Diqqat! Veb-sayt test rejimida ishlamoqda

Tanlov qarshisida turganlar uchun: qaysi tilni o‘rganish foydaliroq?

17.10.2023 823

Sardorbek Usmoniy, jurnalist kun.uz

Dunyo aholisining 40 foizi bir tilda, 43 foizi esa ikki tilda gaplashadi. Yer yuzi aholisining taxminan 1,2 milliardi yangi tilni o‘rganmoqda. Bir nechta til biladiganlar 2 dan 15 foizgacha ko‘proq pul topishlari mumkin. Veb-saytlar va ulardagi ma’lumotlarning 50 foizdan ortig‘i inglizcha, 5 foizdan ko‘prog‘i esa ruscha. 100 ortiq mamlakatlarda ingliz tilida gaplashish mumkin, rus tili esa asosan Rossiya va ayrim possovet hududlaridagina amal qilib, bu ko‘lam torayib boryapti. Chet tilini o‘rganish bo‘yicha tahlillarga asoslangan bugungi mavzu tanlov qarshisida turganlar uchun foydali bo‘ladi.

Yaqin 10 yilliklargacha O‘zbekiston maktablarida xorijiy tillar (asosan ingliz va rus tillari) 2-sinfdan boshlab o‘tilgan bo‘lsa, so‘nggi yillarda hatto maktabgacha ta’lim bosqichlaridan til darslari dasturlarga kiritilib, til o‘rganish yoshi 2-3 yilga “yoshardi”. Demak, talab bor – maqsadni esa to‘g‘ri qo‘yish kerak. Xorijiy tilni o‘rganish alohida qunt, mashaqqat va vaqt talab etadi. Shunday ekan, o‘rganilayotgan tilning istiqboli ham qilingan mehnatni oqlashi lozim.

Maqsadni aniqlab olish

O‘zbekiston ta’lim darsliklariga xorij tillaridan rus, ingliz, fransuz, nemis va boshqa tillar kiritilgan. Asosan, rus (bir o‘quv yilida 68 soat) va ingliz (bir o‘quv yilida 102 soat) tillari. Bu tillar biz uchun boshlang‘ich baza vazifasini bajaradi. Maqsad qo‘yayotganda esa bir-birini inkor etadigan paradoks fikrlar ongimizda aylanaveradi: odamlar soniga ko‘ra til o‘rganilsa, asosan, bitta davlatdagina qo‘llaniladigan hind va xitoy tillari tarozini bosadi; ko‘lamiga qarab o‘rganilsa, dunyoning 100 dan ortiq davlatlarida ingliz tilida gaplashishadi; rus tilini o‘rganay desangiz, Rossiyadan nariga o‘tishingiz bilan sizni tushunishmaydi yoki eshitishmaydi; turkiy davlatlar birlashuvi tarafdorlari esa yagona adabiy turkiy tilining yaratilishidan umidvor, xullas, tanlov ko‘p. Eng muhimi, maqsadni to‘g‘ri aniqlab olish. “Bu til menga nima beradi?” savoliga aniq javobimiz bo‘lishi shart. Buning uchun esa asosli tahlil lozim.

2023-yilning eng ko‘p gaplashiladigan tillari

Quyidagi grafikda ma’lumotlar tahlili bilan shug'ullanuvchi “Statista” platformasining 2023-yildagi eng ko‘p kishilar orasida gaplashiladigan dunyo tillarining ro‘yxati keltirilgan. 10 talik ro‘yxatdan ingliz, mandarin (xitoy), hind, ispan, fransuz, arab, bengal, portugal, rus va urdu tillari joy olgan.

Ommabop tillarni qo‘yaturaylik, ro‘yxatdagi bengal, urdu yoki portugal tillarini o‘rgangan bo‘larmidingiz? O‘rganardingiz, qachonki o‘sha tillarning hayotingizda, ish faoliyatingizda o‘rni bo‘lganida. Lekin avval til o‘rganib, keyin kar’yera qilaman, desangiz, ingliz, xitoy, ispan, fransuz arab yoki rus tillarini tanlaysiz. Chunki bu tillarga talab bor. Bular orasida biz o‘zbekistonliklar uchun eng ommaboplari esa ingliz va rus tillari (so‘nggi paytlarda arab va xitoy tillari ham ommalashmoqda).

Nima uchun shu til?

Maqsadni aniqlab oldik: karera, ko‘proq maosh va kengroq imkoniyat uchun til o‘rganish shart. Endigi bosqichda “Qaysi til?” va “Nima uchun?” savollarini ko‘ndalang qo‘yishimiz kerak bo‘ladi. Shunday ekan, o‘zbekistonlik maktab o‘quvchilarining asosiy tarkibi o‘rganadigan ingliz va rus tillarini tasniflab chiqish maqsadga muvofiq.

