Diqqat! Veb-sayt test rejimida ishlamoqda

UCh MАNZILGА SАYOHАT

9.5.2023 621

Sabina АHMАDJONOVА, Yashnobod tumanidagi 230-maktab “Yosh qalamkash” toʼgaragi aʼzosi

Yashnobod tumanidagi 230-umumtaʼlim maktabida oʼquvchilarni poytaxtimizning madaniyat va sanʼat maskanlariga, diqqatga sazovor joylariga, mustaqillik yillarida bunyod etilgan inshootlarga olib borish doimiy anʼanga aylanib bormoqda.
2022-2023 oʼquv yili poyoniga yetib borayotgan bir pallada maktabimizning 4-,5-,6-sinf oʼquvchilari avtobusga oʼtirib, sinf rahbarlari boshchiligida Toshkent shahri boʼylab sayohatga yoʼl oldilar. “Chorsu” bozori biqinida joylashgan Oʼzbekiston tabiat muzeyiga kirishimiz bilan biz moʼʼjizalar olamiga tushib qolgandek boʼldik. Muzey eksponatlari shu qadar rang-barang ediki, jonsiz boʼlsa-da, xuddi tabiatning tirik mavjudotlariga duch kelgandek hayratda qoldik.
Bu yerda biz mamlakatimiz fauna olami vakillari – yirtqich hayvonlar, parrandalar, qushlar, sudralib yuruvchilar va sut emizuvchilarning qotirilgan yaʼni tulum shaklini diqqat bilan koʼzdan kechirdik. Vitrinada saqlanayotgan ikki boshli qoʼzichoq va buzoqcha tashrif buyurgan barcha tengdoshlarim qatori meni ham ajablantirdi. Har bir vitrinadagi eksponat – yoʼlbars, toʼngʼiz, burgut, boʼri kabi yirtqichlar, boshqa turdagi hayvon, parrandalarni koʼrganda, goʼyoki tirik jonzotni koʼrgandek hayajonga tushdik.
Аytishlaricha, bu maskan 1876 yilning iyulь oyida ochilgan ekan. Shundan buyon u uch marta oʼz joyini oʼzgartirgan. Muzey xodimlari u joydan bu joyga koʼchish natijasida eksponatlar urinib, shikastlanib qolganini taʼkidlashadi.
"Navruz” bogiga qadam ranjida etishimiz bilan koʼz oʼngimizda xalqimizning koʼp asrlik milliy qadriyatlari namoyon boʼldi. Hunarmandlik buyumlari, milliy taomlar, sof oʼzbekona ruhda yasatilgan bogʼ haqiqatan ham biz oʼquvchilarni oʼziga rom etdi. Zamonaviy attraktsion, karusel va boshqa koʼngilochar vositalar bizni oʼziga chorladi.
Nihoyat, soʼnggi manzil – Mustakillik maydonida bunyod etilgan Xotira maydoni, “Motamsaro ona” haykali qarshisida bir daqiqa sukut saqlab, Ikkinchi jahon urushida halok boʼlgan ota-bobolarimiz haqiga hurmat bajo keltirdik.
Sayohat – tanga rohat, deydilar. Bir kunlik sayohat bizga qanchadan-qancha taassurot berdi? Sinf rahbarlarimiz bunday tadbirlarni tez-tez oʼtkazib turishga vaʼda berdilar.

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring

Obuna bo`lish