Diqqat! Veb-sayt test rejimida ishlamoqda

“Tengi chiqsa, tekin ber”ishga shoshilmang!

9.1.2025 201

Sug‘diyona SOBIROVA, Bunyod KELDIBOYEV, “Mahorat maktabi” tinglovchilari

“Qiz bola o‘qib shahar olib berarmidi? Borgan joyida toshdek qotsa, eri, qaynana-qaynatasining xizmatini qilsa, bola-chaqali bo‘lib, o‘zidan tinchib ketsa bas, diplom nimaga kerak?!”

Bu o‘tgan asrning emas, taraqqiy etgan XXI asrda, bugungi O‘zbekistonda, ta’lim sohasida tub islohotlar olib borilayotgan, qizlarning o‘qishi uchun keng imkoniyatlar yaratilayotgan paytda ba’zi ota-onalar bildirayotgan fikrlar. Bir necha yillardan beri qizlarning ta’lim olishiga munosabat o‘zgarib, eskicha stereotiplar parchalanayotgan bo‘lsa-da, har zamon qo‘ni-qo‘shni gurungi, to‘y-ma’rakalarda qizlarini o‘qitishga qarshi bo‘lgan va uyidan olisroqda o‘qiydigan qizlarni “aynigan mahsulot”ga chiqaradiganlarni uchratib turamiz. Nega ilmni bir pulga, ilmlilarni sariq chaqaga olmaydigan bunday kishilarda ayni qarashlar shakllangan?

Qizini yoshlikdan uy yumushlarida chaqqon, pazanda, tili shirin, gap qaytarmaydigan, eriga “xo‘p bo‘ladi” deydigan obrazda tarbiyalab, “yog‘li” joyga uzatishga, qulog‘ining tinchiga harakat qiladiganlar bugun ham talaygina. Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, O‘zbekistonda kambag‘allik darajasi 11 foizga teng (2023-yil yakuniga ko‘ra). Bu degani 38 millionga yaqin aholining 4 milliondan oshig‘i kambag‘al. O‘qish davrida yashash va boshqa turli xarajatlar... Undan ko‘ra “to‘yni o‘tkazay-da, tinchgina yuray” deydi-da, birov uning cho‘ntagiga kunda-kunora qo‘l solib, “bu xamir uchidan patir” deydigan mansabda bo‘lmasa. Qay birining otasi bevaqt vafot etgan yoki tashlab ketgan, bechora onaning o‘zi bir kunni ikkinchisiga zo‘rg‘a ulab turgan bo‘lsa, u yoqda birov “o‘rgilay, suqsurday qizingiz bor ekan!”, deb tursa. “O‘qiydigani bo‘lsa, qaynanasining maktabida o‘qib oladi endi”.

Biroq moliyaviy ahvoli yaxshi, lekin qizini o‘qitmaydiganlar ham yetarlicha bor-da. Qizi maktabning yuqori sinfiga o‘tavergani sayin sandiqni to‘ldiraveradi. Maktabda “hakkalab” o‘qigani yetmaganday, oliy ta’limdan ham bebahra qizning yelkasiga hayotning ola xurjuni tushganda, turmushning mushti yuzini ko‘kartiraman deb turganda qizining qanday qilib bu sinovlarni yenga olishi, irodasi va zakosi haqida o‘ylab ham o‘tirmaydi. Natijada o‘z joniga qasd qilgan ayollar, ajrimlar yoki noto‘g‘ri qarorlar mevasi – jabrdiyda bolalar soni ortadi.

– Bu mavzu doim muammoli bo‘lib kelgan, – deydi O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi, shoira Zulfiya Mo‘minova. – Ayrimlar qizini o‘qitmay, karyera qilishiga, o‘zini kashf etishiga yo‘l qo‘ymaydi. Qiz bolaga past nazar bilan qarab bo‘lmaydi. “Uyda o‘tirishing kerak, osh-ovqat qilib, kir-chirlarga qarashing kerak”, deb qayta-qayta uqtirish natijasida qiz bola o‘z-o‘zidan harakatni to‘xtatishi mumkin. Shunday gaplar bilan to‘yingan kundan boshlab u baxtsiz odamga aylanadi. Bir toifa oilalar bor — “Sen baribir shaharga bormaysan, o‘qiyolmaysan, bizning ilojimiz yo‘q, biz kambag‘almiz”, deb bolasiga har kuni to‘siq qo‘yaveradi. Oqibatda qiz bolaning o‘ylamlari faqat maishiy hayotning ikir-chikir muammolari bilan o‘ralib qolgan, afsuski. Menimcha, qiz bolaning o‘ziga ishonchini orttirishda oilasi muhim rol o‘ynaydi. Mana, Diyora Keldiyorova. Pastdarg‘omdagi qishloqning qizi edi. Buvisi Buvsara aya nevarasini yetaklab, murabbiylarga olib borgan, kelajakda katta sportchi bo‘lishiga ruhlantirgan. Buvsara ayaning fikrini butun oila, keyinchalik Diyoraning turmush o‘rtog‘i va qaynana-qaynatasi ham qo‘llab-quvvatlagan. Men iqtisodiy faktorlar qiz bolaning o‘qimasligiga sabab bo‘la oladi, degan fikrga qarshiman. To‘rt muchasi sog‘ odam, xoh ayol bo‘lsin, xoh erkak, bilimi yoki biror hunari bilan nafaqat tirikchiligi uchun pul topa oladi, balki ta’limiga ham sarmoya kirita oladi. Faqat ongdagi to‘siqni bartaraf etish kerak xolos.

