Zamonaviy dunyoda sog‘liqni saqlash, davolanish yoki go‘zallikni parvarishlash maqsadida xalqaro sayohat qilish tobora ommalashib bormoqda. Bu jarayon tibbiyot turizmi (yoki sog‘liqni saqlash turizmi) deb ataladi. Tibbiyot turizmi – bu shaxsning sog‘lig‘ini tiklash, muolajadan o‘tish yoki estetik ehtiyojlar asosida boshqa davlatga borib, davolanish yoki diagnostika xizmatlaridan foydalanish faoliyatidir. Ko‘pincha bu xizmatlar uy davlatiga qaraganda arzonroq, tezroq va sifatliroq bo‘ladi.
Dunyo bo‘yicha har yili millionlab insonlar boshqa mamlakatlarda tibbiy xizmatlardan foydalanish uchun safarga chiqishadi. Ushbu turizm turi nafaqat bemorlar uchun foydali, balki davlatlar uchun ham muhim iqtisodiy manba sanaladi.
Xo‘sh, avvalo tibbiyot turizmining tarixiga to‘talsak. Tibbiyot turizmining ildizlari qadimiy davrlarga borib taqaladi. Qadimgi Yunoniston va Rimda boy insonlar shifobaxsh manbalar yoki tabiblar oldiga uzoq-yaqin mamlakatlarga davo izlab borishgan. O‘rta asrlarda Buxoro, Bag‘dod, Damashq kabi shaharlardagi ilmiy markazlar tibbiyot bo‘yicha mashhur bo‘lib, bemorlar bu yerlarga davolanish uchun tashrif buyurganlar. Zamonaviy tibbiyot turizmi 1990-yillardan boshlab kuchli rivojlana boshladi.
Hozirgi kundagi tibbiyot turizmi bo‘yicha yetakchi davlatlarda asosan tibbiyotning jarrohlik (yurak, ortopediya, neyroxirurgiya), plastik-estetik operatsiyalar, stomatologik xizmatlar, reabilitatsiya va detoks dasturlari, sun’iy urug‘lantirish (IVF) va tug‘uruq, an’anaviy tibbiyot (masalan, Ayurveda yoki Xitoy tabobati) xizmati kabi yoʻnalishlarida ilg‘orligi bilan ajralib turadi.
Hindistonga har yili 500 mingdan ortiq bemor tashrif buyuradi. Yurak, onkologik, ortopedik va Ayurvedik davolash xizmatlari bilan mashhur. Narxlar G‘arb davlatlariga nisbatan 70% arzonroq.
Turkiya Yevropa va Osiyoning kesishgan nuqtasida joylashgan. Plastik jarrohlik, IVF va oftalmologiyada yetakchi. Har yili 750 mingdan ortiq bemor qabul qiladi.
Tailand ham shu qatorda har yili 2 millionga yaqin tibbiy turistni qabul qiladi. Kosmetologiya, estetik operatsiyalar va reabilitatsiya xizmatlari kurort bilan uyg‘unlashtirilgan.
Germaniya esa yuqumli bo‘lmagan kasalliklar, onkologiya va reabilitatsiyada texnologik yetakchi. Diagnostika sifati va xalqaro sertifikatlarga ega bo‘lgan klinikalari bilan mashhur.
Tibbiyot turizmini muvaffaqiyatli rivojlantirish uchun muhim omillardan biri tibbiy xizmat sifati, ishonchliligi va xalqaro standartlarga muvofiqligidir. Shu jihatdan O‘zbekistonda, xususan Sirdaryo viloyatida so‘nggi yillarda Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) bilan yo‘lga qo‘yilgan hamkorliklar alohida e’tiborga loyiq.
2021-yildan boshlab, Sirdaryo viloyati JSST bilan birgalikda bir nechta tajriba loyihalarini amalga oshirish markaziga aylandi. Eng muhimlaridan biri Davlat tibbiy sug‘urtasi tizimi sinovi JSST ekspertlari bilan hamkorlikda bu viloyatda yangi sog‘liqni saqlash modeli sinovdan o‘tkazildi. Bu tajriba xorijiy tajribaga asoslangan bo‘lib, bemorlarga sifatli va qulay xizmat ko‘rsatish imkonini berdi.
Viloyatda tashkil etilgan “Guliston” tibbiyot klasteri JSST tomonidan baholanib, xalqaro tajriba asosida faoliyat yuritmoqda. Klaster tarkibiga zamonaviy tibbiyot muassasalari kirgan bo‘lib, u yerda:
– endokrinologiya,
– shoshilinch tibbiy yordam,
– ko‘p tarmoqli davolash xizmatlari yo‘lga qo‘yilgan.
