Diqqat! Veb-sayt test rejimida ishlamoqda

Tilimizning ichki imkoniyatlari pasaymoqda yoki sun’iy idrokning tilimiz qudratini yo‘qqa chiqarayotgani haqida

24.1.2025 728

Shahobiddin LUQMON

O‘zbek tilining mavjudligiga xavf solayotgan omillardan biri — ichki imkoniyatlari pasayib borayotganidir. Sodda aytganda, qashshoqlashuvi. Til faqatgina aloqa vositasi, predmetlarni anglatish vazifasini bajaruvchi emas, ayni vaqtda o‘zaro qarama-qarshi xususiyatlardan iborat murakkab hodisa hamdir. Har qanday til ichki rivojlanish xususiyatiga ega. Buning asosiy sharti tildan foydalanuvchilarning ehtiyojlari to‘la qondirilishidir. Humboldtning oltinchi antinomiyasiga ko‘ra, tilda obyektivlik va subyektivlik mavjud. Individ o‘z lisonidagi mavjud qolip va lisoniy xotiradan foydalanib tilni nutqiy voqelikka aylantiradi, tarjima, voqea-hodisani nomlash, ilmiy tavsiflash jarayonida ham shu subyektivlik ishlaydi.

Ammo tilning obyektiv mavjudligi uchun subyektiv faollik talab etiladi. Ayni shu jihat sabab obyektivlik “to‘yinib” boradi. Agar individlar tilning mavjud imkoniyatlaridan foydalanib, yana uning taraqqiyotiga hissa qo‘shib bormasa, tabiiy ravishda til qashshoqlashadi. Biz esa tilimiz rivojiga hissa qo‘shishni qo‘yib turaylik, bor imkoniyatlardan foydalana olmayapmiz bugun. Yana Humboldtga qaytsak, uning beshinchi antinomiyasida (til holati va taraqqiyoti) shunday deyiladi: “Har bir avlod tilni tayyor holda oldingi avloddan qabul qiladi. Bu jihatdan til tayyor holdagi – tashkil topishiga ko‘ra tugallangan hodisadir”. Biz hozir ayni shu oldingi avloddan qabul qilib olgan tilimizni shu holda saqlash haqida gapiryapmiz. Xo‘p, unda taraqqiyot bosqichiga o‘tishni ta’minlab, til holatini saqlab qolish uchun nima qilish kerak?

Bir necha asr oldingi tilshunoslik nazariyalariga qaralsa, tilning saqlanishi ko‘proq uning kommunikativ vazifasiga bog‘liqligi e’tirof etiladi. Ammo bugun tilning saqlanishi ko‘proq uning internet, texnologiya, ilm tiliga aylanishiga bog‘liq bo‘lib qolmoqda. Bir necha yillar oldin tilshunoslar o‘zbek tili korpusini yaratish, konkordans, tezaurus lug‘atlarni ishlab chiqish haqida gapirayotgan edi, ammo hozir bunday chaqiriqlar ancha kamaygan.

Mavzu yuzasidan filolog Salimbek Nazirovning fikriga qiziqdik. Sohada yo‘l qo‘ygan xatolarimiz, sun’iy intellektning qanday ta’sir qilayotgani haqida gapirdi suhbatdoshimiz.

– Eng yomoni – o‘rganib qolish, ko‘nikish, – deydi mutaxassis. – Til korpusini yaratish, murakkab qoidalarni, tushunish algoritmlarini kiritish, keng lug‘at manbalarini taqdim etish kabi masalalar oxirgi vaqtlardagi yangi alifbo, ona tilini o‘qitishning yangi metodlari, grammatika kerakmi-yo‘qmi, degan gaplar fonida yo‘qolib qolganday. Kishilar sodda, takrorlanuvchi, tavtologiyaga to‘la, mantiqan xato matnlarga o‘rganib qoldi. Bunday payt ongli-ongsiz ravishda odamlar tildan bezor bo‘ladi, chunki unda joziba qolmaydi. Chala tarjimalar, sun’iy intellekt yaratayotgan matnlar juda jo‘n va medaga tegadigan darajada. O‘sha keng tarqalgan “ChatGPT”ga biror mavzuda yozib berishni so‘rasangiz, u matnda, albatta, “nafaqat… balki…” shaklidagi gap bo‘ladi.

Bu borada eng katta xatomiz qayerda, bilasizmi? Biz tilimizni to‘liq internet tiliga aylantirmay turib, uning taqdirini sun’iy intellektga topshirib qo‘ydik. Ertaroq tushunish kerak edi – o‘sha sun’iy idrok ham, boshqa texnologiyalar ham biz kiritgan, taqdim etolgan ma’lumotlardangina foydalanadi. Nima uchun ingliz yo rus tilida jo‘n matn tuzmaydi yoki boshqa imkoniyatlari bor? Chunki u tillarning bazasi yetarli. Ayanchlisi, endi shu o‘zbek tilida chalasavod bo‘lgan sun’iy intellekt, internet yoshlarning til bilimini ham haminqadar qilib qo‘ymoqda. Faqat bu emas, televideniye, turli saytlar, ijtimoiy tarmoqlardagi bloglar, media mahsulotlarda ham til imkoniyatlaridan foydalanilmaydi, bir xil gap, bir xil so‘z, bir xil qurilish… “Dod, o‘zbek tili shunchalik kambag‘almidi?!”, deging keladi.

