So‘z – insoniylikning ildizi. U hayotni anglash, o‘zini ifoda etish, boshqalar bilan bog‘lanish uchun yaratilgan eng tabiiy vositadir. Har bir bolaning dunyoga kelgach, ilk bora eshitadigan ovozi – onasining “jon bolam” degan mehrli so‘zidir. Har bir ona esa bolasining “ona” degan javobini kutadi. Lekin bu tabiiy jarayon ba’zi oilalar hayotida hech qachon sodir bo‘lmaydi. Chunki ba’zi bolalar sukutda yashaydi. Gapira olmaydi. Qarab turadi, his qiladi, hatto yig‘laydi ham, ammo ayta olmaydi. Ularning qalbida so‘zsiz dunyo yashaydi.
Jahon Sog‘liqni Saqlash Tashkilotining (WHO) 2023-yilgi ma’lumotlariga ko‘ra, global miqyosda har ming nafar boladan 6–8 nafari turli darajadagi nutq buzilishlariga ega. Bu buzilishlar fonetik-tovush, semantik, psixologik, nevrologik yoki ijtimoiy sabablar bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin. Ayrim hollarda, bola sog‘lom, eshitish qobiliyati joyida, lekin gapirmaydi. Ba’zilar kech gapiradi, ayrimlar esa umuman sukunatda qoladi. Bularning barchasi logopedik aralashuvni, psixologik ko‘makni va eng muhimi — e’tiborni talab qiladi.
O‘zbekiston ham ushbu statistikadagi istisno emas. Respublikada har yili o‘rtacha 15–18 ming nafar bola logopedik muolajalarga muhtoj deb baholanadi. Biroq ulardan nechta bola sifatli va tizimli yordam olayapti — bu savol ochiq. Mutaxassislar fikricha, ayniqsa viloyatlarda malakali logopedlar soni juda kam. Davlatga qarashli maxsus logopediya bog‘chalari va markazlar soni cheklangan. Xususiy muassasalar esa har doim ham hamyonbop emas. Natijada ko‘plab bolalar erta tashxis va tuzatish imkoniyatidan mahrum qolmoqda.
Shu bilan birga, oilaviy muhitda ham bu muammo yetarlicha anglanmaydi. Farzandi 3–4 yoshgacha gapirmayotgan ota-onalar "hali vaqti keladi", "ota tomonga tortgan", "erkaligi shunaqa" kabi yondashuvlar bilan masalani paysalga soladi. Ammo mutaxassislar bu yosh oralig‘ini “nutq rivojining hal qiluvchi bosqichi” deb ataydi. Aynan 2–5 yoshda nutq apparati shakllanadi, lug‘at bazasi ortadi, tovush va ohang o‘zlashtiriladi. Agar shu davrda nutq nuqsoni e’tiborga olinmasa, bola keyinchalik nafaqat til, balki fikrlash, muomala, psixologik barqarorlik va o‘qish-ko‘nikmalarida ham ortda qoladi.
O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligining 2024-yilgi tahliliga ko‘ra, nutq rivojidagi muammolar bola psixikasiga bevosita ta’sir ko‘rsatadi. Gapira olmaydigan bolalarda ko‘proq ijtimoiy chekinish, o‘ziga ishonchsizlik, jamoada o‘ynay olmaslik holatlari kuzatiladi. Ba’zan bu bolalar noto‘g‘ri ravishda “aqliy sust” yoki “nogiron” deb baholanadi. Aslida esa ular atrof muhitni yaxshi tushunadi, lekin o‘zini so‘z orqali ifoda eta olmaydi. Bu esa nafaqat bolaning kelajagini, balki jamiyatdagi teng imkoniyatlar tamoyilini ham shubha ostiga qo‘yadi.
Toshkentdagi 1-sonli logopediya markazida har yili o‘rtacha 700 nafar bola davolanadi. Ularning 60 foizi erta tashxis tufayli ijobiy natijalarga erishadi. Bu shuni anglatadiki, masalaning ildizi ko‘pincha vaqtida murojaat qilmaslikda, tizimli yondashuv yetishmovchiligida va jamiyatda mavjud stereotiplarda.
Aynan shu stereotiplar — masalan, "bola o‘z-o‘zidan gapira boshlaydi", "bu nasldan-naslga o‘tadigan holat", "gapirmaydi, lekin aqli yaxshi" degan yondashuvlar bolalarga eng ko‘p zarar yetkazadi. Gapirmaydigan bola — bu jim bo‘lishni tanlagan emas, balki yordamga muhtoj inson. U eshitilishi, tushunilishi, e’tiborga olinishi kerak.
Logoped mutaxassis Shahnoza Jo‘rayeva buni shunday ifodalaydi:
– Gapira olmaydigan bola aqliy zaif degani emas. U ba’zida hatto boshqa bolalardan ham sezgirroq, aqlliroq bo‘ladi. Biz uni eshita olishimiz, his eta olishimiz kerak. Shundagina bola ochiladi.
O‘ylaylik, bugun biz eshitmagan har bir bola ertaga o‘z so‘zini ayta olmaydi. O‘z fikrini bildirolmaydi. Bunday holat ko‘payaversa, jamiyatda g‘oyalar, tashabbuslar, yangiliklar tug‘ilishi ham sekinlashadi. Chunki har bir bola kelajakda gapiradigan fuqaro. U ovozga, huquqqa, imkoniyatga ega bo‘lishi kerak. Buning uchun esa biz, ota-onalar, muallimlar, shifokorlar va oddiy fuqarolar ularning tovushsiz chaqirig‘ini eshitishni o‘rganishimiz zarur.