Diqqat! Veb-sayt test rejimida ishlamoqda

TERMIZNING LAYLOSI – YETAKCHILAR A’LOSI

30.8.2024 2229

Muhammadshukur MUHAMMADJONOV, “Yoshlar ovozi” muxbiri

Yoshlar ishlari agentligi an’anaga muvofiq, yilning II choragida ham mahallalarda yoshlar siyosatini muvaffaqiyatli amalga oshirishda alohida natijalarga erishgan TOP-100 yoshlar yetakchilari reytingi e’lon qildi.

Yoshlar yetakchilari mahalladagi yoshlarning haqiqiy yoʻlboshchisi. Ular yoshlarning intilishlari va maqsadlarini roʻyobga chiqarishda ulkan hissa qoʻshmoqda. Shunday faol yoshlar yetakchilari orasida Laylo Mengtoʻrayeva ham bor.

Laylo Mengtoʻrayeva – Surxondaryo viloyati Termiz shahridagi “Bogʻzor” mahallasi yoshlar yetakchisi. Prezident huzuridagi Davlat boshqaruv akademiyasining Davlat fuqarolik xizmatchilari uchun tashkil etilgan malaka oshirish kursini tamomlagan. Turkiya davlatida boʻlib oʻtgan “Istanbul – Turkiy dunyo yoshlar poytaxti” forumi ishtirokchisi. “Yilning eng namunali yoshlar yetakchisi” tanlovining “Yoshlarning boʻsh vaqtini samarali tashkil etgan eng namunali mahalla yoshlar yetakchisi” yoʻnalishi gʻolibi. Zaxira kadrlar roʻyxatiga kiritilgan.

“Bogʻzor” mahallasi balansi:

Aholi soni: 6 478 nafar;

Yoshlar: 1527 nafar;

Ayol-qizlar: 779 nafar

“Yashil” toifa: 1195 nafar;

“Sariq” toifa: 332 nafar;

“Qizil” toifa: 7 nafar;

Baxtiyor yoshlar diyori  

– Kundalik hayotimga razm solib, omadli va baxtli qizman, deyman, – deydi Laylo Mengtoʻrayeva. – Bolalikdan qiziquvchan va intiluvchanligim tufayli biror bir maqsad sari intilarkanman ishim doimo oʻngidan kelaveradi. Buning zamirida yurtimizda yoshlarga koʻrsatilayotgan mehr va e’tibor, ragʻbat va koʻmak mujassam ekanligini his etaman.

Ishonch va e’tibordan motivatsiya olayotgan Laylo kasbiga fidoyilik koʻrsatib, oʻz ishiga mehr bilan yondashadi. Bolalikdan shu mahallada katta boʻlgan qahramonimiz yetakchilikka kelishidan avval ham mahalladagi jarayonlar, muammo va kamchiliklardan xabardor edi. Yoshlar yetakchisi lavozimiga tayinlanishi esa muammolarga yechim berishning ayni fursatiga aylandi. Dastlab faoliyat boshlaganda yoshlar yetakchisi uchun mahalla idorasida xona yetishmas, maktabning kichik bir xonasida ishlashga toʻgʻri kelgan.

Yoshlar psixologga yoʻnaltirildi

– Dastlab mahallada yoshlar uchun irfratuzilma yoʻq edi, – deydi yoshlar yetakchisi. – Migratsiyadagi yoshlar bilan hech kim shugʻullanmasdi. Faoliyatimning ilk kunidan xorijga ishlash va oʻqish uchun ketgan yoshlar bilan ishlashni boshlaganman. Migrant yoshlarni aniqlab, ularning har biri bilan gaplashib chiqqanman.

Laylo Mengtoʻrayeva migratsiyadagi yoshlarning har biri bilan individual tarzda ishladi. Har bir yigit-qiz bilan ularning hayotiy muammolari, qiyinchiliklari va kamchiliklari haqida ochiq muloqot qildi. Ularning muammolarini aniqlash va yechim topishga asosiy e’tiborini qaratdi. Bu yoshlar orasida ijtimoiy chetlashish, ishsizlik, ta’lim olish imkoniyatlarining yetishmasligi kabi muammolar koʻp edi. Muammolarni tahlil qilib, ularni Vatanga qaytarish va muammolarini hal etishda samarali chora-tadbirlarni amalga oshirdi. Laylo Mengtoʻrayevaning bu boradagi muvaffaqiyatlari nafaqat mahallasidagi yoshlar, balki butun jamiyat uchun katta ahamiyatga ega boʻldi. U yoshlar bilan ishlashda quyidagi yoʻnalishlarni belgilab oldi:

Individual yondashuv va psixologik qoʻllab-quvvatlash. Laylo avvalo har bir yosh bilan individual suhbatlar oʻtkazdi. Bu suhbatlar davomida u ularning muammolari va tashvishlarini tingladi, psixologik qoʻllab-quvvatlashga muhtoj yoshlar roʻyxati shakllantirildi. Yoshlarning oʻziga ishonchini tiklash va ularni ijtimoiy hayotga qaytarish uchun psixologik maslahatlar berish maqsadida psixologga yoʻnaltirdi.

Ish bilan ta’minlash va kasb-hunar oʻrgatish. Yoshlar yetakchisi migratsiyadagi yoshlarning ishsizlik muammosini hal qilish uchun ularni mahalliy korxona va tashkilotlar bilan bogʻladi. Ish qidirishdagi muammolarini hal qilish uchun ularga zarur hujjat va arizalar bilan yordam berdi. Shuningdek, oʻz hududidagi kasb-hunar oʻrgatish markazlari bilan hamkorlik qilib, Vatanga qaytgan yoshlarni kasb-hunarga oʻqishga yoʻnaltirdi. Bu orqali ularning boʻsh vaqtini mazmunli tashkil etish va egallagan kasb va hunari orqali mehnat bozorida raqobatbardosh boʻlishlariga koʻmaklashdi.

Ta’lim olish imkoniyatlarini yaratish. Ta’lim olish imkoniyati kamligi muammosini hal qilishda Laylo mahalladagi ta’lim muassasalari va turli grant dasturlari bilan hamkorlik qildi. U yoshlarning ta’lim olish istaklarini ragʻbatlantirish uchun ularga til va zamonaviy kasblarni oʻrgatish maqsadida oʻquv kurslari va online platformalar bilan ta’minladi. Bunda u davlat va nodavlat tashkilotlarning ta’lim grantlari, stipendiya dasturlari va ta’lim platformalaridan yoshlarning samarali foydalanishiga yordam berdi. “Ibrat Academy” va “Ustoz AI” loyihalari targʻibotini kuchaytirdi. Turkiyaning Karabuk universitetida oʻqish uchun ketgan Mahina Hamidullayeva “Ibrat academy”dan til bilish sertifikatiga ega boʻldi. Yoshlar yetakchisi yoshlar orasida til oʻrganishda namuna koʻrsatib, “Ibrat Academy” darslarini muvaffaqiyatli tamomlab, til bilish sertifikatini qoʻlga kiritdi.

Jamiyat hayotiga faol

Laylo yoshlarning turli jamoat tadbirlari, sport musobaqalari, madaniy va ma’naviy tadbirlarda qatnashishini ta’minladi. Bu jarayonda u yoshlarni oʻz qiziqishiga mos klublar va toʻgaraklarga jalb etdi. Bu esa ularning ijtimoiy integratsiyasiga katta hissa qoʻshdi. Yoshlarning “Besh tashabbus olimpiadasi”da para shaxmat, gimnastrada, yengil atletika, strit vorkaut sport turlari boʻyicha faol ishtirokini ta’minladi. Natijada olimpiadada gʻoliblik qoʻlga kiritilgach, mahallada sport maydonchasi qurib foydalanishga topshirildi.  

12 nafar dizayner kashf etildi

– 25 yildan buyon shu mahallada yashayman, deyarli hamma yoshni tanirdim, – deydi Laylo Mengtoʻrayeva. – Shunday boʻlsa-da yoshlarni xatlovdan oʻtkazib, ularni toifalarga ajratib olganman. Yashash sharoiti, iqtidori, muammosi, muhitni yaqindan oʻrgandim. Yoshlarning talab va istaklaridan kelib chiqib Surxondaryoda ilk marotaba “Mahalla yoshlar kutubxonasi” barpo etdik. Yoshlarning iqtidor va salohiyatini ragʻbatlantirish maqsadida Surxondaryoda ilk marotaba 2 ming yoshlar qamrab olingan “Milliy va zamonaviy liboslar” shou dasturini tatbiq etib, 12 nafar yosh dizaynerni kashf qildim. Yosh dizaynerlar Gulzoda Abdunabiyeva, Aziza Hatamova va Shahzoda Beknazarova “Milliy va zamonaviy liboslar” koʻrgazmasini oʻtkazish boʻyicha oʻzlarining takliflari bilan murojaat qildi. Yoshlar bilan loyihani yanada kengaytirishga harakat qildik va dasturini ishlab chiqdik. “Hokim va yoshlar” uchrashuvida oʻz taklifimiz bilan ishtirok etdik. Taklifimiz hokim tomonidan ma’qullanib, qoʻllab-quvvatlandi.