O‘rischa so‘zlarni qo‘shib gapiradi, tilini hurmat qilmaydi, deymiz. Jozibasi chang ostida qolgan tilga ajnabiy so‘zlarning qo‘shilishi tabiiy-da. Odamlar til imkoniyatlarini ko‘rmasa, televizorda bir xil gap ketsa, gazetada yana o‘sha gap, internetga kirsa, undan battar bo‘lib tursa, nima qilsin? Yosh bolalarni telefon yoki televizor tarbiyalayapti. Ota-ona bilan muloqot kam, asosiy til boyligi shu vositalar orqali shakllanadi, u yerda esa boyitadigan hech narsa yo‘q.

Afsuski, hali an’anaviy manbalarda tilning mavqeyini joyiga qo‘yganimizcha yo‘q. O‘zi yuqoridagi gaplarga kelguncha ham muammolar yetarli. Asosiy manbamiz bo‘lmish “O‘zbek tilining izohli lug‘ati”da 80 mingta so‘z va so‘z birikmalari bor. Tilimiz boy, deb ko‘ksimizga uramiz, lekin ingliz tilining izohli lug‘atida 170 ming (qo‘shimcha 47 ming eskirgan so‘zlar), rus tilinikida 100 mingga yaqin (Ojegov muallifligidagi) so‘z bor. Bundan tashqari, bu tillardagi so‘zlar doim onlayn lug‘atlarga kiritib boriladi, ular esa millonlab.

O‘zbek tili ko‘pgina shevalardan iborat, ularda esa hali birorta lug‘at yuzini ko‘rmagan so‘zlar o‘n minglab, balki yuz minglab. Shundoq ham avlodlar almashinuvi natijasida anchasini yo‘qotib bo‘ldik. Qozoqboy Yo‘ldoshevning fikricha, ijodkorlar va tilshunoslarda so‘zlarni adabiy tilga kiritish uchun uzog‘i 15-20 yil vaqt bor, shundan so‘ng shevalardagi so‘zlarni topishning iloji qolmaydi, begonalashadi.

Quruq qoshiq og‘iz yirtadi. Biz endi nimalar qilishimiz kerak?

Birinchi navbatda lug‘atchilik bo‘yicha ko‘p yillik maxsus dastur-loyiha ishlab chiqish zarur. O‘zbek tilida mavjud so‘z, zo‘z birikmalari va frazeologik birliklarni imkon boricha lug‘at manbalarimizga kiritish lozim bo‘ladi. Dastur doirasida ayni ish bilan shug‘ullanayotgan tadqiqotchilar uchun stipendiyalar, rag‘batlantiruvchi tizim ishlab chiqish ham kerak.

Parallel ravishda onlayn lug‘at, tilni rivojlantiruvchi va tushunuvchi texnologik dasturlar, algoritmlar yaratish zarur. Yo‘qsa, qilinayotgan ishlarning nafi bo‘lmaydi.
Oliy maktablarda talabalarning shevashunoslik amaliyoti davomida qilgan ishlari, topilgan yangi so‘zlarni saralab, tizimli ravishda maxsus komissiyaga topshirib borish kerak. Bundan tashqari, ayni yo‘nalishdagi ilmiy ishlarni ham shu tartibda amaliyotga joriy qilish. Albatta, bunda ham rag‘batlantirish bo‘lishi, hissa qo‘shgan kishilarning nomlari saqlanishi muhim.

Teleradio dasturlarda, tarjima qilingan kino-seriallar, ko‘rsatuvlarda tilimizdagi lug‘at boyligidan keng foydalanish kerak. Masalan, Turkiyada mana shunday yo‘l tutib kelinmoqda va bu o‘z samarasini bergan. Nodavlat OAVlarga ham tavsiyaviy tarzda taklif etilib, deylik, yilda bir bor shu yo‘nalishda OAVlarni nominatsiya bo‘yicha taqdirlash mumkin.

Ayniqsa, badiiy adabiyotlardagi lug‘atlardan keng foydalanish kerak, tayyor manba ular. Tilshunoslarga, ijodkorlarga yangi leksemalarni qanday qo‘llash, kiritish bo‘yicha mahorat darslari, seminarlar tashkil etish ham ayni muddao bo‘ladi. Chunki bu jarayon ham jo‘n emas, biror so‘zni shunchaki, eshitilganidek, etimologiyasini yaxshi bilmasdan kiritib bo‘lmaydi.

Til davlatlar, millatlar uchun muhim strategik masala. Ayniqsa, bugungidek chegaralar yo‘qolgan, integratsiyalashgan dunyoda. Neokolonializm, neoimperializm g‘oyalari asosida ham biror xalqning tilini yo‘q qilish asosiy qurol sifatida ko‘riladi. Millatning dini, e’tiqodi turlicha, ichki qadriyatlari boshqacha bo‘lishi mumkin. Lekin til – yagona ideologiya, birlashtiruvchi omil. Dunyoda taxminan 50 million odam o‘zbek tilida so‘zlashadi, katta raqam bu.
Qodiriyning “Tilimizni kambag‘al deguvchilarning o‘zi kambag‘al”, degan gapi to‘g‘ri. Lekin muammo bizning shu boy tildan qanchalik foydalana olayotganimizda, saqlay bilayotganimizda. O‘lik tilga aylangan lotin tili ham zodagon, boy edi.

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring

Obuna bo`lish