Diqqat! Veb-sayt test rejimida ishlamoqda

EY TURKIY ELIM, O‘ZLIGINGGA QAYT...

18.10.2024 1064

Sherzodxon QUDRATXO‘JA, O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti rektori, professor

“Ey, turkiy elim, o‘zligingga qayt, o‘zingni angla, yanada yuksalgaysan...”. Muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning Turkiy davlatlar tashkiloti rahbarlari sammitida ta’kidlagan ushbu so‘zlari bugun har bir Turon farzandi qalbida yangramoqda, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Negaki, asrlar davomida bir-biriga og‘a-ini, aka-uka, qardosh bo‘lgan xalqlar go‘yoki et bilan tirnoq kabidir. Ularni ajratmoqchi, bir-biriga qarshi qayramoqchi bo‘lgan kuchlar qariyb 150 yillik o‘ta og‘ir va tahlikali davrda qay darajada bo‘lsin buni uddalashdi ham. Hatto Buyuk osiyo xalqlari bo‘lgan turkiylarni o‘rta darajadagi osiyoliklar deya, kamsitgandek, O‘rta Osiyo nomini ham qon-qonimizga singdirishga harakatlar qilindi.

Biz buyuk millat vakillari, buyuk xalq deya o‘zimizni e'tirof etishnida unutishga borib qoldik. Aslida bu kabi siyosiy o‘yinlar buyuk millatlarni maydalashtirish, ularni “bo‘lib tashla, hukmronlik qil” aqidasi asosida chegaralash, bu chegaralar ortidagilarni esa bir-biriga dushman sifatida ko‘rsatish orqali xalqlarni bir-biriga qayrash kimlargadir kerak bo‘lganligini bugungi hayotning o‘zi ko‘rsatib turibdi.

Bugun zamon va makon chegaralaridan chiqib ketayotgan axborot asrida insonlar ongini mazmunli kontent bilan to‘ldirish, axborotlar ulashish tili va ko‘lamini kengaytirish, har qanday vaziyatda ham bir-birini qo‘llab-quvvatlash, munosib birodarlik ko‘rsatish albatta, suv va havodek zarur. Ayniqsa dunyoning yuzlab nuqtalarida qonli to‘qnashuvlar bo‘lib turganda, siyosiy va geosiyosiy kurashlar tahdid solayotganda, birodarkushlik avj olayotgan mahalda, do‘st kim, dushman kim bilib bo‘lmaydigan taloto‘pda bir tilda so‘zlashuvchi bir millat vakillarini bir joyga to‘plash, bir tilda so‘zlashishni taklif etish, bir-birini tarjimonsiz yoki uchinchi bir shaxsning aralashuvisiz anglash, tushunish, bemalol so‘zlashish imkoniyatini beruvchi Turkiy tilli xalqlar alifbosining yaratilishini vaziyat “tug‘ib” bergan noyob imkoniyat deb bilish, eng a’lo ta’rif bo‘lar edi. Bu imkoniyat 150 yillik dunyosizlik davrida, vatanda turib vatansizlik davrida, xalqi uchun yig‘laganlarning xalq dushmani degan tamg‘a olgan davrida, bir so‘z bilan aytganda millionlab turkiylarning, jadidlarning, yangi o‘zbeklarning eng oliy maqsadi ro‘yobi desak, ayni haqiqatni aytgan bo‘lamiz.

Mintaqaviy Turkiy akademiya va Turkiya tilshunoslik jamiyati tomonidan 9–11-sentyabr kunlari Boku shahrida tashkil etilgan Umumturkiy alifbo komissiyasining uchinchi sessiyasi muvaffaqiyatli yakunlandi. Yig‘ilishda 1991-yilda olimlar tomonidan taklif etilgan lotin yozuvi asosidagi umumturkiy alifbo loyihasi atroflicha muhokama qilindi. Komissiya a’zolari keng munozara yuritib, loyihada e'tibor qaratilishi lozim bo‘lgan jihatlarni belgilab oldilar. Alifbodagi har bir harf turkiy tillarda mavjud bo‘lgan turli fonemalarni ifodalashiga alohida e'tibor qaratildi. Muhokamalar yakuniga ko‘ra 34 harfdan iborat umumturkiy alifbo bo‘yicha umumiy kelishuvga erishildi.

