TAVAKKAL
Tamaki tugadi, tun emas,
Gʻashiqtirar asabim sabr.
Na tuyam bor, na suv to‘la mesh,
Oldinda tong — Sahroyi kabir.
Derazadan otilar soyam,
Qutqarolmas mendan o‘zini.
Xayrlashmoq uchun qayrag‘och
Qo‘l uzatar g‘amgin cho‘zilib.
Mushuklar jim, oy ham beparvo,
Shamol bog‘lar qo‘ynida yayrar.
Shift tikilar dajjolday sovuq,
Toq ko‘zida lovullab hayrat.
Yurak esa yuvilgan ko‘ylak,
Chak-chak tomar chetidan savol.
Shivirlayman: siqilma, umr
Bekatlarda etadi davom.
Tunni chekib bitirar soat,
Ovoz eshar eshik qarg‘abop.
Yopinaman namxush yurakni,
Oldinda tong — mash’um karbalo.
Na tuyam bor, na suv to‘la mesh...
IKKI KAMBAGʻAL
Osmondan do‘l yog‘sa Xudodan ko‘rdik,
Qishloqni suv yuvsa, dedik Xudodan.
Qo‘rqsinib, qisinib, sudralib yurdik,
Amallab jon saqlab chodir, o‘tovda.
Birimiz ikkiga do‘nmadi hargiz,
Xirmoni butlarning oshdi hisobi.
Shunda ham toqatni aylabon targ‘ib
Ko‘nikdik. "Nimasi bo‘lgan Isoning?
Yegani noning bor, kiygani chopon,
Och qornim – tinch quloq o‘gitin esla.
Xudo yo‘l ko‘rsatar noshukur, nodon",
Bir-birga uqtirdik g‘azabdan xezlab.
Ming afsus, bolalar quloqsiz chiqdi,
Erkinlik bir burda non emas derlar.
Ko‘zingga o‘qrayib so‘kar dunyoni:
"Yolg‘onni boqyapmiz dalada terlab"
Aqlsiz bolalar tilingiz tishlang,
Qullik Xudoyimga tobelik ramzi.
Kallani ko‘tarmay jimgina ishlang,
Zamonga gung kerak, kerakmas Hamza.
Yo‘q, bizga ergashmas, asov, betizgin,
To‘g‘ri, kambag‘almiz, ammo to‘q, saxiy.
Baribir so‘zingni bo‘larlar keskin:
"Erkinlik bir burda non emas axir!"
Birodar, qoldimi uch-to‘rt kunliging,
Ular haq esa-da o‘zgarmas odat.
Mening omiligim, sening go‘lliging
Aslo tuzalmagay, bu ham Xudodan.