Diqqat! Veb-sayt test rejimida ishlamoqda

TEZ BOYISH ILLUZIYASI

22.2.2023 470

Samandar SODIQOV, O‘zJOKU talabasi

Qimor o‘ynagan hech qachon yutmaydi, uni o‘ynatgan yutadi.

O‘zbekistonlik aksariyat yoshlar “bukmekerlik” yoki tavakkalchilikka asoslangan onlayn qimor o‘yinlariga mukkasidan ketib, bu ularning kundalik odatiga aylanib qolmoqda. Ular ilm olish, sport bilan shug‘ullanish haqida o‘ylamasligi mumkin, ammo qimorni kanda qilmaydi.

Qimorda bor-budini boy berib, o‘z joniga qasd qilayotgan, mol-mulkini, uy-joyini ham sotishga majbur bo‘layotganlar soni ortib bormoqda. Ommaga oshkor bo‘lgan ma’lumotlarga ko‘ra, o‘tgan yilning dastlabki olti oyida 6 nafar shaxs shuning orqasidan o‘z joniga qasd qilgan.

Mamlakatimiz qonunchiligiga ko‘ra, qimorning har qanday turini o‘ynash, tashkil qilish, targ‘ib etish taqiqlangan. Shunga qaramay, yurtimizda bukmekerlik kompaniyalari mijozlari soni ortib bormoqda. Ular asosiy mijozlarini reklama orqali topadi. Reklamalarda zamonaviy mashinasi, juda ko‘p puli bor insonlar ko‘rsatilib, tez va oson pul topish motivi auditoriya ongiga singdirib boriladi.

Bu kompaniyalar qimorni targ‘ib etuvchi, odamlarni ishontiruvchi yollangan “kapper”lar yordamidan keng foydalanadi. Kapperlar ijtimoiy tarmoqlardagi kanallari orqali odamlar ishonchiga kirib, sport o‘yinlarini tahlil qilish, go‘yo yutuqli kuponlar ulashish, sotish, odamlar pulini shilish bilan shug‘ullanadi.

Kapper – onlayn qimorda sport o‘yinlariga ganak (stavka) tikish, yutuqli kuponlarni yaratish bo‘yicha tahlilchi.

Qimor o‘yinlari algoritmi shundayki, avvaliga mijozga yutuqlarni osongina taqdim etiladi, keyinchalik bor-budidan, hatto hayotidan mosuvo qilish darajasigacha olib boradi. O‘yin ruhiy qaramlikni keltirib chiqaradi. Tez boyib ketishdek xomxayol hech qachon amalga oshmaydi.

O‘yin sxemasi juda oddiy: moddiy foyda bo‘lmasa, bukmekerlik kompaniyalari sizga hech qachon o‘ynash imkonini bermaydi.

Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 191-moddasi (Qimor va tavakkalchilikka asoslangan boshqa o‘yinlar), shuningdek, Jinoyat kodeksining 278-moddasi (Qimor va tavakkalchilikka asoslangan boshqa o‘yinlarni tashkil etish hamda o‘tkazish)ga binoan, bu turdagi faoliyat noqonuniy hisoblanadi. Qimor o‘ynaganlar 3 million so‘mgacha jarimaga tortiladi, kompyuter yoki telefoni, yutuqlari musodara qilinadi.

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring

Obuna bo`lish