Albattab bu birlashuv, bu tillashuv, bu so‘zlashuv va uning asosi bo‘layotgan o‘rtoq alifboning yaratilishi qanchalik mashaqqatu fursatni kutgan bo‘lsab uning hayotbaxshligi ham shu qadar qiyinchilikdan xoli bo‘lmasligi aniq. Bu alifboning real hayotga kirib borishi, uning barcha turkiy xalqlar mazillarida munosib kutib olinishi, maydalashib ketgan buyuk Turon millatlarini birlashtirishi, aminmanki, ancha-muncha qarshiliklarsiz bo‘lmaydi. Lekin ishonch, iroda va albatta, kuchli istak bu kabi qiyinchiliklarni bartaraf etib boraveradi.

Biz yuqorida ta’kilaganimiz ming yillar ilgari ham bir bo‘lgan bir millat vakillarini bir tilda so‘zlashishga qaytarish, turkiylikka qaytarish g‘oyasi bugun davlatlarni birlashtirishi, chegaralarni ochib yuborishi, bir hujjat, bir til, bir makon g‘oyalarini o‘zida mujassam etishi bilan qimmatlidir. Oxirgi yillarda tili yaqinning – dili yaqin bo‘lishi, tillasha oladiganlar, albatta, dillasha olishi mumkinligini ko‘rmoqdamiz, kuzatmoqdamiz.

100 yil oldin jadidlarimiz bir edi, otalarimiz, onalarimiz bir edi, bir tilda gaplasha olishardi. Biz ana shu rishta qayta bog‘lanishini istayapmiz. Bir tilda so‘zlashaylik, agar shunday qilsak tadbirkorlarimiz, diplomatlarimiz, davlat rahbaridan tortib oddiy xalqning umumiy tili bitta bo‘lar edi, degan g‘oya ilgari surilyapti. Bu yerda na Turkiyaning, na Ozarbayjonning, na turkman, na qozoq, na qirg‘iz va na o‘zbekning shaxsiy manfaati bor. Bu yerdagi manfaat umumiydir. Umummillat manfaati uchun qilingan bu kabi say'-harakatni har bir millat vakillaridan qo‘llab-quvvatlashlarini so‘ragan bo‘lardim. Agar biz bir bo‘lsak, bir millat sifatida birlashsak, bir tug‘ ostida kengasha olsak, bir alifbo asosida bir tilda tillasha olsak, dillashish ham biz uchun oson bo‘ladi. Bu dillashish har birimiz istiqomat qilib turgan davlatga, makonga ham iqtisodiy, ham siyosiy, ham ma’naviy, ham ijtimoiy jihatdan juda katta foyda keltirishi aniq. Bu dillashish hududlarimizdagi inratuzilmani yaxshilashga, aholi salomatligini tiklashga, chekka-chekka hududlardagi ijtimoiy ahvolni ham yaxshilashga yordam beradi. Bu yaqinlashish ilm-fan vakillarimizning bir tilli bo‘lishiga, dunyoda erishilayotgan ilmiy yutuqlar tezroq joriy etilishiga, xalqlarimiz hayoti farovon bo‘lishiga eng katta tartki va sabab bo‘ladi.

Bugun davlat rahbarlari birlashish uchun qat'iy ishonch, o‘zaro hurmat va  jur'at bilan qadam tashladilar. Olimlarimiz, ilm ahlimiz matonat ko‘rsatib, barcha millatlar alifbosidan bir shingildan olib, barchamiz uchun tushunarli bo‘lgan yagona alifbo yaratdilar. Endi navbat sizu bizga, ey turkim, ey ozarim, ey turkmanim, ey qozog‘im, ey qirg‘izim, ey o‘zbegim bir til va bir alifbo masalasini qo‘llab-quvvatlang. Bu alifboni o‘rganing va o‘rgating. Agar o‘rtoq alifbomizni tezroq o‘rgansak, uni hayotimizning bir bo‘lagiga aylantirsak, bilingkib bu foydadan boshqa narsa bo‘lmaydi. Buni majburlov emas, balki chorlov deb qabul qilishingizni istardim.

