Toshkentda “Hunarmand” uyushmasi hamda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi ishtirokida Xalqaro hunarmandchilik, badiiy san’at va dizayn instituti tashkil etilishi mumkin.
“Toshkent shahrida Xalqaro hunarmandchilik, badiiy san’at va dizayn institutini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Vazirlar Mahkamasi qarori loyihasida belgilanishicha, institutda o‘qitish nufuzli xorijiy oliy ta’lim muassasalari hamda O‘zbekiston davlat ta’lim standartlari talablari inobatga olingan, institut tomonidan tasdiqlanadigan o‘quv rejalari va fan dasturlariga muvofiq o‘zbek, rus va ingliz tillarida to‘lov-kontrakt asosida amalga oshiriladi.
Shuningdek, har yili “Hunarmand” uyushmasi a’zolarining qobiliyatli, iqtidorli hamda o‘zlashtirish ko‘rsatkichlari yuqori bo‘lgan farzandlari orasidan tanlov asosida to‘lov kontrakti summasining 20 foizigacha miqdorida chegirma bilan (Institut granti asosida) abituriyentlarni o‘qishga qabul qilish rejalashtirilyapti.
Qaror loyihasining qabul qilinishi natijasida, sohani rivojlantirish bo‘yicha joylardagi mavjud imkoniyatlardan samarali foydalanish, milliy urf-odatlar aks etgan hunarmandchilik mahsulotlarini ishlab chiqarishni rivojlantirish, eng asosiysi hunarmandchilik subyektlarining qonuniy bilim olishi, sohaga kirib kelayotgan yosh avlodni oliy ma’lumotli mutaxassis kadrlar bo‘lib yetishishiga yaqindan yordam berishi ta’kidlanadi.