Diqqat! Veb-sayt test rejimida ishlamoqda

Tarixiy xatodan ajoyib asar

10.5.2023 2110

Ziyoda RAHIMBOYEVA, O’zJOKU talabasi.

Malikaga aylanishni orzu  qilmagan qiz topilmasa kerak. Bashang, uzun etakli ko‘ylak, boshdagi hashamatli toj, shoxona saroy, doim buyuruqni bajarishga  shay  turadigan xizmatkorlar… Yaqindagina sanʼat muzeyidagi bir suratni uchratmagunimcha, boshqalar kabi meni ham bolalik orzularimda  shu o‘y yashardi.

Konstantin Dmitrievich Flavitski  mo‘yqalamiga tegishli “Malika Tarakanova”  asari  “Hech kimga havas qilmaslik kerak”  degan qarashlarimni yana ham mustahkamladi. O‘quvchi mutolaa qilayotgan   kitobda, hatto farrosh  qo‘lida tutgan supurgida masʼuliyat bor. Tarakanovaninig fojeasi (masʼuliyati) esa malika bo‘lib dunyoga kelganligida. Hashamdor saroyda yayrab yashashdan tashqari, har lahzada hokimiyat va taxt uchun zimdan kurash ketishini hisobga olmaganim, hatto bu haqida o‘ylab ko‘rmaganimni shu surat qarshisida ilk bor sezib qoldim.

Suratga boqing,  shaharga suv toshgan,har kim o‘z jonini qutqarish bilan band. Hatto malika qamalgan zindonning azaliy mezbonlari bo‘lgan sichqon-u kalamushlar ham. Qiz esa allqachon yashashdan umid uzgan, qattiq charchagan alfozda devorga behol suyangan. Shu payt uning ichidan qanday hissiyotlar o‘tayotgan ekan? Balki, keyinchalik tarixiy kitoblar, go‘zal suratlarda siymosi gavdalanishini o‘ylab o‘ziga taskin izlayotgan yoki shunchaki oddiy oilaning o‘rtamiyona qizi bo‘lib dunyoga kelamagani uchun taqdiriga laʼnat o‘qiyotgandir? Bilmadim. Ammo, suratdagi yirtilgan chuvrindi yostiq bilan malikaning qimmatbaho qizil bahmal ko‘ylagi bir-biriga qanchalik zid kelsa, bu suratning syujeti bilan asl tarih o‘rtasida shunchalik ulkan farq mavjud.

…Ijodkor xalqi nozik. Ular bilan doim o‘ylanib, ehtiyotkorlik bilan  muomala qilish kerak, chunki siyosatshunoslar yoki diniy ulamolar kabi, ijodkorlar murosaga ko‘nmaydi. Qandaydir chiziqlar, qolip yoki qatʼiy qoidalarga bo‘ysunmaydi ularning qalbi. Yuqorida nomi tilga olingan ijdkor Konstantin Flavitski ham “o‘tda yonmaydigan, suvda cho‘kmaydigan, bir kun kelib albatta tiklanadigan” deb tariflanuvchi tarixga tupurib, Tarakanova siymosini o‘z xayolotida kechgan voqealarga asoslanib tasvirladi. Tushunishim bo‘yicha, qirolning sevimli qizalog‘i bo‘lgan Tarakanova ichki dushmanlar fitnasi, gij-gijlashlari va uyushtirgan ig‘volari sabab  maʼlum muddatga zindonga tashlanadi. Biroq, adolatsizlikni qarangki, kutilmaganda  shaharda suv toshqini yuz berishi bechora qizning sho‘riga sho‘rva to‘ksa, dushmanlar uchun foydaga ishlaydi. Shunday qilib, go‘yo “unutilgan”  malikadan umrbodga qutilishadi.

Aslida-chi, haqiqat qanday edi?

Rassom Flavitskiyning 3 nusxada chizilgan  bu asari  birinchi marta 1864-yilda Imperator akademiyasidagi sanʼat ko‘rgazmasida  namoyish etilgan. Ammo katalogda  Aleksandr II ning maxsus buyrug‘i bilan  "Rasmning syujeti tarixiy haqiqatga ega bo‘lmagan romandan olingan" deb alohida ko‘rsatilgan.  Tarakanova  despotik tuzumning begunoh  qurboni sifatida tasvirlangan surʼat o‘sha davrda katta mashxurlikka erishgan bo‘lsa ham surʼatdagi go‘zal ayol malika emas, shunchaki zamonasining uchiga chiqqan firibgari sifatida fosh etilgan.

Asl dunyoga kelishi tarihi butunlay nomaʼlum qiz  1775-yil o‘zini Yelizaveta Petrovna va graf Aleksey Razumovskiyning qizi deb eʼlon qilib, hammaga shunday tanishtira  boshlaganida  Ketrin II buyrug‘i bilan hibsga olinadi  va zindonga tashlanadi. Knyaz Golitsin tomonidan uzoq muddatli so‘roqda, bir-biriga to‘g‘ri kelmaydigan  turli ko‘rsatmalar beradi.  Ammo, suratdagi, Pol qalʼasida tasvirlangan  suv toshqini  soxta qahramonimizning vafotidan 2 yil o‘tgach yuz beradi. Soxta malika aslida hech qanday suv toshqinidan emas, shu yilning dekabr oyida ovqatdan zaxarlanib vafot etadi. G‘alati, odamni chalkashliklar sari yo‘llaydigan tarixga ega asar bo‘lishiga qaramasdan  o‘sha davrning taniqli tanqidchisi V.Stasov   uni “Ajoyib rasm, maktabimiz shon-shuhrati, rus rang-tasvirining yorqin ijodi” deb taʼkidlagan.  Tadbirkor Pavel Tretyakov esa  uni  rassomning vafotidan keyin sotib olib,  o‘zining  mashxur kolleksiyasiga qo‘shib qo‘yadi.

Agar menda ham shunday imkoniyat bo‘lganida, bu suratni hech ikkilanmay sotib olgan va kolleksiyamga qo‘shgan bo‘lar edim. Chunki uning qimmati nafaqat mahorat bilan chizilganligida, balki o‘ziga hos, to‘qima va chalkash tarixga ega ekanligida ham deb hisoblayman.

Qolaversa, unga boqib  har safar o‘zimgagina tegishli bo‘lgan iqrorlarimi yana bir  esga olaman!

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring

Obuna bo`lish