Diqqat! Veb-sayt test rejimida ishlamoqda

To‘rtko‘lning Chorsuga aloqasi

23.11.2023 504

Elmurod Nishonov

To‘rtko‘l shahrining nomini ko‘pchilik “to‘rtta ko‘l”dan kelib chiqqan deb o‘ylaydi. Yaʼni, shaharda to‘rtta ko‘l bo‘lgan va o‘z-o‘zidan To‘rtko‘l bo‘lib ketgan. Juda o‘rinli faraz. Yashirmayman, bu kungacha men ham shunday bo‘lsa kerak deb yurardim. Bir qishloq yoki shahar hududida to‘rtta tabiiy suv havzasi – ko‘lning paydo bo‘lish ehtimoli juda past ekani hech xayolimga kelgan emas.

Mening qarashimni to‘g‘rilagan inson Qoshg‘ariy bobom bo‘ldi. “Devonu lug‘oti-turk”da aytilishicha, to‘rtko‘l (tőrtkϋl) – to‘rtburchak degan maʼnoni anglatadi. Vikipediyadan To‘rtko‘l shahri tarixiga oid maʼlumotni o‘qib ko‘rsam, bu shahar rostdan ham to‘rtburchak shaklda bunyod etilgan ekan.

Eski shaharlarimizning markaziy bozor joylashgan hududlari Chorsu deb atalganini bilasiz. O‘zbek tilining izohli lug‘atiga ko‘ra, “chorsu” forscha so‘z bo‘lib, to‘rt tomon, to‘g‘ri burchakli kvadrat maʼnolarini bildiradi. Tarixiy shaharlarda usti yopiq savdo-sotiq joyi, yaʼni bozorning markaziy, rastalar kesishgan o‘rni “Chorsu” deyilgan. Demak, to‘rtko‘l va chorsu so‘zlarining lug‘aviy maʼnosi deyarli bir xil. Faqat biri oddiy bozor hududiga o‘z nomini bergan bo‘lsa, ikkinchisi maʼno jihatidan qulochini kengroq yozib, shahar maqomiga erishgan.

Аytgancha, baʼzi shevalarimizda belbog‘, qiyiqcha va momolar o‘raydigan katta ro‘mol ham chorsi deb ataladi.

 

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring

Obuna bo`lish