Ingliz tili

Dunyoning qariyb 373 mln aholisi bu tilni rasmiy birinchi til (shundan 274 mln kishi uchun ona tili), 1,1 mlrdga yaqin kishi ikkinchi til sifatida o‘rganib, jami 1,5 mlrdga yaqin kishi ingliz tilida gaplasha olishadi. Bu esa yer yuzidagi har besh-oltinchi odam inglizcha gaplasha oladi, demakdir.

Shuningdek, Yer sharining 5 qit’asidagi 118 ta davlatda ingliz tilidan rasmiy yoki mahalliy darajada foydalanilsa, shundan 59 mamlakatda u davlat tili hisoblanadi; internet tarmoqlaridagi ma’lumotlarning yarmidan ko‘pi ingliz tilida; dasturiy tillar asosan shu tilda yaratiladi; o‘rganish uchun o‘rtacha qiyinlikdagi tillar ro‘yxatiga kiradi.

Rus tili

Dunyo aholisining 260 mlnga yaqini rus tilida gashlasha oladi. Shundan 154,1 mln kishi o‘z ona tili, 104,1 mln kishi esa ikkinchi til sifatida bu tildan foydalanadi. Dunyoning eng ko‘p gaplashiladigan tillari ro‘yxatining o‘ntaligiga kirgani bilan rus tili ko‘lamiga ko‘ra, asosan, Rossiya va possovet davlatlarida, Yevropa va AQShning juda kichik hududlarida mahalliy darajada amal qilib, Rossiya, Belarus, Qozog‘iston va Qirg‘iziston davlatlarida davlat tili, O‘zbekiston, Ozarboyjon, Armaniston, Turkmaniston va Tojikistonda norasmiy ikkinchi til sifatida amal qiladi.

Lekin possovet hududlaridan Gruziya, Ukraina va Boltiqbo‘yi davlatlari allaqachon rus tili iste’molidan voz kechgan va bu ko‘lam tobora torayib, yuqoridagi keltirilgan davlatlarning yoshlari ham o‘rganish uchun boshqa muhimroq bo‘lgan ingliz, ispan, nemis, xitoy yoki arab tillarini tanlamoqda. Chunki rus tilidan Rossiya hamda sobiq ittifoqning sanoqligina davlatlarida foydalanilyapti. Internet tarmoqlarida rus tilidagi ma’lumotlar salmog‘i jihatidan ingliz tilidan keyin 2-o‘rinda turadi. Ammo oradagi farq qariyb 10 baravarni tashkil qiladi (ingliz tilida 50 foizda ortiq, rus tilida 6 foiz atrofida). O‘rganish uchun esa u xitoy, arab, venger va yapon tillaridan so‘ng eng qiyin tillar guruhiga kiradi.

Boshqa ommabop jahon tillari

Odamlar orasida eng ko‘p gaplashiladigan tillar ro‘yxatida ingliz va rus tillari orasida:

-        xitoy (mandarin) tilida 1,1 mlrd kishidan ko‘proq;

-        hind tilida 609 mln kishidan ortiq;

-        ispan tilida 550 mln kishidan ortiq;

-        fransuz tilida 300 mln kishidan ortiq;

-        arab tilida 270 mln kishidan ortiq;

-        bengali tilida 270 mln kishidan ortiq;

-        portugal tilida 260 mln kishidan ko‘proq qamrovni ko‘rish mumkin.

Eng oson tillar

Xorijiy tillarning eng ommaboplaridan bo‘lgan ispan, fransuz, italyan va nemis tillari o‘rganish uchun eng oson tillar sifatida baholandi.

Inson umridagi eng qimmat narsa – bu vaqt. Til o‘rganish esa mana shu boylikni sarflash demak. Shuning uchun o‘rganayotgan tilingizning kelajagi va sizning kelajagingizda o‘sha tilning o‘rni, foydasi va ahamiyatini hisobga olsangiz yutasiz. Ikkinchi xorijiy tilni o‘rganishga jazm qilgan bo‘lsangiz, yuqoridagi tahlillarimizni hisobga olgan holda xulosa qilishingiz mumkin. Unutmang, u qaysi millatniki bo‘lmasin, til bazangizning yangi tillar bilan boyishi sizga faqat foyda keltiradi. Bu yo‘lda barchangizga omadlar tilaymiz!

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring

Obuna bo`lish