Diqqat! Veb-sayt test rejimida ishlamoqda

Til o‘rgansang, Tandemga kir!

14.3.2023 307

Marjona QURBONOVA, “Yoshlar ovozi” muxbiri

Ushbu maqolamiz oʻz vaqtini telegram, instagram, facebook, twitterda oʻtkazib, chet ellik doʻstlar orttirish va til boyligini rivojlantirishni xohlayotgan tengdoshlarimiz uchun juda foydali.

Hozirgi kunda 80 foiz yoshlar til oʻrganish bilan mashgʻul: kimdir til kurslarida, kimdir esa onlayn, yaʼni ijtimoiy tarmoqlar yordamida oʻz ustida ishlamoqda. Siz til boyligingizni zerikmasdan, suhbatlashish orqali rivojlantirishni istaysizmi?

Unda ijtimoiy tarmoqlarda millionlab til oʻrganuvchilarni birlashtirgan, keng foydalanuvchilariga ega “Tandem”, “Discord”, “Hello Talk”, “Hallo”, “Speak pal” kabi mobil ilovalar siz uchun muhim. Ular ichida koʻp bora ishlatilayotganlari “Tandem” va “Speak pal”dir. Hamjamiyat aʼzolari bir-birlariga oʻz ona tillarini matn, audio va video chat orqali oʻrgatish uchun “Tandem” ilovasidan foydalanishi mumkin. Dunyo boʻylab 18 million foydalanuvchiga ega “Tandem” ilovasi 2014-yilda Germaniya (Berlin)da Arnd Aschentrup, Tobias Dikmeys va Mattias Kleymann tomonidan ishlab chiqilgan. Dastavval ilovani mobil telefoningizga oʻrnatganingizdan soʻng ro‘yxatdan oʻtasiz, ism-familiyangiz, tugʻilgan sana va qaysi millat vakili ekaningiz qayd etiladi (ilova ingliz tilida yuritiladi). Keyin qaysi tillarni bilishingiz, qaysi tilni oʻrganmoqchi ekaningiz kiritiladi. Shundan soʻz sizning biografiyangizga mos boshqa millat vakillari bilan muloqot qila boshlaysiz.Navbatdagi soʻz boradigan “Speak pal” dasturi ingliz tilidagi suhbat klubi va suhbatdosh ilovasi boʻlib, til oʻrganish va bir xil til darajasiga ega notanish odamlar bilan suhbatlashish imkoniyatini beruvchi mobil ilova.

Bunda siz faqat oʻz kuchingizga ishonishingiz va telefon qoʻngʻirogʻi orqali javob berishingiz kerak boʻladi. Agarda sizda kim bilandir yuzma-yuz turib ingliz tilida gaplashish muammo boʻlsa, marhamat, bu ilova aynan siz uchun. Quvonarlisi, ilovalarning hech biri mablagʻ talab qilmaydi. Siz o‘z darajangizga teng til oʻrganuvchilar bilan erkin, bemalol gaplashasiz va bilmagan soʻzlaringizni o‘rganasiz.Bu ilovadan bir necha oydan beri foydalanib kelayotgan, til boyligi sezilarli darajada oʻsgan Oʻzbekiston davlat jahon tillari universiteti 2-kurs talabasi Farangiz Rustamova “Tandem” ilovasi haqida oʻz fikrlari bilan o‘rtoqlashdi. – Bir kuni doʻstim “speaking”ni rivojlantirish bilan birga, turli davlat va millat vakillari bilan doʻst boʻlish imkonini beruvchi ilova haqida gapirib qoldi. Ilovani oʻrnatdim va chin maʼnoda “self improvement” davri boshlandi. Bu ilovada siz nafaqat ingliz tili, balki boshqa xohlagan tilni oʻrganishingiz mumkin.

Ilova yaqinda yaratilganiga qaramasdan, foydalanuvchilar uchun koʻplab qulay funksiyalari mavjud. Bunda siz til oʻrganuvchilar bilan chatlashishingiz, telefon orqali gaplashishingiz va oʻrganuvchilar tomonidan tashkil etilgan turli guruhlarda qatnashishingiz mumkin.

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring

Obuna bo`lish