Diqqat! Veb-sayt test rejimida ishlamoqda

Tuz iste’molini cheklash taklif qilinmoqda. Nima uchun?

23.5.2024 99

Yoshlar ovozi

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) tayyor ovqatlar, jumladan, jamoat joylarida sotiladigan oziq-ovqat mahsulotlarida tuzdan foydalanishga majburiy cheklovlar joriy etishga chaqirdi. 

                               

 Kuniga bir choy qoshiqdan ortiq tuz iste’mol qilmang

O’tgan 2023-yili Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) tuz iste’molini kamaytirish zarurligi haqidagi birinchi global hisobotni e’lon qildi. Dunyodagi davlatlarning atigi 5 foizi bunga amal qilishi aytilgan. Dunyoda bir kishi kuniga o‘rtacha 10,8 gramm tuz iste’mol qiladi. Bu me’yordagi kunlik 5 gramm tuzdan (bir choy qoshiq) ikki baravar ko‘pdir.

“Hisobot shuni ko‘rsatadiki, aksariyat mamlakatlar natriy iste’molini kamaytirish bo‘yicha majburiy choralar ko‘rmagan, bu esa aholi orasida yurak xuruji, insult va boshqa muammolarni keltirib chiqarishi mumkin”, — deydi JSST.

                                     

Kuniga 10ming kishi vafot etadi

JSST ekspertlari tuzni haddan tashqari ko‘p iste’mol qilish gipertoniya va boshqa yurak-qon tomir kasalliklarining rivojlanishiga olib kelishini aytmoqda. Bu kasalliklardan har kuni dunyoda 10 ming kishi vafot etadi. Ular orasida erkaklar ulushi ayollarga qaraganda 2,5 marta ko‘p.

Bundan tashqari, Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyoda 30 yoshdan 69 yoshgacha bo‘lgan yurak-qon tomir kasalliklaridan o‘lish ehtimoli Gʻarbiy Yevropaga qaraganda deyarli 5 baravar yuqori. Gipertoniya Yevropa mintaqasida barcha o‘limlarning deyarli to‘rtdan bir qismini va nogironlarning 13 foizini tashkil qiladi.

Aksariyat yevropaliklar ko‘p tuz iste’mol qiladi va 30-79 yoshdagi har uchinchi odam gipertoniyadan aziyat chekadi. Organizmda ko‘p miqdordagi tuz yuqori qon bosimini keltirib chiqaradi, bu esa o‘z navbatida yurak-qon tomir kasalliklariga sabab bo‘ladi.

900ming kishi hayotini saqlab qolish mumkin

Ko‘cha ovqatlari va yarim tayyor oziq-ovqatlar tuzni haddan tashqari ko‘p iste’mol qilishning asosiy sababi hisoblanadi, — deya ogohlantiradi JSST tadqiqotchilari. Demak, yarim tayyor ovqatlardan vos kechish vaqti keldi.

Tashkilot mutaxassislari kuniga 5 grammdan ko‘p bo‘lmagan tuz iste’mol qilishni tavsiya etadi. Jamoat joylarida sotiladigan ovqatlarda tuzdan foydalanishni majburiy cheklashga chaqiradi. JSST hisob-kitoblariga ko‘ra, tuz iste’molini 25 foizga kamaytirish siyosati 2030-yilga borib 900 ming kishining hayotini saqlab qolishi mumkin.

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring

Obuna bo`lish