Diqqat! Veb-sayt test rejimida ishlamoqda

TOP-500 TALIKKA KIRUVCHI UNIVERSITET KADRLARIGA USTAMA TO‘LAB BERILADI

16.12.2022 1280

Shahruza SATTOROVA, “Yoshlar ovozi” muxbiri

Xalqaro reytinglarning top–500 taligiga kiruvchi universitetni tamomlagan yoki ilmiy daraja olgan kadrlarning maoshiga 12 million so‘mdan 22,5 million so‘mgacha ustamalar qo‘shib berila­di. Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi axborat xizmati rahbari Sevara Zokirovaning ma’lum qilishicha, qo‘shimcha ustamalar yosh mutaxas­sis va uning ish beruvchisi o‘rtasida imzolangan shartnoma asosida har oy to‘lab boriladi. Shartno­ma 3 yilgacha bo‘lgan muddatga tuziladi. To‘lovlar ish beruvchi tomonidan amalga oshiriladi.

Xalqaro reytingda 1-dan 100-o‘ringacha bo‘lgan xorijiy oliy ta’lim muassasalarining baka­lavriat bosqichini tamomlagan yosh mutaxas­sislarning lavozim maoshlariga bazaviy hisoblash miqdori (BHM)ning 30 barobari miqdorida (9 million so‘m) ustama belgilanadi. Magistratura bosqichini tamomlagan yosh mutaxassislarning lavozim maoshlariga BHMning 40 barobari miqdorida (12 million so‘m), xorijiy oliy ta’lim muas­sasalarida ilmiy daraja (PhD va unga tenglashtiril­gan boshqa ilmiy daraja) olgan yosh mutaxas­sislarning lavozim maoshiga BHMning 75 barobari miqdorida (22,5 million so‘m) ustama beriladi.

Xalqaro reytingda 101-dan 300-o‘ringacha bo‘lgan xorijiy ta’lim muassasalarining bakalavriat va magistratura bosqichini tamomlagan mutaxassislar mos ravishda BHMning 20 (6 million so‘m) va 30 barobari (9 million so‘m) miqdorida ustamaga ega bo‘ladi. Xuddi shu o‘rindagi oliy ta’lim muassasalarida ilmiy darajaga ega bo‘lganlarga BHMning 60 barobari (18 million so‘m) miqdorida qo‘shimcha haq to‘lanadi.

Reytingda 301-dan 500-o‘ringacha bo‘lgan universitetlarni tamomlagan bitiruvchilarga esa BHMning 15 (4,5 million so‘m)dan 50 barobariga­cha (15 million so‘m) ustamalar to‘lab beriladi.

Ma’lumot uchun, 2021-yilda O‘zbekiston Milliy universiteti “QS by Subject Rankings”da “Matematika” sohasida erishgan natijalari bilan dunyoning kuchli 500 talik universitetlar qatori (451-500 o‘rin) dan joy olgan edi. Ta’kidlanishicha, O‘zbekiston Milliy universiteti olimlarining Scopus bazasida in­deksatsiya qilinadigan maqolalari soni, ularga iqti­boslik darajasining yuqoriligi, dunyo matematiklari tomonidan universitet akademik obro‘si yuqori ba­holaganligi xalqaro reytingda e’tirof etilgan.

Quacquarelli Symonds (QS) reyting agentligi tomonidan har yil eʼlon qilinadigan reytingda uni­versitetlarning akademik nufuzi (30 foiz), ish be­ruvchilar o‘rtasidagi nufuzi (20 foiz), o‘qituvchilar va talabalar miqdori mutanosibligi (10 foiz), pro­fessor-o‘qituvchilarning ilmiy faolligi (10 foiz), ilmiy maqolalarning o‘qilishi, ularga nisbatan berilgan iqtiboslar soni (5 foiz), xorijiy o‘qituvchi va xodimlar (2,5 foiz) hamda talabalar (2,5 foiz) ulushi va shu kabi boshqa muhim jihatlar asos qilib olinadi.

Reytingni tuzishda dunyoning 102 ming nafar­dan ortiq olimlari, o‘qituvchi va OTM rahbarlari, 52 ming nafardan ziyod ish beruvchi kompaniyalar vakillari, qolaversa, QS mutaxassislari ham ekspert sifatida ishtirok etgan. Reytingda eng yuqori o‘rinlarni M.V.Lomonosov nomidagi Moskva davlat universiteti (Rossiya), Tartus universiteti (Estoniya), Sankt-Peterburg davlat universiteti (Rossiya) va Karlov universiteti (Chexiya) egallagan.  

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring

Obuna bo`lish