Diqqat! Veb-sayt test rejimida ishlamoqda

TUG'ILGAN   KUN...

15.1.2023 563

Ma'mura TO'RAYEVA

Ma'mura To'rayeva  - 2001-yil Qashqadaryo viloyati Nishon tumanida tug'ulgan. "Hayot bekati", " Nurli hayot navosi" nomli kitoblari nashrdan chiqqan. Bir qancha gazeta va jurnallarda ijodiy ishlari yoritilgan. 2022-yil " Bitiruv kechasi" nomli hikoyalar to'plami 10 ming nusxada "Birinchi kitobim" loyihasida chop etildi. Sizga yosh ijodkor qalamiga mansub ushbu hikoyani havola etamiz!

TUG'ILGAN   KUN...

( Hikoya )

    Hayot  bozordagi  sotuvchiga  o'xshaydi. Xohlasa  beradi, xohlamasa  yo'q. Ana  shu   sotuvchi  Dilnozaga  ko'proq  narsa  hadya  qilgan, yaratgan  ham  endigina  o'n  olti  yoshni  qarshilagan  bu  qizga  o'zining  jamiki  go'zalligini  ato  etgandi.

    Havo  salqin. Atrofdan  esayotgan  mayin  shabada    insonga  tetiklik  baxsh  etadi. Shunday  paytda  doimgidek  yolg'izlanib  qolgan  maktabda  oqsoch  ayol  yuz-qo'li  yuvilmagan  bolani  eslatuvchi  polni  yuvmoqda. Yolg'izlikdan  zerikkan  bo'lsa  kerak   ayol  bor  ovozda  qo'shiq  kuylardi. Uning  mahzun  ovozi  beton  devorlarga  urilib  qandaydir  yoqimli  va mayin   bo'lib  jaranglardi. Bo'm-bo'sh  xonadagi  jihozlar  ixlosmand  muhlisdek  jim  bo'lib  tinglar, xonaga  kirayotgan  shamol  ham  uni  cho'chitib  yuborishdan  qo'rqqandek   go'yo...

–Assalomu  alaykum, opajon..! – jarangdor  ovoz  yangradi. Musiqa  ham  ataylab  o'chirilgan  magnitafondek  taqqa  to'xtadi.

–Voo alaykum  assalom, qizim  kallai  saharlab  kelasan - a?, senga  zarilmi?!

–Voy opajon, axir  bugun mehribon onajonlarimiz uchun tadbir  uyushtirganmiz, rayonodan  mehmonlar  kelishadi. Shunga  ustozimiz  barcha  ishlarni  menga  ishonib  topshirgan, tadbirni  chiroyli  saviyada  o'tkazish  mening  bo'ynimda. Dilnoza  yana  allaqancha  gaplarni  gapirib  tashladi.

    Bularning  birontasini tushunmagan ayol – Hmm – dedi-yu bosh silkib  qo'ydi. Endi  xonadagi  jihozlar  dardli  musiqani  emas, tadbir  uchun  tayorlangan  senariyni  eshitishga  majbur  edi. Chamasi  bir  soatlar o'tib hamma kela  boshladi. O'quvchilarning  u  yoqdan  bu  yoqqa  yugurishi  oyog'i  kuygan  tovuqni  eslatardi. Uzoq vaqt  davom  etgan  g'ala-g'ovurdan so'ng tadbir  ham  nihoyasiga  yetdi. Negadir  Dilnoza  tadbirdan  keyin ham boshqa o'quvchilarga o'xshab  angraymas, aksincha,  o'qituvchilarning  topshirig'ini  bajarish  bilan  band.

–“9-A xonaga” – past  bo'yli  ivigan  pechyenini eslatuvchi, sap-sariq, taqirbosh  odam  o'quvchilarni  xonaga  chorladi.

    Yuziga  endigina  sabza  mo'ylov  chiqqan  yigitlar, o'zlarini  ulg'aygandek  tutib  noz-karashma  bilan  qizlar birin  ketin  sinfxonaga kirib keldi.