Bu esa tibbiyot turizmi uchun sifatli muhit va infrastrukturani shakllantiradi.
JSST va Jahon diabet jamg‘armasi bilan hamkorlikda qandli diabetning 2-turiga qarshi uch yillik loyiha amalga oshirildi. Bu loyiha:
– tibbiy profilaktika va diagnostika xizmatlarini kuchaytirdi;
– mahalliy klinikalarni xalqaro standartlar asosida rivojlantirishga xizmat qildi.
Ushbu yondashuvlar kelajakda ixtisoslashgan tibbiy turizm markazlarini yaratish uchun zamin bo‘la oladi.
JSST kabi xalqaro tashkilot bilan rasmiy hamkorlik xorijlik bemorlar uchun ishonchli kafolat hisoblanadi. Bu esa Sirdaryoni va umuman O‘zbekistonni Markaziy Osiyoda tibbiyot turizmi markazlaridan biriga aylantirish yo‘lida muhim qadamlardan biridir. Tibbiyot turizmi sog‘liq va sayohat uyg‘unligiga asoslangan zamonaviy xizmat sohasidir. Bu soha global miqyosda tez rivojlanmoqda va O‘zbekiston ham raqobatga kirishmoqda. Prezident qarorlari, JSST tavsiyalari va mavjud infratuzilma yordamida mamlakat tibbiy turizmda mustahkam o‘rin egallash imkoniyatiga ega.
Davlat rahbari aynan mana shu sohani rivojlantirishga qaratilgan bir qator qaror va farmonlarni qabul qilgan. Prezidentning 2022-yil 5-apreldagi PQ–196-sonli “Tibbiyot turizmini rivojlantirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga asosan xorijlik bemorlar uchun alohida sharoitlar yaratilmoqda. Maxsus klinikalar, diagnostika markazlari, sanatoriyalar rekonstruksiya qilinyapti. Vizaviy tartiblar soddalashtirilmoqda, tibbiy xizmatlarga soliq imtiyozlari berilmoqda.
Toshkent, Samarqand, Buxoro, Farg‘ona va Termiz shaharlarida xorijiy bemorlarga xizmat ko‘rsatishga ixtisoslashgan klinikalar faoliyat yuritmoqda. Ayniqsa, jarrohlik, stomatologiya, dermatologiya va sanator-terapevtik xizmatlar xorijiy mijozlar orasida talabgir.
Sirdaryo viloyati JSST bilan hamkorlikda sog‘liqni saqlash tizimini takomillashtirishda tajriba maydoniga aylangan. Bu esa bevosita tibbiyot turizmini rivojlantirish uchun muhim zamin yaratmoqda.
- Tibbiy sug‘urta tizimi – 2021-yildan JSST ko‘magida tajriba-sinov tariqasida joriy etildi.
- “Guliston” tibbiyot klasteri – zamonaviy muassasalar birlashmasi xalqaro baholash asosida faoliyat yuritmoqda.
- Qandli diabetga qarshi JSST va Jahon diabet jamg‘armasi loyihasi – kasallikni erta aniqlash, dori vositalari bilan ta’minlash, bemorlar uchun treninglar tashkil qilish.
- Noinfeksion kasalliklar profilaktikasi – yurak, qon bosimi, saraton va diabet bo‘yicha keng ko‘lamli tadbirlar.
Bu islohotlar natijasida:
– xalqaro tajriba amaliyotga joriy qilinmoqda;
– klinikalar jahon standartlariga yaqinlashtirilmoqda;
– chet ellik bemorlar uchun xavfsiz, ishonchli va sifatli muhit yaratilmoqda.
O‘zbekiston, xususan Sirdaryo viloyatida JSST bilan hamkorlikda yo‘lga qo‘yilgan loyihalar yaqin kelajakda mamlakatni Markaziy Osiyoda tibbiyot turizmining mintaqaviy markaziga aylantirishi mumkin.
Tibbiyot turizmi bugungi kunda sog‘liqni tiklash va davolanish bilan birga iqtisodiy rivojlanishning muhim tarmoqlaridan biriga aylanmoqda. Dunyo tajribasi shuni ko‘rsatmoqdaki, bu sohada muvaffaqiyatga erishish uchun sifatli tibbiy xizmat, zamonaviy infratuzilma va xalqaro standartlarga moslashuv muhim ahamiyatga ega.