Qalblarimizni buyuk yozuvchi va ijodkorlar asarlari bilan tanishtirgan mahoratli tarjimon Ibrohim G‘afurov bilan ko‘rishish, suhbatidan bahramad bo‘lish uchun uyiga borar ekanmiz, ko‘nglimizni ham hadik, ham hayojon hissi qamrab oldi. Chunki Navoiy bobomiz: “Meni men istagan o‘z suhbatiga arjumand etmas, Meni istar kishining suhbatin ko‘nglum pisand etmas”, deganlaridek ustoz bizdek toliblarni o‘z suhbatiga musharraf etarmikan, biz-ku u inson suhbatiga intizormiz, uning ko‘ngli bizning ko‘nglimizni pisand qilrmikanlar, degan o‘yda, xavotirda edik.
Qarangki, shunday ulug‘ yozuvchilar asarlarini o‘zbekchaga o‘girgan, dunyo adabiyoti bilimdoni ulug‘ ustozning ko‘nglida zarracha da’vo yo‘q ekan. Bizni o‘z bolalarini qarshi olgandek ijod xonasiga boshlab kirdi. Ish stoli ustida turgan bir qancha kitoblar ichida xalq og‘zaki ijodiga oidlari birdan e’tiborimizni tortdi. Suhbatimizni “O‘zbek xalq ijodi yodgorliklari” nomli kitob bilan boshladik. Xalq og‘zaki ijodiga doir yuzlab dostonlar, o‘lanlar, laparlar va qo‘shiqlarni xalq orasidan yig‘ib, yozib olishda bevosita ishtirok etgan, 1972-yillarda “Oq olma, qizil olma” kitobi bilan o‘zbek folklorshunosligiga katta hissa qo‘shgan Muzayyana Alaviyani ustoz ehtirom bilan tilga oldi:
– Mana o‘sha Muzayyana opam to‘plagan xalq qo‘shiqlari, laparlar, o‘lanlar shularni birga yig‘ilishi “O‘zbek xalq ijodi yodgorliklari” nomli 100 jildli kitobga jamlangan. Ushbu kitobdagi qo‘shiqlarning har bir misrasi oltin, billur barobarida turadi, bularning hammasini Muzayyana opam o‘zi yayov yurib, odamlardan yig‘ib, davralarda o‘qib, daftarlariga yozib olib, mana shu kitob holiga keltirganlar. Ularning adabiyotga, xalq og‘zaki ijodiga qiziqishi To‘ra Mirazeyv degan shoir tog‘alari orqali o‘tgan. Ular ham katta shoir, adabiyotshunos edilar.
Asra qizil gulingni,
Saqla qizil gulingni,
Bahosiga yetmasa,
Uzma qizil gulingni.
Tom boshida turgan qiz,
Sochin mayda o‘rgan qiz,
Jamalagin esholmay,
Eshib qo‘ying degan qiz.
Qarang, bu qo‘shiqlarning o‘z jozibasi, o‘z latofati bor. Bunday kitoblarni o‘qimay turib, inson qanday qilib, chin ma’noda ziyoliga aylanishi mumkin? Meni shu savollar juda ham ko‘p o‘ylantiradi...
Ustoz, yaqinda “Yangi asr avlodi” nashryotida chop etilgan “Ayrilmas er” nomli yangi tarjimangiz bilan tanishib turibmiz. Shu asar tarjimasi va umuman Fyodor Dostoyevskiy asarlariga muhabbatingiz haqida so‘zlab bersangiz?
– Bu Dostayevskiyning “Вечный мужь” romani. Bu asarni men qishda, betob bo‘lib qolgan paytimda, kasallik kayfiyatiga tushib qolmaslik uchun ham tarjima qildim. “Yangi asr avlodi” nashrdan chiqardi va kecha o‘zlari kelib berib ketishdi. Juda ajoyib asar. Men 40 yil ichida Dostayevskiyning 6 ta romanini o‘zbek tiliga tarjima qilganman. Eng ulug‘ romanlari “Jinoyat va Jazo”, “Telba”, “Qimorboz”, “Iblislar” va so‘nggi romani “Aka-uka Karamazovlar”. “Вечный мужь”ni ham o‘zbek kitobxonlari o‘qishini anchadan buyon orzu qilib yurardim, shu yil – uch oy davomida tarjima qilib tugatdim. Men yoshlik paylarimda adibning “Oydin tunlar” degan qissasini o‘qigan edim. Shu-shu Dostayevskiy asarlarini juda yaxshi ko‘rib qolganman. Keyin butun umr uning asarlarini o‘qidim. Menda ularni tarjima qilish ishtiyoqi talabalik yillaridayoq paydo bo‘lgan. O‘rganib-o‘rganib, yaxshi ko‘rganim tufayli tarjimaga qo‘l urganman. Hatto bu ishlarim uchun qalam haqiga ham qiziqmaganman. Tarjimalarimni 70-80-yillarda boshlagan bo‘lsam, qanchalik qiyin bo‘lmasin, qiziqishim va yaxshi ko‘rganim tufayli ularni tugatdim.
– Asarni nega aynan “Ayrilmas er” deb o‘girdingiz, sizda boshqa variantlar ham bo‘lganmi?
– Asar nomi meni ko‘p qiynadi. “Вечный мужь”degan nom o‘zbekcha iboralarda yo‘q, hayotimizda uchratmaymiz. Bu ibora ruslarning o‘zida ham yo‘q. Dostayevskiy bu nomni Italiyada yurgan paytlarida eshitib, asarining nomiga qo‘ygan. 20 tacha nom o‘ylab ko‘rdim, unisi yoqmadi, bunisi yoqmadi, oxiri “Ayrilmas er” degan to‘xtamga keldim.
