamomlagandan keyin, 7-oydan boshlab 7 yil davomida to‘lab boradi. Opa-singillarimiz uchun bu borada imtiyozlar berilgan. Ya’ni xotin-qizlar berilgan ta’lim kreditining faqat asosiy qarzini qaytaradi. Kredit foizi davlat tomonidan qoplab beriladi.

2022-yil davomida aholidan ta’lim kreditlarini olish jarayonlari bo‘yicha ko‘plab murojaatlar bo‘ldi. Masalan, oila farzandlarining ikki yoki uch nafari talaba bo‘lsa, ularga kredit berilishi qanday bo‘ladi? Ya’ni ikkita talabaga oilada ishlaydigan bitta odam kafil bo‘la oladimi? Bu holatda agar kafilning oylik ish haqi ta’lim krediti berish talablariga javob bera olsa, kafil bo‘la oladi yoki sug‘urta polisi taqdim etish mumkin. “Ijtimoiy himoya yagona reyestri”ga kiritilgan oilalar farzandlari uchun esa bank tomonidan garov ta’minoti talab etilmaydi.

Shuningdek, ta’lim krediti berilish shartlariga ko‘ra, ta’minot sifatida garov, uchinchi shaxs kafilligi hamda sug‘urta polisi taqdim etilishi mumkin. 

Ma’lumot o‘rnida aytish lozimki, ta’lim kreditini olgan shaxsda imkoniyat bo‘lsa, kreditni muddatidan avval yopishi mumkin. Masalan, o‘qishni bitirgan talaba birdan daromad manbayiga ega bo‘lsa, 7 oy faqat kredit bo‘yicha foiz to‘lab bormasdan, asosiy qarzni ham so‘ndirib borishi mumkin. Bunda kredit bo‘yicha umumiy to‘lovlar miqdori kamroq bo‘ladi. Har qanday uzoq muddatli kreditni muddatidan oldin yopish kredit bo‘yicha umumiy to‘lovlar miqdorining kamayishiga yordam beradi”.

 

AKU:

Markaziy bankning asosiy stavkasi pasaytirilgan taqdirda, ta’lim krediti bo‘yicha foiz stavkasi mutanosib ravishda pasayadi, oshirilgan taqdirda esa ta’lim krediti bo‘yicha foiz stavkasi o‘zgarishsiz qoladi.

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring

Obuna bo`lish