Diqqat! Veb-sayt test rejimida ishlamoqda

U

9.7.2024 315

Gulruh MARKAYEVA

Xonimlar va janoblar, qarshi oling: “U”.

U Ali. 5 yoshda. Bog‘chaga borishni yomon ko‘radi, o‘yinchoqlaridan tez zerikadi, tezroq katta bo‘lsa-yu akasi Doniyorga o‘xshab maktabga borib, matematik mashqlarni bajarsa.

U Doniyor. 13 yoshda. Maktabdan nafratlanadi. Telefon o‘yinlarini sevadi, qani endi maktabi yopilib ketsa-da, tinmay telefon o‘ynasa, xuddi akasi Sarvarga o‘xshab.

U Sarvar. 19 yoshda. O‘qishga shu yil ham kira olmaganidan alami kelib, kompyuter va telefon o‘yinlariga berilib ketdi. Marjonani sevib qolgan yoki shunchaki unga tuni bilan uxlamay xabar yozib chiqishni yaxshi ko‘radi.

U Marjona. 18 yoshda. Shu yil o‘qishga kirdi. Lekin universitet u kutganidek joy emasligini anglaganidan beri tezroq ishga kirib, pul topib, “hobby”lariga ko‘proq vaqt ajratishni istaydi. Xuddi opasi Hilola kabi.

U  Hilola. 25 yoshda. Hamshira. Kasalxonada ishlashdan zavqlansa-da, ba’zan ota-onasi, uka-singillariga deyarli vaqt ajrata olmaydi, o‘zini doim horg‘in, tushkun his qiladi. Odamlar undan faqat to‘y haqida so‘raydi. Lekin u hali turmush qurish niyatida emas, onasining qon bosimi o‘ynaydi, endi uning rayiga qaramasdan turmushga berisharmish. Hilola esa faqat erkin bo‘lgisi keladi, Anora xolasiga o‘xshab.

U Anora. 32 yoshda. O‘z biznesi, alohida uyi va chiroyli mashinasi bor mustaqil ayol. Turmush qurmagan. Ha, o‘zini baxtli, lekin yolg‘iz his qiladi. Mahalladagi xotinlar unga doim o‘qrayib qaraydi. “Bir balosi bor”mish. Anora parvo qilmay deydi-yu, lekin u odamlardan to‘yib ketgan. Chet eldagi sinfdosh do‘sti Bahodir kabi.

U Bahodir 32 yoshda. Biznesmen. Yevropada yashaydi, o‘sha yerda bir qizni sevib qolib, unga uylandi va bitta shirin qizalog‘i bor. U baxtli, erkin. Lekin o‘zini ota-onasi oldida doim aybdor his qiladi. Kenja farzand bo‘la turib, keksa ota-onasini opalariga tashlab ketganini o‘ylab qiynaladi, lekin qaytgisi kelmaydi. Otasi Rahim boboni ko‘p eslab, sog‘inadi.

U Rahim bobo 68 yoshda. Mehribon ota, bobo, kasbining ustasi, mohir duradgor. U yasagan eshiklar, beshiklar odamlarning ko‘nglidan joy olgan doim. 68 yoshda bo‘lsa ham, bobo velosipedda yuradi, bir umrlik orzusi “mashina olish” bo‘lgan. Lekin bolalarini o‘qitib, uyli-joyli qilib, nevaralariga to‘y qilib, o‘ziga kalish ham olmagan. U hayotidan rozi, lekin qani endi hammasini qaytadan yashay olsa, qani yana 5 yoshli bola bo‘la olsa-da, dardsiz, anduhsiz, g‘uborsiz hayotda qayta yashasa. Ha, u o‘z nabirasi Aliga qarab turib, unga havas qiladi...

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring

Obuna bo`lish