– Tarjima uchun qanday asarlarni tanlash lozim, obrazlarni, makon va zamonlarni tasvirlashda nimalarga ahamiyat beriladi, bizga shular xususida o‘z fikrlaringizni bildirsangiz.
– Tarjiama – adabiy ijodning juda ham qiziq bir sohasi. Odam o‘zi qiziqqan asarini tarjima qilishi lozim.
– Demak, hamma asarniyam tarjima qilib bo‘lmaydi?
– Hamma asarni tarjima qilishning ma’nosi yo‘q. Va bu mumkin ham emas. Masalan, siz italyan yoki ispan adabiyotidan biror yozuvching asarini o‘zbek tiliga tarjima qilmoqchisiz. Avvalo, shu asarni yaxshi ko‘rishingiz kerak bo‘ladi. Keyin shu xalq adabiyotini bilishingiz, mukammal o‘rganishingiz talab etiladi. Bu yerda bilish, bilimdonlik juda katta ahamiyatga ega. Ana undan so‘ng sizda tarjimonlik layoqati uyg‘onadi. Tarjimaning yo‘li asosan shunday: o‘qish, o‘rganish, bilish va muhabbat. Tarjima qilayotgan asaringizga nisbatan muhabbat bo‘lishi lozim. O‘zbek tilini mukammal o‘rganish, o‘rganganda ham gap qurilishi, sintaksisi o‘zbek tilida qanday va boshqa tillarda qanday kichadi? Bularni faqat qiyoslash usuli bilan tarjimonlik ko‘nikmasini o‘zlashtirish mumkin.
– Ustoz, siz yuqorida o‘zbek xalq og‘zaki ijodidan bir qancha kitoblarni, dostonlarni, qo‘shiqlarni misol qilib keltirdingiz. Men Chingiz Aytmatovning sizning tarjimangizdagi “Qulayotgan tog‘lar” romanini o‘qigandim. Shu asarda Arsen Samanchin kuylagan mangu qayliq qo‘shig‘i bor. Chingiz Aytmatov bu qo‘shiqni xalq og‘zaki ijodidan olganmi yoki o‘zi yozib asarga kiritganmi?
– Bu qo‘shiqni Chingiz Aytmatov xalq tilidan yozib olgan, roman kontekstiga tushishi uchun qaytadan ishlab chiqqan. Chingiz og‘a nihoyatda ko‘p odamlar ichida yurib, ularning dard-u tashvishlari bilan qiziqqan. Har bir narsaga juda e’tiborli bo‘lgan va ko‘rgan-eshitganlarini adabiy asarlariga tabiiy ravishda singdirishga harakat qilgan.
Qoyil qoladigan tomoni shundaki, Chingiz Aytmatov asarlarining barchasi jahon tillariga tarjima qilinib, juda mashhur bo‘lib ketgan. Odamlar o‘z yurtidagi yozuvchilar asarlarini qanday iliqlik bilan kutib olsa, Chingiz og‘a asarlarini ham xuddi Gyotening “Faust”i yoki Dantening “Ilohiy komediyasi” kabi qabul qilgan. Aynan umuminsoniy g‘oyalari tufayli har bir xalqni o‘ziga ohangrabodek tortib turadi. Men Chingiz Aytmatovning uchta romanini o‘zbek tiliga tarjima qilganman. “Qiyomat”, “Qulayotgan tog‘lar” va “Chingizxonning oq buluti” romanlarini. U kishi Odil Yoqubov bilan yaqin do‘st edilar. Toshkentga kelganlarida bir necha bor ular bilan ko‘rishish, suhbatlashish nasib etgan. O‘sha paytda “Qiyomat” romanini o‘zbekchaga tarjima qilganimdan juda ham xursand bo‘lgan.
– Ustoz, o‘zbek she’riyati, adabiyoti va hozirgi adabiy jarayonlar haqidagi fikrlaringiz bilan ham o‘rtoqlashsangiz.
Bizning adabiyotimiz juda katta adabiyot, bu muhitda Shukur Xolmirzayevlar, Tog‘ay Murod, Odil Yoqubov, O‘tkir Hoshimov kabi ulug‘ yozuvchilarimiz yetishib chiqdi, xuddi shunday she’riyati ham. Endi she’riyat qanday tushunishga bog‘liq. She’riyatni qabul qilish odamning shaxsiyatiga borib taqaladi. Misol uchun, menga yoqqan she’r sizga, sizga yoqqan misralar menga yoqmasligi mumkin, bu tabiiy. Har holda, har kim o‘z qalbiga ko‘ra she’riyatni qabul qiladi. Hozirgi modern she’riyatimiz vakillarini ham kuzatib boraman. Ulardagi kafyiyat turli xil shakllarga ega. Bularni o‘rganish uchun esa, adabiyotimiz tarixini mukammal bilishimiz va hozirgisi bilan taqqoslab bormog‘imiz lozim...
O‘qigan har bir kitobingiz hayotingizda izsiz ketmasligi kerak. Shundagina siz o‘z maqsadingizga erishgan bo‘lasiz.
Suhbatimiz oxirida ustoz shunday so‘zlar bilan biz, yoshlardan umidi ko‘p ekanini ochiq-oydin bayon etdi. Biz ham agar adabiyot bo‘stoniga qadam qo‘ymoqchi bo‘lsak, yelkamizda ulkan ma’suliyat hissi turishini unutmasligimiz kerakligi angladik va ustozga mazmunli suhbat uchun tashakkur aytdik.