Yoshlarni har jihatdan qo‘llab-quvvatlash, ularning o‘z iqtidor va salohiyatini to‘laqonli yuzaga chiqarishi, o‘qishi, kasb-hunar egallashi uchun keng imkoniyatlar eshigi ochildi.
Ayniqsa, uyushmagan va mahalla yoshlari bilan ishlashga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Jumladan, yoshlar oyligi doirasida o‘tkazilayotgan "Rahbar va yoshlar" uchrashuvlari asnosida ham o‘g‘il-qizlarning murojaatlari eshitilmoqda, taklif va tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlanmoqda.
Xususan, Yuqori Chirchiq tumani “Astrum IT” akademiyasida DXX Toshkent viloyati boshqarmasi boshligʻi Abdugapur Axmedovning yoshlar bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvi ham mazkur ishlarning mantiqiy davomi bo‘ldi.
Erkin va samimiy oʻtgan uchrashuvda har bir yoshning muammolari, tashabbuslari, takliflari tinglandi.
Ish bilan band boʻlmagan yoshlarning murojaatlariga koʻra, ularning bandligini ta'minlash maqsadida, ularga dehqonchilik bilan shugʻullanishlari uchun yer ajratish, tikuv mashinalari hamda zarur mehnat uskunalari bilan ta'minlash boʻyicha masʼullarga topshiriq va koʻrsatmalar berildi.
Shuningdek, Toshkent viloyati prokuraturasi organlari tomonidan yoshlarni qoʻllab-quvvatlash va ularning mavjud muammolarni hal qilishga qaratilgan qator ishlar amalga oshirilmoqda.
Jumladan, viloyat prokurori Sirojiddin Eshquvvatov boshchiligida Chirchiq shahrida viloyat yoshlari bilan uchrashuv oʻtkazildi.
Uchrashuv avvalida yoshlar uchun “Qoʻrqma” asariga ishlangan hujjatli film namoyish etildi hamda yoshlarning taqdimot loyihalari bilan tanishildi.
Tadbirda, 130 nafardan ziyod yoshlar ishtirok etdi hamda ularning 40 dan ortiq masalalari tinglandi, oʻrganish talab etilgan masalalar nazoratga olindi.
Bundan tashqari, 18 nafar yoshlarning murojaatlari qanoatlantirilib, baxshilar va polvonlar tanlovini tashkil etish, yoshlar orasida ekologik aksiyalar o‘tkazib borish, to‘garaklar ishini yaxshilash kabi qator yo‘nalishlar bo‘yicha tegishli masʼullarga topshiriq va koʻrsatmalar berildi.
Uchrashuv soʻngida yoshlar oyligi doirasida Toshkent viloyati prokurori tomonidan bir guruh yoshlarga davolanishi, kontrakt to‘lovlari, muddatli harbiy xizmat xarajatlarini qoplash uchun sertifikatlar topshirildi.
Navbatdagi uchrashuvlar Toshkent viloyati hokimi Zoyir Mirzayevning hududdagi faol yoshlari bilan muloqoti bilan davom etdi.
Qariyb to‘rt soat davom etgan uchrashuv avvalida viloyat rahbari yil boshidan buyon yoshlar tizimida amalga oshirilgan ishlar haqida so‘z yuritdi. Jumladan, joriy yil maktab bitiruvchilarining 851 nafari oltin, 132 nafari kumush medallariga ega bo‘ldi. 2 ming 692 nafar yoshlar kasb-hunarga o‘qitilib, 1 ming 39 nafari IELTS sertifikatini olgan yoshlarga 2 milliard so‘mlik imtihon xarajatlari qoplab berildi.
Yil boshidan “Yoshlar daftari” jamg‘armasida 33 milliard 406 million so‘m mablag‘lar shakllantirilib, 10 ming 543 nafar yoshlarning turli ijtimoiy-maishiy muammolari hal etilishiga erishildi.
Ayniqsa, yoshlarning qishloq xo‘jaligi sohasida bandligini ta’minlash uchun 6 ming 118 gektar sug‘oriladigan unumdor yer maydonlari yoshlarga ajratilib, hozirgacha 9 ming 484 nafar yoshlar bandligi ta’minlandi.
Tashabbuskor yoshlar tomonidan viloyat mas’ullariga o‘zlarini qiziqtirgan savol va takliflarini bildirdi.
Xususan, ta’lim muassasalari hamda mahallalarda san’at va madaniyat, teatr, robototexnika kabi yo‘nalishlarni rivojlantirish maqsadida turli tanlovlar o‘tkazish lozimligi aytib o‘tildi.
– Viloyat hokimiga aytgan takliflarim qo‘llab-quvvatlanganidan xursandman, – deydi Yangiyo‘l tumanidagi bir qator o‘quv markazlari tashkilotchisi Abdulaziz Yo‘ldoshev. – Jumladan, ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalar farzandlarini mehnat bozorida ehtiyoj yuqori bo‘lgan kasb-hunarlarga o‘qitish lozim. Qizlarni esa uydan chiqmagan holda oilaviy tadbirkorligi tashkil etish kerak. Bu masalalar borasida mas’ullarga yaxshi loyihalarni hududlar kesimida qilish lozimligi aytib o‘tildi.
Joylarda bu kabi uchrashuvlar davom etmoqda.