Tili boshqa – dili boshqa, bo‘lgan tillarni o‘rganishga ham yillab umrimizni, vaqtimizni, naqdimizni ketkazib turgan bir vaqtda, tili ham, dili ham yaqin bo‘lgan o‘rtoq alifbomizni o‘rgansak, bilsak, tillasha olsak, birgina turizmda 4,2 million kvadrat kilometr maydonga ega bo‘lgan bu bepoyon mazillar bo‘ylab 170 milliondan ortiq aholi tarjimonsiz sayohat qilishi mumkin.

Bugun o‘zbek jamoatchiligi orasida bu qarordan hayron bo‘layotgan, to‘g‘rirog‘i, ensasini qotirayotganlar ham yo‘q emas. Mustaqillik yillarida lotiz yozuviga asoslangan o‘z alifbomizdagi belgilarni hazm qila olmay, bir to‘xtamga kelolmay turgan vaziyatda endi bu alifboni qanday tushunamizu, qanday o‘rganamiz, degan savollar ijtimoiy tarmoqlarda paydo bo‘lmoqda. Bu kabi savollar bo‘lmasligi uchun olimlarimiz, tilshunoslarimiz Turkiy tilli davlatlar tomonidan tasdiqlangani kabi o‘z alifbomizning ham oxirgi shaklini tez va aniq ko‘rinishda taqdim etishlari lozim. Bugun turli alifbodagi yot so‘zlarni, harflarni o‘rganayotgan dono xalqimiz, yoshlarimiz o‘ylaymizki, tili va dili yaqin bo‘lgan mazkur tugal alifboni o‘rganishlarida muammoga duch kelmaydi.

Umumturkiy alifbo yaratilishi bilan bu tilda birinchi bo‘lib tilchilar, adabiyotshunoslar, diplomatlar, siyosatshunoslar so‘zlasha boshlashadi. Dastlab alifbo yaratildi, keyinchalik so‘z lug‘ati yaratiladi va ilmiy qo‘llanmalar yoziladi.  Bu esa buyuk Turon xalqlarini birlashtiruvchi eng optimal vosita bo‘lgan ilmiy loyihalar, ilmiy bahslar, ilm va ma’rifat asos bo‘lgan davralardan keng tarqaladi. Ana shunday davralarda bu alifbomizni piramida shaklda o‘sishiga omil bo‘luvchi mazmunli suhbatlarni ilmiy nazariyalarni, siyosiy brifinglarni, ma’rifiy tadbirlarni mazmunli kontent asosida tashkil etsak, bu kontentlarimiz sof turkiy alifbo asosida namoyish etilsa, albatta ijobiy natija tez kunda ko‘rinadi. Turkiy dunyo diosparasida alifboning targ‘ibotini har bir reklama roligiyu banneridan tortib, siyosiy, iqtisodiy, madaniy va hatto maishiy hayotning ham barcha jabhalarida aks etishini ta’minlash lozim.

Kirill alifbosiga o‘tish, o‘qish, yozish olti oyda amalga oshgan bo‘lsa turkiy alifboga o‘tishimiz undan-da tez fursatda bo‘lishiga ishonaman. Negaki, bugungi targ‘ibot vositasi o‘tgan asrdan ko‘ra aqlga sig‘mas darajada keng va katta. Faqat turkiy dunyoning rahbarlaridan tortib oddiy insonlarigacha ushbu alifbo tarqalishi, o‘rganilishi va o‘rgatilishi uchun kuchli istak va metin iroda bo‘lsa yetarli.

Muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev turkiy xalqlarni o‘zligiga qaytarishi, o‘zini anglashi va yuksalishi lozimligini ta’kidladi. Ma’lumki, barcha sohalardagi o‘zgarishlar, albatta, o‘zlikni anglash va o‘zlikka qaytish bilan bo‘ladi. Qaysi millat o‘zligini unutsa, o‘z qadriyatini mensimasa, o‘z ota-onasi nasihatini tinglamasa, asli kim ediyu, kim bo‘lgani bilan qiziqmasa, shubhasiz bunday yurt zalolatga yuz tutadi. Unday yurtda na o‘zgarish va na yuksalish bo‘ladi. Umumturkiy alifbodan asosiy ko‘zlangan maqsad turkiy elni o‘zligiga qaytarish, o‘zini anglatish va shu asosda yuksaltirishdan iborat: “Ey turkiy elim, o‘zligingga qayt, o‘zingni angla, yanada yuksalgaysan”...

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring

Obuna bo`lish