Yoshlar bilan ishlashda oʻziga xos yondashuv

Laylo Mengtoʻrayeva haqiqiy lider yoshlardan. U “Yilning eng namunali mahalla yoshlar yetakchisi” tanlovida “Yoshlarning boʻsh vaqtini samarali tashkil etgan eng namunali yoshlar yetakchisi” yoʻnalishidagi gʻolibligi bilan tanilgan.

“Bogʻzor” mahallasi yoshlar yetakchisi mahalla yoshlarining boʻsh vaqtini samarali tashkil etish uchun quyidagi tadbir va dasturlarni amalga oshirdi:

Sogʻlom turmush tarzi. Mahalla yoshlarining sportga qiziqishini oshirish va sogʻlom turmush tarzini targʻib qilish maqsadida sport musobaqalari va toʻgaraklar faoliyati yoʻlga qoʻyilgan. Futbol, basketbol, voleybol kabi sport turlari boʻyicha turli musobaqa va toʻgaraklar tashkil etilib, mashgʻulotlarga tajribali murabbiylar jalb etilgan. Musobaqalarda qoʻshni mahalla yoshlarining ham ishtirok etishi qamrovning kengayayotganidan dalolatdir.

Laylo Mengtoʻrayeva tashabbusi bilan homiylar yordamida mahalla hududida sport maydonchalari va fitnes markazlari qurish boshlab yuborilgan. Hozir mahallaning barcha qatlamini qamrab olish maqsadida yugurish va velosport klublarini ochilib, 7 yoshdan 70 yoshgacha aholi jalb qilingan.

Madaniy va ijodiy tadbirlar. Yoshlar uchun rassomchilik, qoʻl san’ati, adabiyot va musiqa kabi ijodiy yoʻnalishlarda toʻgaraklar ochilgan. Toʻgaraklarda mashgʻulotlar oʻtkazgan yoshlar “Besh tashabbus olimpiadasi”ning “Yosh musavvir” yoʻnalishida muvaffaqiyatli odimlamoqda.

Ta’limiy va rivojlantiruvchi loyihalar. “Bogʻzor” shahar hududida joylashgani uchun asosiy e’tibor xizmat koʻrsatish va ishlab chiqarishga qaratiladi. Laylo mahalladagi biznesga ishtiyoqi bor yoshlar uchun shaharning eng oldi tadbirkorlari bilan uchrashuvlar, zavod va korxonalarga sayohatlar tashkil etmoqda. Kitobxonlik muhitini oshirish uchun “Munozara” klubi faoliyati yoʻlga qoʻyilib, yoshlar oʻrtasida adabiy muhokamalar oʻtkazib kelinmoqda.

Ijtimoiy yordam, ekologik tozalash tadbirlari kabi volontyorlik dasturlari ishlab chiqilgan. Koʻngillilar ishtirokida har hafta eko tadbirlar oʻtkaziladi. Bunday tadbirlar yosh liderlarni ko‘paytirishi va ularni ijtimoiy loyihalarda faol ishtirok etishga undashi shubhasiz.

***

– Koʻpchilik mendan bunday ijobiy natijalarga qanday erishasiz, deb soʻrashadi, – deydi Laylo Mengtoʻrayeva. – Men yoshlar yetakchisini davlat va yoshlar oʻrtasidagi koʻprikka oʻxshataman. Shaxsan oʻzim shu iboraga sodiq qolgan holda, yoshlar hayotiga oid muhim huquqiy hujjatlarni, islohotlar mazmunini sodda va xalqchil tarzda targʻib qilishga astoydil intilaman. Qiladigan ishlarimiz bisyor, maqsadimiz yoshlarni rozi qilish, muammolarini bartaraf etish, tashabbuslarini qoʻllab-quvvatlash, davlat rahbarimiz ishonchini oqlash.

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring

Obuna bo`lish