Diqqat! Veb-sayt test rejimida ishlamoqda

TEKIN YAXSHILIK

21.1.2023 71

Marjona QURBONOVA, “Yoshlar ovozi” muxbiri

Yaxshilik – maqtov yoki mukofot kutmasdan, saxiylik, mehr va boshqalarga gʻamxoʻrlik qilish bilan belgilanadigan xatti-harakatlarning ifodasi. Bunday insonlar esa mintaqamizning har bir nuqtasida bor. Ularni birlashtiradigan ulkan loyihalardan biri, bu – volontyorlikdir.

Bu haraktning kuchuni karantin paytida qiynalgan va koʻngli yarim yurtdoshlarimizga mehrli qoʻllarini choʻzgan  insonlar misolida ko‘rdik. Hozirgi kunda esa jinsi, yoshi, millati, dini va ijtimoiy sharoitidan qatʼi nazar koʻngillilardan iborat Oʻzbekiston volontyorlar assotsiatsiyasi faoliyat yuritib kelmoqda.

2020-yil 4-dekabrda tashkil etilgan Assotsiatsiya rahbari Shirin Obidova yonida toʻplangan insonparvar, mehrli yurtdoshlarimiz bilan birgalikda faoliyat olib bormoqda. Assotsiatsiyaning eng yosh volontyori 11 yoshda boʻlib, asosiy tarkibni 30 yoshgacha boʻlgan yoshlar tashkil etadi.

Eng koʻzga koʻringan loyihalar, asosan, yoshlar tomonidan amalga oshirilmoqda. Misol tariqasida, “Солнышко” volontyorlar guruhi asoschisi, Toshkent davlat arxitektura institutini bitirgan Munisa Mo‘llajonovani koʻrsatishimiz mumkin. U ikkinchi kursdan boshlab, volontyorlik yoʻlida oʻz guruhini shakllantirgan va atrofida ming nafarga yaqin yoshlarni ezgulik yoʻlida birlashtirgan, natijada 2 ming nafarga yaqin oila, oila ichida 500 nafarga yaqin bolajonlar ozmi-koʻpmi ularning yordamiga suyangan. Eng qizigʻi, Munisa sohasi arxitektor boʻlishiga qaramay, ikkita ijtimoiy muammoni yechadigan mavzuni diplom ishi sifatida tanlagan va hozirgi kunda ulardan birini Germaniya elchixonasi va Chilonzor tumani hokimiyati bilan hamkorlikda hayotga tatbiq etyapti.

Aslida Oʻzbekiston aholisining 60 foizini tashkil etuvchi yoshlarning hammasi oʻzi bilgan, bilmagan holda volontyor. Faqat tizimli shaklda ishlasak, insonlarga koʻrsatilayotgan yordamlarimiz samarasi oshib boradi. Yoshlarga eng katta tilagim, ezgulik va yaxshilikni eng avval oʻzingizdan, yaqinlaringizdan boshlang. Ehtimol siz moddiy va jismoniy yordam koʻrsatolmassiz, lekin ularga yaxshi kayfiyat bagʻishlay olasiz va insonlarning koʻnglini chogʻ qilish savobdir, – deydi Oʻzbekiston volontyorlar assotsiatsiyasi rahbari Shirin Obidova.

Darhaqiqat, insonlarga mehr ulashish bizdan hech qanday mablagʻ talab qilmaydi, balki oʻzimizga boʻlgan insoniylik sifatini yanada oshiradi. Siz ham savob ishlar qilishga shoshiling, hech boʻlmasa yoningizdagilarga tabassum ulashing, axir bu tekin.

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring

Obuna bo`lish