– Imkon borida qizlarimiz o‘qib, o‘z ustida ishlashi kerak. Chunki davlat yaratayotgan imkoniyatlar juda ko‘p. Turmushga chiqish qochib ketmaydi. Ota-onalardan ham bir narsani iltimos qilgan bo‘lardim. Agar qizingiz baxtli bo‘lishini istasangiz, albatta, unga o‘qish uchun imkon bering. Hatto imkoniyati cheklangan bo‘lsa ham.
To‘rt devor orasida qolgandan ko‘ra o‘qib, jamiyatga qo‘shilgani yaxshi, — deya masalaga munosabat bildirdi O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti talabasi Maqsadxon Hotamova.

– Onaning ta’lim darajasi farzandlariga uzoq vaqt davomida ta’sir qiladi. Nafaqat shakllanish davrida, balki tug‘ilganidan to voyaga yetguncha, hatto keyinchalik ham onaning ta’limi bola uchun ahamiyatli hisoblanadi. Masalan, tahsil ko‘rgan ayol bor oilada o‘rtacha daromad nisbatan yuqori bo‘ladi. Tabiiyki, moliyaviy barqarorlik bolalarga akademik muvaffaqiyat uchun zamin yaratadi. Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, o‘qimishli onalarning bolalari nisbatan sog‘lom va me’yoriy vaznda tug‘iladi. Bu ularga akademik samaradorlik uchun ustunlik beradi. Qolaversa, o‘qimishli onalar o‘z farzandlarini kognitiv rivojlanishni rag‘batlantiradigan tadbirlarga ko‘proq jalb qilib, ularga uy vazifalarini bajarishda yordam berishi mumkin. Ota-onaning ta’limga ustuvor ahamiyat berishiga guvoh bo‘lgan bola qiyinchiliklarga duch kelganda qat’iyatli bo‘lishga harakat qiladi, – deydi oliy toifali shifokor Dilafro‘z Rajabova.

– Muqaddas kitobimiz Qur’oni Karimda ham, hadislarda ham ta’lim masalasi birlamchi qilib qo‘yilgan. “Ilm talab qilish har bir musulmonga farzdir”, deyilgan hadisi shariflarimizda. Jadidlar ham ayollarni savodli qilish, shu asnoda jamiyatni jaholat botqog‘idan olib chiqish yo‘lini izlagan. Sho‘ro davrida ayollarni ommaviy tarzda hokimiyat ishlariga tortish, kommunist sifatida peshqadam qilish kabi sun’iy, soxta g‘oyalar ilgari surilgandi. Aslida, ayolning karyeraga o‘chligi, amalparastligi xunuk ko‘rinishi mumkin. Lekin uning ma’rifatli bo‘lishi ayni muddao. Chunki o‘qigan ona farzandlarini ma’rifatli qiladi, kitobga oshno qiladi. Jamiyatni isloh qilish ana shu. Shu ma’noda xotin-qizlarning o‘qimishliligi jamiyatning ilmiy-ma’rifiy darajasini ko‘taradigan asosiy omildir. Shuning uchun bugun ular kamida bitta xorijiy tilni bilishi shart va albatta, biror sohaning egasi bo‘lishi – quvonarli hol, – deydi O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist, yozuvchi Olim Toshboyev.

Cho‘lpon deydiki, “Agar millat farzandlarining tarbiyasi ilmli va madaniy onalar qo‘lida emas ekan, oxirimiz yomon”. Axir jahon beshigini tebratgan, ilm cho‘qqisini zabt etgan zakiy zotlarning ortida ilmli onalar turgani moziydan ma’lum-ku.
Ko‘pchilik ota-onalarning qizini o‘qitmay, erta turmushga berish harakatiga tushib qolishiga bahona deyarli bir xil: “Tengi chiqdi, tagli-tugli joy”. Biroq shunisi ham borki, shu illatlar bilan to‘yingan yigitlar ham “uzoqni ko‘zlab qo‘ygan”. Qizning o‘qimaganini yoki zakosi o‘zidan past ko‘ringanini tanlaydi. Chunki ilm bilan nurlanmagan aql egasini boshqarish oson ular nazdida.

Ma’lumotlarga qarasak, rivojlangan mamlakatlardagi oliy ta’lim muassasalarida talabalarning aksariyatini qizlar tashkil etadi. Xususan, 2022-yilda Xitoydagi universitetlarda bakalavriat ta’lim bosqichiga qabul qilingan talabalarning 56,92 foizini qizlar tashkil etgan. Yon qo‘shnimiz Qozog‘istonda 2020-yil ma’lumotlariga ko‘ra, OTM talabalarining 53,2 foizi xotin-qizlardan iborat bo‘lgan. 2023-yilning avgust oyidagi ma’lumotlarga ko‘ra, respublikamizdagi oliy ta’lim muassasalarida tahsil olayotgan talabalarning 46 foizini qizlar tashkil etgan. Qo‘shimchasiga, talaba xotin-qizlarning aksariyati, asosan filologiya, tilshunoslik kabi sohalarga yo‘nalgan. Yuridik, diplomatik, siyosiy, iqtisodiy, xalqaro yo‘nalishlardagi sohalarda qizlar soni supraga urvoq sepgulik. Demak, hali qarashlarimizni o‘zgartirishimiz kerak. Bu borada jamiyat transformatsiya bo‘lishda davom etishi kerak.

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring

Obuna bo`lish