Diqqat! Veb-sayt test rejimida ishlamoqda

Ko‘kdalada tarvuz pishdi!

6.5.2024 591

Ilhomjon ABDUSALOMOV, “Yoshlar ovozi” muxbiri

Qashqadaryo viloyati Ko‘kdala tumanida tarvuz pishdi. Usta dehqonlarning bu muvaffaqiyati siri nimada?

40-50 million foyda!

186 mingdan ortiq aholiga ega Ko‘kdala tumanida 25 ming gektar maydonga ertapishar tarvuz ekilgan. 10 mingga yaqin oilaning daromad manbayiga aylangan bu paykallardan ular har yili o‘rtacha 40-50 million so‘mga yaqin foyda oladi.

Tumanda ertapishar tarvuz yetishtirishni birinchi bo‘lib “O‘tamayli” mahallasining uddaburon dehqonlari boshlagan.

Mahallamizda plyonka ostida ertaki tarvuz yetishtirishning o‘ziga xos tajribalari qo‘llaniladi, – deydi “O‘tamayli” mahallasi raisi Rustam Abdullayev. –“Dolbi” navli urug‘ fevral oylarida maxsus plyonka idishlarda ko‘chat bo‘lguncha parvarishlanadi. So‘ngra issiqxonalarga o‘tqazilib, do‘ga usulida yetishtiriladi. Unumdor tuproq va suv tejovchi texnologiyalar issqxonalarimizning asosiy afzalliklari bo‘lgani bois erta bahordan to kech kuzgacha tarvuzdan barakali hosil olinadi.

E’tiborlisi, mahalla ekin maydonlarining 90 foizga yaqin qismida tarvuz yetishtiriladi. Ko‘kdalada yosh-u qari o‘g‘itlash, chopiq qilish, sug‘orish va boshqa agrotexnik tadbirlarda faol ishtirok etadi.

Mahallamiz mirishkorlari orasida 20 gektargacha hududda shu faoliyat bilan shug‘ullanadiganlar bor, – deydi “O‘tamayli” mahallasi hokim yordamchisi Ilhom Fayziyev. – Ular o‘rtacha bir gektardan 45-50 tonnagacha hosil oladi. Bir kilo tarvuz 10 mingdan 15 ming so‘ggacha sotilsa, daromadini tasavvur qilavering. Mahallamiz drayveri bo‘lgan tarvuzchilik bo‘yicha aholining daromadini oshirish maqsadida 75 ta artezian qudug‘i qazilib, 7 ming gektar lalmi yer o‘zlashtirildi. Paykallarga to‘liq suv tejovchi texnologiyalar o‘rnatilgan.

Ilhom Fayziyevning ma’lum qilishicha, aholi suvni tejash usullaridan oqilona foydalanmoqda. Ya’ni 5-7 sotix maydonda 3-4 metr chuqurlikda hovuz qazilib, plyonka bilan qoplanadi. Keyin 25-30 tonna suv bilan to‘ldirilib, bosqichma-bosqich sug‘orishda ishlatilinadi.

 

“Meni tarvuzchi deb chaqirishadi”

Mahallamizning “Qodiriy” ko‘chasi 20-uyda yashovchi Sardor Karimov va “Behbudiy” ko‘chasi 35-uyda yashovchi Solih Rajabov ishsiz ekanligini ma’lum qildi, – deydi mahalla yoshlar yetakchisi Mirkamol Ergashev. – Xatlov jarayonida yoshlarimiz dehqonchilik qilishga xohishi borligini hamda iloji boricha o‘z tomorqasidan samarali foydalanish uchun sharoit yaratib berishni so‘radi. Yoshlarning talab va istaklari inobatga olinib, 2023-yil avgust oyida tavsiyamiz asosida hokim yordamchisi bilan birgalikda imtiyozli kredit ajratishga erishildi.

Yoshlar yetakchisining bu gaplari amalda qanchalik o‘z isbotini topganiga qiziqdik.

Dehqonchiligimzni dekabr oyida urug‘ni issiqxonamizga qadashdan boshlaymiz, – deydi 25 yoshli Sardor Karimov. – Fevral oyida dalaga obchiqishdan oldin ko‘chatning to‘g‘ri shakllanganiga e’tibor beriladi. Tomchilatib sug‘orish texnologiyalaridan foydalanyapmiz. Buning afzalligi nimada desangiz, oldin 3 gektar maydonga sarflangan suvni hozir 6 gektarga yetkazyapmiz.

Sardor Karimov o‘tgan yili tarvuzchilikdan 120-150 tonna hosil yetishtirib, 35-40 million so‘m daromad qilgan bo‘lsa, bu yil ko‘rsatkichni 170-200 tonna va daromadni  55-60  million so‘mga yetkazishni rejalashtirgan. Yosh dehqon 3 nafar oila a’zosini doimiy, hosil yig‘ish paytida 15-20 nafar hamqishlog‘ini mavsumiy ish bilan ta’minlamoqda. Qozog‘istonga jo‘natilayotgan Ko‘kdala tarvuzlarida Sardorning ham hissasi katta.

Tarvuzchilik bilan 5 yildan beri shug‘ullanaman, – deydi yana bir qahramonimiz  Solih Rajabov. – Joriy yilda yetakchimiz tavsiyasi bilan 7 gektar yer maydonini ijaraga oldim. Gektaridan o‘rtacha 50-55 tonna hosil yetishtiramiz.  Kam bo‘lmayapmiz. Shu faoliyatimiz ortidan “tarvuzchi yigit” degan nomni olishimiz xalqimizga foydamiz tegayotganining rag‘bati bo‘lsa kerak.

Ikki yildan beri tomchilab sug‘orish texnologiyalaridan foydalanayotgan Solih Rajabov o‘tgan yili 100-120 million so‘m daromad oldi. Endigi maqsad eksport hajmini oshirish. Ayni damda Solih Rossiya Federatsiyasiga har bir hosildan 50 tonnagacha  tarvuzni eksport qilmoqchi.

Yoshlarimizda intilish kuchli

Mahalla faollarining aytishicha, shu kunlarda “O‘tamayli”da bironta ham bekorchi yoshni uchratmaysiz. 

Maqtanyapti demang-u, yoshlarimizning deyarli hammasi mehnatkash, – deydi yoshlar yetakchisi Mirkamol Ergashev. – Dehqonchilikka qiziqishi bo‘lgan yoshlar qatorida uyushmagan, ishsiz yoshlarimizni ham band qilyapmiz. Jumladan, joriy yilda 128 nafar yoshga tuman hokimligi, Yoshlar ishlari agentligi tuman bo‘limi ko‘magida  50 sotixdan 5 gektargacha yer maydonlari  ijara asosida ajratib berildi.

1362 nafar yosh yashovchi mahallada 2023-yilgi xatlov jarayonida 12 nafar ishsiz yosh aniqlangan. Yil yakuniga qadar bu yoshlarning 2 nafari doimiy ish o‘rniga joylashtirilgan.  5 nafariga mahalladagi hokim yordamchisi bilan birgalikda tadbirkorlik faoliyatini boshlash uchun imtiyozli kredit, 2 nafar yoshga bandligini ta’minlash maqsadida subsidiya asosida mehnat qurollari ajratilgan. 3 nafar yosh qiziqishidan kelib chiqib tumandagi monomarkazda kasb-hunarga o‘qib qaytgan.

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring

Obuna bo`lish