–Aziz  o'quvchilar, bugungi tadbir juda chiroyli o'tdi, buning uchun  sinfdoshingiz Dilnozaga alohida tashakkur bildiramiz. Sizlarga yana bir  yangiligimiiz  bor  bir  haftadan  so'ng  maktabimizda  zukko  kitobxon  tanlovi  tashkil  etiladi. Kimki  yaxshi  ishtirok  etsa  esdalik  sovg'alar  bilan  taqdirlanadi. Shu  musobaqada  bizning  sinf  ilg'or  ishtirok etishi  shart – sinf  rahbari  oxirgi  so'zlarini  urg'u  berib  gapirdi.

– Ustoz, mana Dilnozangiz borku  qayg'urmang! – orqa o'rindiqdan gap  suqdi Salim.

    Hamma  baravariga  kuldi. O'qituvchi  ularni  tinchitmoqchi  bo'lganda  uni  chaqirib  qolishdi.

–Uyalmaysilarmi  ustozni  kalaka  qilgani. Sizlarda  o'zi  ozgina  ma'suliyat  bormi?! – qoshlarini  chimirib  jahl  bilan  savol  berdi  Dilnoza.

–Sen  borsan-ku  Dilnoz, o'qituvchilarning  ishongan  o'quvchisi – yarim  hasad, yarim  havasda  luqma  tashladi  Vazira. Shovqin-suron  sinfxonada  yana  avjiga  chiqdi.

...O'quvchilar  o'z  uylariga  tarqasa  ham  Dilnoza  kutubxonada  kitob  o'qib  o'tirardi. U  boshqa o'rtoqlaridek uyiga shoshmas, yoshlikning  ana  shu  davrida faqat  o'qish  kerak  degan  g'oyani  ilgari  surardi.

–Voy  anavi  Dilnoza-mi  ertalabdan  kelgandi  haliyam  shu  yerdami?!

–Ha  u  qiz  boshqalarga  o'xshamaydi. Sinfda  ham  juda  tartibli, aqilli  qiz–orqa  o'rindiqdagi  o'qituvchilar  suhbatini  kitob o'qiyotgan  Dilnoza  ham  eshitar. Qiziq  u  shunday  so'zlarni  eshitgan  sayin  yana  tirishqoqlik  bilan  o'qirdi.

...Har  doim  katta  kelindek  o'choq  boshida  kuymalanib  yuradigan  Saida  opa  bugun  yangi ko'ylaklarini  kiydi. Axir  bugun  ellik  yetti  yoshga  to'ldi, yangi  ko'ylak  kiysa arziydigan kun-da, bu kunga yetganlar bor  yetmaganlar...ayol  marhum  erini  xotirlab  yig'lay  boshladi. O'zi  kabi  so'qqabosh  hovlida yolg'iz o'tirgan Saida  opa  biroz  o'ziga kelgach,  bugun  yig'lamaslikka  so'z  berdi. O'zi  yaxshi  ko'radigan  ovqatni  pishirdi. So'ng ko'chaga  qaray  boshladi.   

    Kechga yaqin tashvishlardan qutulib kelgan Dilnozaning yuzida horg'inlik  alomati  sezilib  turardi. Unga  hozir  bir og'iz  so'z  ham  og'irlik  qilar  aqliy  mehnatdan  charchagan  miyasi  faqat  jimlik  va  osudalikni  istardi. Unga  hozir  tinchlik  kerak  tinchlik...

    Farzandini  doimgi  qiyofada  ko'rgan  ona o'zining  tug'ilgan  kuni ekanligini  ham  unitib  qo'ydi.

–Voy  bolaginam-ey  qara  qay  ahvolga  tushibsan. Bu  turishda  ertaga  kasal  bo'lib  qolasan. O'sha  maktabingdagilar  senga  oltin  olib  beradimi, buncha  yugurasan? Mundoq  odamga  o'xshab  yashasangchi  senam?...

–Bo'ldi yetar charchadim. Gaplaringiz bo'g'zimga  keldi. Birpas  jim  bo'ling... Dilnoza  shunday  deya  xonasiga  shaxd  bilan  kirib  ketdi.

    Ona  ko'z  yoshlarini yangi  ro'molining  bir  chekkasiga  artgancha  hovlida qoldi. Bugun  ona  yig'lashni  istamagandi, chunki  uning  tug'ilgan  kuni  edi...

 


 

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring

Obuna bo`lish